Bizning davrimizda mualliflik maktabi ruhi O’zbekiston ta`limi uchun me’yoriy xususiyat bo’lib qoldi. Bu fikrni siz qanday tahlil qilasiz va ushbu maktab bo’yicha qaysi mualliflarni bilasiz?
Beruniy, Ibn Sino o’z ilmiy faoliyatida qanday diniy dunyoqarashlarni ilgari surganlar?
O’rta Osiyoda yaratgan birinchi mualliflik maktablari ta’limida “innovatorlar”, innovatsiyalashgan maktablarini izohlab bering.
III BOB. BOSHLANG‘ICH TA’LIMNI INTEGRATSIYALASH ASOSLARI.
Novatorlik – bu umumiy muammolarni ularning o’ziga xos еchimlari bilan o’z ichiga qamrab oladigan va pedagogik amaliyotga kiritadigan tafakkurning alohida bir turidir. Ijodning bu bosqichi istalgan pedagog uchun ochiq bo’lsa ham, har qanday pedagog ham bu bosqichga ko’tarilavermaydi.
Innovatsionpedagogika– hukmron nazariya, nazariy va amaliy muammolarni еchish asos etib olingan. Innovatorlar fikricha, odatdagi mumtoz pedagogik nazariyalar eskirib qolgan, yangi sharoitda hozirgi avlodni bu yo‘l bilan tarbiyalash mumkin emas. Bu vaziyatda innovatsiya juda muhimdir.
Pedagogikada innovatsiya, innovatsion faoliyat, innovatsion pedagogika, ta’limda innovatsion jarayonlarni boshqarish kabi tushunchalar XX asrning 60- yillarida dastlab, AQSh va g’arbiy Yevropa mamlakatlarida “ta’lim texnologiyasi” tushunchasi e`tirof etilgan vaqtda paydo bo’ldi. O’sha vaqtdayoq Yevropada pedagogik innovatsiyalar markazi va instituti tashkil etildi. Bu tushunchalarning paydo bo’lishi va innovatsion ta`lim nazariyasining yaratilishi to’g’risida ma’lumot beruvchi manbalar tahlili shuni ko’rsatadiki, bu tushunchalar ta’lim tizimini texnologiyalashtirish, pedagogik texnologiyalarni ta’lim tizimiga kiritish orqali ta’lim tizimini isloh qilish, ta’lim samaradorligini oshirish, shaxs ijtimoiylashuvini ta`minlash, bu borada muayyan muvaffaqiyatlarga erishish uchun ta’lim jarayonida bolaga do’stona munosabatlarni shakllantirishga urinish natijasida vujudga keldi. Olib borilgan ilmiy izlanishlar natijasida o’tgan asrning 80-yillari ikkinchi yarmida pedagogik faoliyat bu – ijodiy jarayon va pedagogik innovatsiyalar birlashmasi, degan yangi ilmiy yo’nalish tarkib topdi. Bu esa o’qituvchining innovatsion pedagogik faoliyatining shakllanishi va rivojlanish jarayonini tahlil qilish imkonini berdi.
O’qituvchi innovatsion faoliyatining umumiy va alohida jihatlarini K.Angelovskiy, G.I.Gorskaya, V.A.Kan-Kalik, S.L.Kuzmina, V.A.Slastenin, L.M.Fridman kabi olimlar o’zlarining ilmiy tadqiqot ishlarida yoritib berdilar. Mamlakatimizda pedagogik innovatsiyani rivojlantirish muammolari ustida pedagog olimlardan N.Azizxo’jaeva, B.Farberman, R.Mavlonova, U.Nishonaliyev, N.Sayidahmedov, M.Ochilovlar ilmiy izlanishlar olib bormoqdalar.
Innovatsiyalar dolzarb muhim ahamiyatga ega bo’lib, bir tizimda shakllangan yangicha yondashuvlardir. Ular tashabbuslar va yangiliklar asosida tug’ilib, ta’lim mazmunini rivojlantirish uchun istiqbolli bo’ladi, shuningdek, umuman ta’lim tizimi rivojiga ijobiy ta’sir ko’rsatadi. Innovatsiya – ma’lum bir faoliyat maydonidagi yoki ishlab chiqarishdagi texnologiya, shakl va metodlar, muammoni еchish uchun yangicha yondashuv yoki yangi texnologik jarayonni qo’llash, oldingidan ancha muvaffaqiyatga erishishga olib kelishi ma`lum bo’lgan oxirgi natijadir.
Bugun ta’lim tizimidagi innovatsiyalarni quyidagicha tasniflash ma`qullanmoqda:
Faoliyat yo’nalishiga qarab (pedagogik jarayondagi, boshqaruvdagi).
Kiritilgan o’zgarishlarning tavsifiga ko’ra (radikal, modifikatsiyalangan, kombinatsiyalangan).
O’zgarishlar ko’lamiga ko’ra (lokal, modulli, tizimli).
Kelib chiqish manbaiga ko’ra (shu jamoa uchun ichki yoki tashqaridan olingan).