16
Hozirgi o‘zbek tilida grammatik kategoriyaga munosabatiga ko‘ra so‘zning
grammatik shakllari ikki turga bo‘linadi: 1) kategorial shakllar; 2) nokategorial
shakllar. Kategorial shakllar ma’lum bir so‘z turkumiga xos grammatik shakllar
sistemasiga birlashuvchi, demak, grammatik kategoriya hosil qiluvchi shakllardir:
otlardagi grammatik son, egalik va kelishik shakllari, fe’llardagi zamon, shaxs-son
shakllari: -im, -ing, -i; -ning, -ni, -ga kabi. Nokategorial shakllar ham ma’lum
grammatik ma’noni anglatadi, ammo bir sistemaga birlashmaydi, ma’lum darajada
mustaqillikka ega bo‘ladi.Otlardagi kichraytirish va erkalash shakllari, fe’llarning
vazifa shakllari kabilar nokategorial shakllarga kiradi: -cha, -aloq, -xon, -gan, -
(i)sh, -(i)b kabi. Grammatik kategoriyalarni quyidagi shakllar tizimi hosil qila oladi:
1. Otlarda: son, egalik, kelishik va kesimlik shakllari. 2. Sifatlarda: daraja shakllari.
3. Ravishlarda: qisman daraja shakllari. 4. Fe’llarda: zamon, shaxs-son, mayl,
nisbat (daraja), bo‘lishli-bo‘lishsizlik shakllari. Grammatik kategoriya sintaktik
munosabat ifodalash yoki ifodalamasligiga ko‘ra morfologik kategoriya va
sintaktik kategoriya kabi turlarga bo‘linadi. Morfologik kategoriya so‘zlarning turli
morfologik ma’nolarini ifodalovchi grammatik ma’no va shaklning birligidir.
Masalan, otlardagi son (birlik va ko‘plik), sifatlardagi daraja kategoriyasi,
fe’llardagi bo‘lishli-bo‘lishsizlik kategoriyasi, nisbat kategoriyasi va boshqalar
morfologik kategoriyalar hisoblanadi. Sintaktik kategoriya so‘zlarning sintaktik
munosabatini ifodalash uchun xizmat qiladigan shakl va ma’no birligidir. Otlardagi
kelishik, egalik, kesimlik shakllari, fe’llardagi zamon, shaxs-son va mayl
kategoriyalari sintaktik kategoriyalar hisoblanadi.
Dostları ilə paylaş: