Rolli hamda ishbop o`yinlar Zamonaviy ta’limni tashkil etishda rolli hamda ishbop o`yinlardan samarali foydalanishga alohida e’tibor berilmoqda. Talabalarda muayyan faoliyat yuzasidan egallangan nazariy bilimlarni amaliy ko`nikma va malakalarga aylantirish, ularda ta’limiy faollikni yuzaga keltirish, ularni ijtimoiy munosabatlar jarayoniga keng jalb etishda rolli hamda ishbop o`yinlar o`ziga xos o`rin tutadi. Bugungi kunda ta’lim jarayonida qo`llash nihoyatda qulay bo`lgan bir qator o`yinli texnologiyalar yaratilgandir.
O`yinli texnologiyalar ta’lim jarayonining samaradorligini ta’minlash, talabalarda muayyan faollikni yuzaga keltirish, shuningdek, bilim, ko`nikma va malakalarni hosil qilishga xizmat qiluvchi vaqt oralig`ini qisqartirish, ta’limni jadallashtirishga yordam beradi.
O`yinli texnologiyalardan foydalanishda bir qator psixologik xususiyatlar ham namoyon bo`ladiki, buning oqibatida har bir talaba o`zining shaxsiy imkoniyatlarini namoyish eta oladi, ijtimoiy hayotda o`zi egallagan o`rinni barqarorlashtiradi, o`z-o`zini boshqarish ko`nikmalarini hosil qiladi. O`yinli texnologiyalar nafaqat nazariy bilimlarni mustahkamlash, ularning amaliy ko`nikma va malakalarga aylanishini ta’minlabgina qolmay, balki talabalarda muayyan axloqiy, irodaviy sifatlarni ham tarbiyalashga yordam beradi.
O`yinlarni tashkil etishda quyidagi maqsadlar ko`zda tutiladi:
ta’limiy (didaktik) maqsad;
tarbiyaviy maqsad;
faoliyatni rivojlantirishga yo`naltiruvchi maqsad;
ijtimoiy maqsad.
Zakovat o`yini Bu o`yinni o`tkazishda dastlab auditoriyani o`yinga moslashtirish lozim bo`ladi. O`yin ishtirokchilari test yordamida saralab olinadi. Yuqori ball olgan o`quvchilar o`yinda ishtirok etish hukukiga ega bo`ladi. O`yin katnashchilari 6-8 kishidan iborat bo`ladi. Qolgan o`quvchilar esa o`yinni tamoshabin sifatida kuzatib turishadi. O`yin uchun mo`ljallangan savollar konvertga joylashtirib ko`yiladi. Guruh sardori savolni olib o`qituvchiga beradi. O`qituvchi savolni o`qib eshittiradi. Javobni aniqlash uchun bir daqiqa vaqt ajratiladi. Bu vaqt orasida o`yin ishtirokchilari javobni maslahatlashib topishga harakat qilishadi. Bu o`yinni asosan, yuqori sinfda o`tkazish tavsiya etiladi.
Zakavot o`yinlarida asosan, o`rtaga muammoli savollar tashlanib, shu muammoni hal etishga diqqat qaratiladi.