5.1.2-ta’rif. R halqaning barcha a, b ∈ R elementlari uchun ab = ba tenglik o‘rinli bo‘lsa, u holda R halqa kommutativ halqa deyiladi. Kommutativ bo‘lmagan halqalarga esa nokommutativ halqa deb ataladi.
Agar R halqada ko‘paytirish amaliga nisbatan birlik element mavjud bo‘lsa, ya’ni shunday e ∈ R element topilib, ixtiyoriy a ∈ R uchun ea = a = ae teng- lik o‘rinli bo‘lsa, u holda ushbu e elementga halqaning birlik elementi deyiladi. Gruppalar nazariyasidan ma’lumki, ixtiyoriy algebraik sistemaning birlik elementi yagona bo‘ladi. Demak, halqaning birlik elementi ham yagona bo‘lib, biz uni 1 orqali belgilaymiz. Birlik elementga ega bo‘lgan halqa biri bor halqa deb ataladi.
5.1.2-misol. (Z, +, ·), (Q, +, ·) (R, +, ·) va (C, +, ·) halqalar biri bor kommutativ halqalarga misol bo‘ladi.
5.1.3-misol. (2Z, +, ·) juft sonlar to‘plami birlik elementga ega bo‘lmagan halqa bo‘ladi.
5.1.4-misol. Agar R kommutativ halqa bo‘lsa, u holda R ustida aniqlangan bir o‘zgaruvchili ko‘phadlar to‘plami R[x], ko‘phadlarni qo‘shish va ko‘paytirish amal- lari bilan birgalikda kommutativ halqa bo‘ladi. Xususan, (Z[x], +, ·), (Q[x], +, ·), (R[x], +, ·) va (C[x], +, ·) halqalar kommutativ bo‘ladi.
5.1.5-misol. Chegirmalar sinfi Zn = {0, 1, . . . , n} to‘plam unda aniqlangan qo‘shish va ko‘paytirish amallari bilan birgalikda halqa tashkil qiladi. (Zn, +n, ·n) halqa chegirmalar halqasi deb ataladi.
Yuqorida biz faqat kommutativ halqalarga misollar keltirdik. Quyidagi misol- da esa nokommutativ halqaga misol keltiramiz.
5.1.6-misol. Elementlari biror R halqadan olingan n-tartibli kvadrat matritsalar to‘plami Mn(R) matritsalarni qo‘shish va ko‘paytirish amallariga nisbatan halqa tashkil qiladi. Matritsalarni ko‘paytirish amali uchun kommutativlik o‘rinli bo‘lmaganligi sababli (Mn(R), +, ·) nokommutativ halqa bo‘ladi.
Yuqoridagi misoldan ko‘rinadiki, Mn(Z), Mn(Q), Mn(R) va Mn(C) halqalar, ya’ni elementlari mos ravishda butun, ratsional, haqiqiy va kompleks sonlar- dan iborat bo‘lgan n-tartibli kvadrat matritsalar to‘plami nokommutativ halqa bo‘ladi. Ushbu matritsalar to‘plamlarida birlik matritsa yotganligini hisobga ol- sak, ular birlik elementga ega bo‘lgan halqalar bo‘ladi. Mn(2Z) to‘plam, ya’ni elementlari juft sonlardan iborat matritsalar to‘plami esa birlik elementga ega bo‘lmagan nokommutativ halqa bo‘ladi.
Endi halqaning ayrim elementar xossalarini keltiramiz.
Dostları ilə paylaş: |