2. Monopoliyaning vujudga kelishi sababi va tavsifiga ko‗ra: tabiiy monopoliya, legal monopoliya, sun‘iy monopoliya.
Tabiiy monopoliya tarkibiga kamyob va ishlab chiqarishning erkin
tarzda takror hosil qilib bo‗lmaydigan unsurlari (masalan, nodir metallar,
foydali qazilmalar va h.k.)ga ega bo‗lgan mulkdorlar va xo‗jalik
tashkilotlari kiradi. Shuningdek, mazkur monopoliya tarkibiga o‗ziga
xos texnologiyaning qo‗llanishi sababli raqobatni rivojlantirib
bo‗lmaydigan ba‘zi bir tarmoqlar va ishlab chiqarish turlari ham
kiritiladi.
Tabiiy monopoliya – korxonaning texnologik xususiyatlari sababli
mahsulotga bo‗lgan talabni qondirish raqobat mavjud bo‗lmagan
sharoitda samaraliroq amalga oshiriluvchi tovar bozorining holati.
Bunday samaradorlik ishlab chiqarish hajmining ko‗payib borishi bilan
tovar birligiga to‗g‗ri keluvchi xo‗jalik xarajatlarining ahamiyatli
darajada pasayib borishida namoyon bo‗ladi. Shu bilan birga, tabiiy
monopoliya subyektlari tomonidan ishlab chiqarilgan mahsulotlar
iste‘molini boshqa turdagi mahsulotlar bilan almashtirib bo‗lmaydi.
Legal (qonuniy) monopoliya – bu qonuniy tarzda tashkil etiluvchi
monopolistik holat. Ular tarkibiga raqobatdan himoya qiluvchi quyidagi
monopoliya shakllarini kiritish mumkin:
1) patent tizimi –
bu ixtirochi va mualliflar tomonidan yaratilgan
ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalarini tasdiqlovchi hamda
ularga mutloq huquqni taqdim etish tizimi. Bu jarayon maxsus
guvohnomalar – patentlar orqali amalga oshiriladi;
2) mualliflik huquqi – ilmiy, badiiy va san‘at asarlari, ijro san‘ati
fonogrammalari, ko‗rsatuvlar, efir to‗lqini yoki kabel orqali tasvir
uzatish kabilarni yaratish va ulardan foydalanish munosabatlarini
qonuniy tarzda tartibga solish shakli. Mualliflik huquqi faqat mualliflar
tomonidan o‗z mahsulotlarini ma‘lum vaqtga yoki butunlay sotish,
ulardan nusxa olish va ko‗paytirishga ruxsat berish imkonini
ta‘minlaydi;