224
10.4. Xayol va tasavvurning o‘zaro aloqadorligi. Xayolning muhim
fenomenlari
Xayolning bilish jarayoni sifatidagi asosiy vazifasi shundan iboratki, u amaliy
faoliyat boshlanmasdan turib, uning mahsulini oldindan tasavvur qilish va ularning
timsollar tariqasida vujudga keltirishdan iboratdir. Inson shaxsiy faoliyatida ayrim
qiyinchiliklar
vujudga kelsa, ularni bartaraf qilish uchun odam o‘ylanadi, fikriy
obrazlarni yaratadi, ularga yangi qo‘shimchalar kiritadi, xullas mahsulotning sifatli
chiqishini, uning buyum tariqasida namoyon bo‘lishini xayol uzluksiz ravishda
ta’minlab turadi. Aytaylik, inson stul yasamoqchi bo‘lsa, u eng avval unga oid
qismlarni
tayyorlaydi, shaxs xayolan uning sifatiga e’tibor beradi, keyin ularni
yaxlitlaydi, o‘zaro birlashtiradi hamda buyum shaklida gavdalantiradi. Binobarin,
xayol ishning har bir bosqichida bevosita ishtirok qiladi, yo‘l-yo‘lakay
ko‘rsatmalar, qo‘shimchalar kiritib boradi.
Xayol bilish jarayonlari bilan uzviy aloqada hukm suradi,
ularni aks ettirish
imkoniyatining to‘laroq ro‘yobga chiqishiga yordam beradi. Ayniqsa, u tafakkur
bilan bevosita aloqada bo‘ladi, xuddi shu boisdan ularning har ikkalasi ham
bashorat qilish, oldindan payqash, sezish, istiqbol rejasini tuzish imkoniyatiga ega.
Shuning uchun ular o‘rtasida bir qator o‘xshashliklar va ayrim farqlar mavjuddir.
Bu holat quyidagilarda o‘z ifodasini topadi: 1) xayol tafakkur singari muammoli
vaziyatda, masala va topshiriqlar yechish jarayonida tug‘iladi; 2) yangi yechim,
usul, vosita qidirishda va ularni saralashda umumiylik mavjud; 3) xayolning ham,
tafakkurning ham paydo bo‘lishi shaxsning ehtiyojlariga bevosita bog‘liq; 4)
ehtiyojlarni qondirishning dastlab
xayoliy obrazlari yaratiladi, uning natijasida
vaziyatni yorqin tasavvur qilish imkoni tug‘iladi; 5) xayolda oldindan aks ettirish
jonli tasavvurlar tarzida, yaqqol timsollar shaklida vujudga kelsa,
tafakkurda ular
umumlashmalar, tushunchalar bilvositalik xususiyati orqali ro‘yobga chiqadi.
Shuni alohida ta’kidlash joizki, muammoli vaziyatda aql faoliyati natijalari
ong nazoratidagi obrazlar, tasavvurlar hamda tushunchalar tizimida ifodalanadi.
Obrazlar va tasvirlar tanlash (saralash) xayolning funksiyasi orqali, tushunchalar
va ularning yangilik alomatlari esa tafakkur yordamida ro‘yobga chiqadi.
225
Tasavvurlar bilan tushunchalarning o‘zaro uyg‘unlashuvi
ikkita ijodiy xususiyatli
bilish jarayonlarining hamkorlikdagi ijodiy faoliyatida bir davrning o‘zida
qatnashishni bildiradi. Faoliyatning tarkibiy qismlari ularning qanday amalga
oshirilishi to‘g‘risidagi yaqqol obrazlarni uzviy bog‘lanib ketgan fikriy
mulohazalarning qo‘shilishi tufayli harakatchanlik imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Xayol jarayoni tafakkurdan farqli o‘laroq muammoli vaziyatning
ma’lumotlari qanchalik noaniq bo‘lsa, shunchalik tasavvur obrazlari yaralishi
uchun qulay imkoniyat tug‘iladi, uning mexanizmlari tezkorlikda ishga tushadi.
Masalan, yozuvchining xayoli asar qahramonlarining taqdiri bilan uzviy bog‘liq
bo‘lib,
konstruktor, muhandis, me’mor kabi mutaxassislarga qaraganda nihoyat
darajada katta noaniqliklarga ega, voqelikdan tubdan uzoq fantaziya olamida
obrazlar, chizg‘ilar, badiiy to‘qimalar yaratadi. Ma’lumki,
aniq dunyoviy
fanlarning qonuniyatlariga qaraganda insonning psixikasi, uning xatti-harakatlari
qonuniyatlari murakkab va yetarli darajada ma’lumotlarga ega emas. Xuddi shu
boisdan bosh miya katta yarim sharlari funksiyasining qariyb uchdan bir qismini
ilmiy dalillar asosida tushuntirib bera olishimiz mumkin, xolos.
Muammoli vaziyat o‘zining xususiyatiga ko‘ra bir davrning o‘zida ham
xayolning, ham tafakkurning ishtirok etishini taqozo qiladi. Agarda muammoning
yechimi, masalaning sharti aniq bo‘lsa, bu holda tafakkurning ishtiroki ustuvorlik
qiladi, mabodo noma’lumliklarning miqsori ko‘payib ketsa, u taqdirda xayol yoki
fantaziya yetakchi rol o‘ynay boshlaydi. Muammo
yechimining turli usullari,
ularning invariantlari, muayyan qonunlari, qoidalari ta’riflari mavjud bo‘lgan
taqdirda faoliyat tafakkur yordami bilan amalga oshiriladi.
Dostları ilə paylaş: