O‘zbekiston respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi m. T. Asqarova, G‘. E. Zaxidov, L. F. Amirov makroiqtisodiy siyosat


 Tashqi iqtisodiy siyosat vositalari



Yüklə 1,96 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə110/113
tarix14.12.2023
ölçüsü1,96 Mb.
#179070
1   ...   105   106   107   108   109   110   111   112   113
Makroiqtisodiy siyosat

 
15.3. Tashqi iqtisodiy siyosat vositalari 
Tashqi savdoni cheklash usullarining 50 dan oshiqroq turi mavjud. Ularning 
ayrimlari davlat g‘aznasini to‘ldirishga yo‘naltirilgan bo‘lsa, ba’zilari umuman 
importni cheklashga va yana boshqasi esa eksportni cheklashga yoki 
rag‘batlantirishga yo‘naltirilgan. Amaliyotda tashqi savdoni tartibga solishning tarif 
va notarif usullaridan foydalaniladi. 
Tarif usullariga import va eksport bojlarini joriy qilish kirsa, notarif usullariga 
eksporterlar va ishlab chiqaruvchilarga subsidiyalar berish, kvotalash, litsenziyalash 
kabilar kiradi. 
Bojxona bojlari avvalo import bojlari va eksport bojlariga ajraladi. 
Import bojlari davlat budjetini to‘ldirish maqsadida va ichki bozorlarga 
tushadigan chet el tovarlari oqimini tartibga solish uchun belgilanadi. Eksport bojlari 
mamlakat ichida talab ko‘p bo‘lgan mahsulotlar taqchilligining oldini olish 
maqsadida belgilanadi. 


284 
Boj olinadigan mahsulotlar, boj olinmaydigan mahsulotlar, olib kelish va olib 
ketish taqiqlangan mahsulotlar, shuningdek, bojxona bojlari stavkasi, ya’ni, ularning 
tartibga solingan ro‘yxati bojxona tariflari deb ataladi. 
Bojxona tariflarini ishlab chiqarish, tabiiy farqlar (hayvonot va o‘simlik 
dunyosi), qayta ishlash darajasiga (xom ashyo, yarim tayyor mahsulotlar, tayyor 
buyumlar) ko‘ra, taqsimlangan mahsulotlar ro‘yxatini o‘z ichiga olgan mahsulot 
sarxillovchilar (klassifikatorlari) asosida qurilgan. 
Xalqaro savdoni tartibga solishda eng ko‘p qo‘llaniladigan usul bo‘lib tarif, 
ya’ni importga solinadigan bojxona boji hisoblanadi. 
Importga tariflarning maxsus va advalar turlari o‘zaro farqlanadi. Maxsus bojlar 
import qilinayotgan tovarlar birligiga nisbatan o‘rnatiladi. Masalan, 1 barel neftga 
nisbatan 2 yevro. 
Advalar bojlar import qilinayotgan tovar qiymatiga nisbatan ma’lum foiz 
tariqasida belgilanadi. Masalan avtomobil xarid narxining 40foiz. 
Tarif kiritilishi oqibatida iste’molchilar talabi arzon import tovaridan qimmat 
ichki tovarga yo‘naltiriladi. Iste’molchilarning o‘sgan to‘lovlari yuqori chegaraviy 
xarajatga ega, raqobatbardosh bo‘lmagan samarasiz ichki ishlab chiqarishni 
kengayishiga olib keladi.
Umuman olganda tariflarni kiritilishiga nisbatan bir-biriga zid fikrlar mavjud 
bo‘lib, bu tadbir mamlakat iqtisodiyoti holati, xususiyati va qo‘yilgan maqsadlar 
bilan asoslanadi.
Bojxona tariflarini kirtishni yoqlovchi mutaxassislar fikriga ko‘ra import 
tariflari:

mamlakat mudofaa sanoatini himoya qilish imkonini beradi; 

mamlakatda bandlilik darajasi o‘sishini ta’minlaydi va yalpi talabni 
rag‘batlantiradi, importning nisbatan cheklanishi natijasida sof eksport o‘sadi va joriy 
operatsiyalar bo‘yicha to‘lov balansi xolati yaxshilanadi; 

milliy iqtisodiyotdagi yangi tarmoqlarni himoya qilish uchun zarur; 

davlat byudjeti daromadlarini to‘ldirish manbai bo‘lib xizmat qiladi; 


285 

milliy ishlab chiqaruvchilarni demping ko‘rinishidagi chet el raqobatidan 
himoya qiladi; 

iqtisodiyot tuzilishini qayta qurishni boshqarish vositasi hisoblanadi va ular 
yordamida mamlakat iqtisodiyotidagi ilg‘or siljishlar rag‘batlantiriladi va h.k. 
Milliy iqtisodiyotning tiklanishi sharoitida ko‘pgina davlatlar o‘z ishlab 
chiqaruvchilarini chet el raqobatidan himoya qilish maqsadida proteksionizm 
siyosatini qo‘llaydilar. Aks holda, mahalliy korxonalar «sinishi» jamiyatda ishsizlik 
xavfini tug‘diradi.
Mamlakatlarda ta’rif mexanizmi orqali tashqi savdo siyosatini yuritish, birinchi 
navbatda ushbu mamlakatning asosiy tarmoqlari va yangi ishlab chiqarish 
sohalarining himoyalanganligiga ta’sir qiladi. O‘zbekistonda avtomobilsozlik yangi 
va istiqbolli soha (tarmoq) hisoblanadi va tabiiyki, tarifli himoyaga muhtoj.
Proteksianizm siyosatining muhim tamoyili ham shundaki, davlat tayyor 
mahsulotlarga bojni ko‘tarish va yarim tayyor mahsulotlarga esa uning miqdorini 
pasaytirish orqali tarmoqning haqiqiy himoyalanganligini yanada oshiradi.
Agar mamlakatlar bojxona ittifoqiga birlashsalar, unda bojxona tarifi, barcha 
ishtirokchi mamlakatlar uchun ularning savdo munosabatlarida yagona bo‘lib qoladi. 
Bojxona tariflari miqdori alohida mamlakatlar iqtisodiyotida va jahon xo‘jaligida yuz 
berayotgan jarayonlar ta’sirida yuzaga keladi. Jahonda importga bojxona bojlarining 
pasayish tendensiyasi kuzatilmoqda va u ikki tomonlama hamda ko‘p tomonlama 
muzokaralar asosida mamlakatlar tomonidan rag‘batlantiriladi va nazorat qilinadi.
Bojxona bojlarini joriy qilishni qo‘llovchi fikrlarga aksincha bo‘lgan 
mulohazalar ham mavjud. Chunki sanab o‘tilgan natijalarga boshqa usullar bilan 
kamroq yo‘qotishlar hisobiga ham erishsa bo‘ladi degan fikrlar ham qaysidir darajada 
asoslidir. 
Birinchidan, import tariflari iste’molchilar turmush darajasining pasayishiga olib 
keladi. 
Ikkinchidan, import tariflari kiritilishi oqibatida ular vositasida himoya 
qilinayotgan tarmoqlarda resurslar samarasiz sarflanadi. 


286 
Uchinchidan, tariflarni kiritish va ular stavkasini belgilash masalasida mamlakat 
imkoniyatlari xalqaro bitimlar bilan cheklangan.
Miliy ishlab chiqaruvchilarni xorijiy firmalar raqobatidan himoya qilishning 
muqobil usuli ularga bevosita subsidiya berish hisoblanadi. 
Ishlab chiqarish subsidiyasining tariflardan afzalligi shundan iboratki, u bir 
tomondan, milliy ishlab chiqarishni o‘sishini ta’minlasa , ikkinchi tomondan
iste’molning mutlaq kamayishiga olib kelmaydi. Chunki, ichki narxlar jahon 
narxlaridan qimmatlashmaydi. 
Subsidiyalarni joriy qilgandan so‘ng ularni bekor qilish qiyin bo‘ladi, raqobat 
muhiti yo‘qoladi hamda bu xarajatlarni moliyalashtirish muammosi kuchayib 
boraveradi. Shuning uchun iqtisodiyotni tartibga solish, bandlik darajasini oshirish va 
yalpi talabni qondirish maqsadida fiskal va pul-kredit siyosatlari qo‘llaniladi. Ushbu 
siyosatlarni qo‘llashdan asosiy maqsad mamlakat ishlab chiqarishini xalqaro 
raqobatdan himoya qilish, ishsizlik darajasini eng past holatga keltirish va xalq 
farovonligini oshirishdan iborat. 
Jahon amaliyotida tashqi iqtisodiy faoliyatni tartibga solishning bilvosita 
usullariga qaraganda bevosita usllaridan kengroq foydalaniladi. Bevosita usullar 
mazmuniga ko‘ra, iqtisodiy, ma’muriy, me’yoriy - huquqiy ko‘rinishga ega bo‘lishi 
mumkin. 
Litsenziyalash va kvotalash iqtisodiy xarakterdagi bevosita usullar ichida keng 
tarqalgani hisoblanadi. 
Litsenziyalash – bu, tashqi iqtisodiy operatsiyalarni amalga oshirishga davlat 
tashkilotlaridan ruxsat olishning ma’lum tartibidir. Tashqi iqtisodiy operatsiyalarga 
mahsulotlar, ishchi va xizmatchilar eksporti hamda moliya operatsiyalarini o‘tkazish, 
xorijga ishchi kuchini ishga joylashtirish va boshqalar kiradi. O‘zbekistonda 
litsenziyalar faqat davlat ro‘yxatida qayd etilgan tashqi iqtisodiy faoliyat 
qatnashchilariga beriladi. Ularni boshqa yuridik shaxslarga berish taqiqlangan. 
Mahsulotlar eksporti va importini litsenziyalash davlatga ular oqimini qattiq 
tartibga solish, ba’zi hollarda ularni vaqtincha chegaralash va shu asosda tashqi 


287 
iqtisodiy taqchillik o‘sishining to‘xtash hamda savdo balansining tenglashtirish 
imkonini beradi. 
Umuman, import mahsulotlarga beriladigan litsenziyalar quyidagi usullar 
yordamida joylashtiriladi. 
1. Ochiq auksion – davlat litsenziyalarni yuqori baholarni taklif qilgan ishlab 
chiqaruvchilarga berishi. 
2. Afzal ko‘rish tizimi – davlat birinchi navbatda litsenziyalarni ishlab chiqarish 
hajmi jihatdan yirik bo‘lgan firma va kompaniyalarga hech qanday shart va 
talablarsiz beradi. 
3. Xarajat usuli – davlat litsenziyalarni yirik ishlab chiqarish quvvatlariga va 
resurslarga ega bo‘lgan firma va kompaniyalarga beradi. 
Mahsulotlar, shuningdek, ishchi va xizmatchilar eksporti va imortiga 
litsenziyalar berish huquqiga O‘zbekiston Respublikasining quyidagi boshqaruv 
tashkilotlari ega: Vazirlar Mahkamasi, Moliya, Adliya, Ichki ishlar, Sog‘liqni 
saqlash, Xalq ta’limi vazirliklari, shuningdek, Markaziy bank. 
Moliya operatsiyalarini o‘tkazishga litsenziyalar asosan Respublika Moliya 
vazirligi va Markaziy bank tomonidan o‘z va xorijiy banklarga, moliya 
muassasalariga beriladi. Ular moliya-kredit muassasalariga mamlakat ichida va uning 
tashqarisida chet el valyutasi bilan opreatsiyalarni amalga oshirish, xorijiy moliya-
kredit muassasalariga esa ichki bozorda yuridik va jismoniy shaxslarga xizmat 
ko‘rsatish huquqini beradi. 
Litsenziyalash bilan bir qatorda jahon amaliyotida mahsulotlarni, shuningdek, 
ishchi kuchi eksport va importini chegaralash maqsadida kvotalash keng qo‘llaniladi. 
Bu usulning mohiyati shundan iboratki, unda vakolatli davlat yoki xalqaro 
tashkilot alohida mahsulotlar, xizmatlar, mamlakatlar va mamlakatlar guruhi 
bo‘yicha ma’lum davrga eksport va importga miqdoriy yoki qiymat chegaralarini 
belgilaydi. Davlat tomonidan tartibga solish tadbiri sifatida kvotalash to‘lov 
balanslarini ichki bozorda talab va taklifni balanslashtirish uchun muzokaralarda 
o‘zaro kelishuvga erishish uchun qo‘llaniladi. O‘zbekistonda kvotalash xalq iste’moli 


288 
mollarini va strategik xom ashyoning muhim turlarini olib chiqishni chegaralash usuli 
sifatida qo‘llanilmoqda.
Kvotalash faqat mahsulot oqimlarinigina emas, balki ishchi kuchi oqimlarini 
tartibga solishda ham qo‘llaniladi. Ko‘pgina rivojlangan mamlakatlar ichki mehnat 
bozorini himoyalash maqsadida xorijdan ishchi kuchi importiga kvotalar o‘rnatadi. 
Hozirgi vaqtda kvotalash bojlarga nisbatan ko‘proq qo‘llanilishiga ikkita sabab 
bor: 
1. Tarif stavkalari xalqaro savdo kelishuvlariga asosan belgilanadi. Ayrim 
hollardan tashqari vaziyatlarda, mamlakatlar tarif stavkasini oshira olmaydilar va 
shuning uchun iqtisodiyotni raqobatdan himoya qilish maqsadida kvotalarga e’tiborni 
qaratishga majbur bo‘ladi. 
2. Himoyaga muhtoj tarmoqlar ham importga kvotalar joriy qilishni qo‘llaydi. 
Chunki, tarifni joriy qilishga nisbatan imtiyozli litsenziyalar olish osonroqdir. 
Import kvotalari erkin raqobat sharoitiga ko‘proq mos keladi. Tariflarga nisbatan 
kvotalarni joriy qilishdan ko‘riladigan farovonlikdagi yo‘qotishlar ikki holatda katta 
bo‘ladi. Birinchidan, kvotalar mahsulotlar import qilayotgan milliy ishlab 
chiqaruvchilar yoki xorijiy firmalar monopol hukumronligi darajasini oshirsa. 
Ikkinchidan, importga litsenziyalar samarasiz joylashtirilsa. 
Ko‘pchilik hollarda eksportni davlat tomonidan rag‘batlantirish tadbiri sifatida 
ko‘pgina mamlakatlarda eksport subsidiyalari qo‘llaniladi. Bunda tajriba - 
konstruktorlik ishlari va eksportga mo‘ljallangan ishlab chiqarishni bevosita 
moliyalashtirish yoki bu maqsadlarga davlat byudjetidan imtiyozli kreditlar berish 
ko‘zda tutiladi. 
Eksport subsidiyalari turli shakllarda qo‘llaniladi. Bularga: 
- eksportyor firmalarga yoki xorijiy sheriklarga past foizli kreditlar berish; 
- reklama xarajatlarini davlat hisobidan qoplash, bozor konyukturasi haqida 
tekin axborot yetkazib berish; 
-firmalarga ishlab chiqarish hajmidagi eksport ulushiga muvofiq soliq 
imtiyozlarini berish; 
- bevosita subsidiyalash kiradi.


289 
Eksport subsidiyalarining berilishi milliy ishlab chiqaruvchilarining tashqi 
bozorda raqobatbardoshligini oshiradi. Ammo importyor davlatlar tomonidan 
kiritiladigan kompensatsion import bojlari bu yutuqni yo‘qqa chiqarishi mumkin. 
Oqibatda eksportyor davlat budjeti yo‘qotishga uchraydi, importyor davlat budjeti esa 
qo‘shimcha daromad ko‘radi. Bu tadbir dempingga qarshi kurash ko‘rinishlaridan 
biridir.
Dempingga qarshi qaratilgan bojlar jahon amaliyotida keng qo‘llanilib, o‘zida 
qo‘shimcha import bojlarini aks ettiradi. Ular odatda, jahon narxlaridan yoki import 
qilayotgan mamlakat ichki narxlaridan past narxlar bo‘yicha, eksport qilinayotgan 
mahsulotlarga o‘rnatiladi. Bu bojlarni belgilash haqidagi qarorni xalqaro sud 
mahalliy ishlab chiqaruvchilar va sotuvchilar murojaatidan so‘ng chiqaradi hamda 
uning miqdorini va to‘lash tartibini belgilaydi. Masalan, dempingga qarshi bojlar o‘z 
valyuta resurslarini to‘ldirish maqsadida jahon bozoriga xom ashyo resurslarini 
eksport qilishni ko‘paytirgan sobiq ittifoqdosh respublikalarga nisbatan faol 
qo‘llanilmoqda. 
Eksportga tariflar yoki eksport bojlari kiritilishining oqibati import bojlari 
kiritilishi oqibatining aynan aksidir. Eksport bojlari kiritlishi sharoitida mahsulotlar 
ichki bahosi ularning tashqi bahosidan pasayadi. Bunday vaziyatlarda ichki iste’mol
o‘sadi, ishlab chiqarish va eksport kamayadi. Eksportga bojlarni joriy qilish natijasida 
milliy ishlab chiqaruvchilar yo‘qotishga duch keladilar. Tanqi bozordagi baholarga 
nisbatan ichki bahoning kamayishidan iste’molchilar yutuqqa erishsa, davlat esa 
daromadga ega bo‘ladi.
Ixtiyoriy ravishda eksportni cheklash eksport kvotalarining bir turi bo‘lib, xorij 
mamlakatlarining ayrim mamlakatlarga “ixtiyoriy” eksport miqdorlarini cheklashdan 
iborat.
Bu yerda «ixtiyoriy so‘zi» shartli xarakterga ega. Chunki, eksport qilayotgan 
mamlakat savdo siyosatida o‘z hamkorlari tomonidan birorta noxushlikka duch 
kelmasligi uchun eksport miqdorini cheklaydi. 
Ixtiyoriy ravishda eksportni cheklash ikki xil xususiyatga ega: 


290 
1. Ixtiyoriy ravishda eksportni cheklash milliy iste’molchilar uchun tarif va 
kvotalarni belgilashga nisbatan ancha sezilarsiz. Shuning uchun iste’molchilar ularni 
e’tiborsiz qabul qiladilar va hukumatga norozilik bildirmaydilar. 
2. Ixtiyoriy ravishda eksportni cheklash sharoitida xorij iste’molchilari ular sotib 
olayotgan eksport mahsulotiga yuqoriroq narx belgilashlari mumkin.
Shunday qilib, xorijliklar ixtiyoriy ravishda eksportni cheklash sharoitida 
eksportyor ko‘rgan yo‘qotishlarni narxlarni oshirish hisobiga qoplashadi. 
Savdo siyosatini amalga oshirishning ko‘rib o‘tilgan usullarining har biri ijobiy 
jihatlari bilan birga salbiy oqibatlarga ham ega. Mamlakat iqtisodiyotining 
raqobatdoshligi darajasi kuchayib borgani sari tashqi savdo liberallashtirib boriladi. 
Mamlakatning xalqaro savdo tashkilotlariga a’zo bo‘lishi bu jarayonining qonuniy 
natijalaridan biridir. Tashqi savdoni erkinlashtirilishi iqtisodiyotda bozor 
munosabatlarini yanada rivojlantirishga olib keladi.

Yüklə 1,96 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   ...   105   106   107   108   109   110   111   112   113




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin