Metall bog’lanish. Ko’pchilik metallarning o’zlariga xos bir necha xususiyatlari mavjud bo’lib, bu bilan ular
boshqa oddiy va murakkab moddalardan farq qiladi. Metallarning suyuqlanish va qaynash haroratlarining yuqori
bo’lishi, metall sirtidan yorug’lik va tovushning qaytishi, ulardan issiqlik va elektrning yaxshi o’tishi, zarba tasirida
yassilanishi kabi xossalari metallarning eng muhim fizik xossalaridir. Bu xossalar faqat metallarga mansub bo’lgan
metall bog’lanish mavjudligi bilan tushuntiriladi.
Metall atomida valent elektron soni u qadar ko’p emas, lekin metall atomida elektronlar bilan to’lmagan orbit-
allar ko’pdir. Valent elektronlar metall atomining yadrosi bilan bo’sh bog’langan, shuning uchun elektronlar metallning
kristall panjarasi ichida erkin harakat qiladi. Metall tuzilishini quyidagicha tasavvur qilish kerak: metallning kristall
panjara tugunlarida (uchlarida) musbat zaryadli metall ionlari zich joylashgan bo’lib, panjara ichida erkin elektronlar
harakat qiladi. Bu elektronlarning harakati gaz qonunlariga bo’ysunganligi uchun ularni elektron gaz deb ataladi.
Demak, nisbatan ancha kam miqdordagi valent elektronlar ko’p miqdordagi metall ionlarini bir-biri bilan
bog’lab turadi. Shu bilan birga bu elektronlar erkin harakatlana oladi. Binobarin, metallarda kimyoviy bog’lanishning
harakatchan turi, yani kuchli lokallanmagan bog’lanish borligini ko’rish mumkin. Bu bog’lanish metall bog’lanish deb
yuritiladi.
Vodorod bog’lanish. Yuqorida aytib o’tilgan ionli, kovalent, donor-akseptor va metall bog’lanishlar kimyoviy
bog’lanishning asosiy turlaridir. Bundan tashqari vodorod bog’lanish hamda molekulalararo tortishish kuchlari (Vander-
Vaals kuchlari) kabi ikkinchi darajali bog’lanishlar ham mavjudligi aniqlangan. Orientatsion va dispersion, polyari-
zatsion kuchlar ham shular jumlasiga kiradi.
Vodorod bog’lanishning asosiy mohiyati shundan iboratki, biror modda molekulasida ftor, kislorod va azot
atomlari kabi elektromanfiy elementlarning atomlari bilan birikkan bir valentli vodorod atomi yana boshqa ftor, kislorod
va azot atomlari bilan kuchsiz bog’lanish xususiyatiga ega. Buni quyidagi misollardan oson tushunish mumkin. Masalan,
HF da vodorod atomi elektroni ftor atomiga yaqin joylashganligi tufayli shartli ravishda vodorod atomi musbat zaryadga
ega bo’lib qoladi, yani vodorod ioni hosil bo’ladi deyish mumkin.
Ftor yoki kislorod atomining juft elektronlari vodorod ionini o’ziga tortadi, natijada vodorod atomi ikki tomon-
dan bog’lanib qoladi: H-F....H-F....H-F umuman (HF); bu yerda n = 2,3,4,5,6 bo’lishi mumkin. Shunday qilib, elektro-
manfiyligi katta bo’lgan element atomi bilan vodorod atomi orasida vujudga keladigan kimyoviy bog’lanish vodorod
bog’lanish deb yuritiladi.
Asosiy bog’lanishlar energiyasi 84-1042 kj/mol bo’lgani holda, vodorod bog’lanish energiyasi 21-42 kj/molni
tashkil qiladi. Molekulalararo tortishish kuchlarining mustahkamligi esa 0,1-8,4 kj/mol atrofida bo’ladi.