Etika — axloq falsafasi, insoniyatning axloqiy tamoyillari, talab va tartib-qoidalari to’g’risidagi fan.
Estetika — nafosat falsafasi, jamiyat va inson hayotida go’zallikning o’rni, qonun-qoidalari to’g’risidagi qarashlar majmui.
Bundan tashqari, inson falsafasi (antropologiya), ijtimoiy falsafa, tabiat falsafasi, madaniyat falsafasi
(kulturologiya), san’at falsafasi, mafkura falsafasi (ideologiya), din falsafasi (teologiya), siyosat falsafasi (politologiya),
huquq falsafasi, texnika falsafasi kabi sohalar ham mavjudki, ular bir so’z bilan ijtimoiy-falsafiy fanlar tizimi deyiladi.
Ikkinchi xil klassifikatsiya falsafiy fanlar tasnifida olam va odam, borliqning asosi bilan bog’liq masalalar qanday
usulda hal qilinishiga qarab belgilanadi. Bunday tasniflash natijasida monizm, dualizm, plyuralizm, materializm,
idealizi, teizm, ateizm kabi ko’plab yo’nalishlar ko’zga tashlanadi. Falsafani o’rganish jarayonida bu tushunchalarga
hali ko’p duch kelamiz va o’rni kelganda ularga zarur izoh va ta’rif berishga harakat qilamiz.
Bu tizimda
falsafa tarixi bilimning muhim tarmog’i hisoblanadi. Bunda tadrijiy taraqqiyot tamoyili asosida falsafiy tizimlar
o’rtasidagi tarixiy izchillikka tayaniladi. Mazkur qo’llanmada falsafa tarixi ana shunday tamoyil asosida o’rganilgan.
Falsafiy bilimlar tizimining o’zgarishi va mazmunan boyib borishi ob’ektiv ijtimoiy-tarixiy jarayon mahsuli bo’lib,
u jamiyatning rivojlanish darajasiga mos keladi va uni o’zida ifoda etadi. Falsafiy bilimlar tizimidagi alohida yo’nalish
har bir tarixiy davrda o’ziga xos qonuniyatlar asosida rivojlansa ham, ularning umumiy tamoyillari mavjud. Ya’ni,
birinchidan, har bir falsafiy bilim yo’nalishi jamiyat rivojlanishida o’ziga xos determinant (sabab) vazifasini bajaradi.
Ikkinchidan, falsafiy bilimlar jamiyat taraqqiyotiga ta’sir qiluvchi sub’ektiv omil bo’lsa ham, vujudga kelish asosi -
genezisi nuqtai nazaridan ob’ektiv hodisadir. Uchinchidan, falsafiy bilim yo’nalishlarining o’zaro bog’liqlik,
aloqadorlik munosabati, ularning dunyoni bilishdagi yaxlitligini ta’minlaydi.