Agrosanoat birlashmalari bir turdagi mahsulot ishlab chiqaruvchi
va unga bog‗liq ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‗ullanuvchi bir
necha xo‗jalik hamda korxonalarning birlashmasidir.
Agrosanoat kombinatlari qishloq xo‗jalik mahsulotlarini yetishtirish,
qayta ishlash va iste‘molchilarga yetkazib berishgacha barcha texnologik
jarayonga xizmat qiluvchi xo‗jalik va korxonalarning ma‘lum bir
hududida birlashuvidir. Agrobiznes turiga ko‗ngilli va paychilik
mablag‗lari asosida tashkil qilingan turli xil uyushma va ittifoqlarni ham
kiritish mumkin.
Ishlab chiqarish xarajatlari deganda tovar va xizmatlarni ishlab
chiqarish va iste‘molchilarga yetkazib berishga qilinadigan barcha
sarflar tushuniladi. Ishlab chiqarish sarf-xarajatlari tarkibiga xomashyo,
asosiy va yordamchi materiallar, yonilg‗i va energiya uchun qilingan
xarajatlar, asosiy kapital amortizatsiyasi, ish haqi va ijtimoiy sug‗urtaga
ajratmalari, foiz to‗lovlari va boshqa xarajatlar kiradi. Ishlab chiqarishga
qilingan barcha sarf-xarajatlarning puldagi ifodasi mahsulot tannarxini
tashkil qiladi.
Ishlab chiqarish xarajatlarini ikkiga bo‗lib o‗rganish mumkin:
bevosita ishlab chiqarish xarajatlari va muomala xarajatlari. Tovar
birligining qiymatida ishlab chiqarish xarajatlari faqat uning bir qismini
tashkil qiladi. Ishlab chiqarish xarajatlari tovar qiymatidan foyda
miqdoriga kam bo‗ladi.
Muomala xarajatlari tushunchasi tovarlarni
sotish jarayoni bilan bog‗liq bo‗lib, shu tovarlarni ishlab chiqaruvchidan
olib, iste‘molchiga yetkazilguncha ketadigan sarflarga aytiladi. Ular ikki
guruhga bo‗linadi: qo‗shimcha muomala xarajatlari va sof muomala
xarajatlari. Tovarlarni o‗rash, qadoqlash, saralash, transportga ortish,
tashish va saqlash xarajatlari qo‗shimcha
muomala xarajatlari hisoblanadi.
Muomala xarajatlarining bu turlari ishlab chiqarish
xarajatlarining davomi hisoblanib, tovar qiymatiga kiradi va uning
qiymatini oshiradi. Xarajatlar tovarlar sotilgandan keyin olingan pul
tushumi summasidan qoplanadi.