1.1. O’zbekistonning iqtisodiy boyliklari milliy-ma’naviy tiklanish omillaridan biri. Har bir xalqning milliy-ma’naviy tiklanish jarayonini uning tabiiy-iqtisodiy imkoniyatlarisiz tasavvur etib bo’lmaydi. Bunday imkoniyatlar milliy-ma’naviy yuksalishni, taraqqiy etgan mamlakatlar safiga qo’shilishga intilayotgan har bir xalq uchun katta ahamiyatiga ega. Buni dunyodagi rivojlangan AQSH, Xitoy, Germaniya, Yaponiya, Janubiy Koreya singari mamlakatlar misolida ko’rish mumkin.
O’zbekiston qulay tabiiy imkoniyatlarga ega mamlakat. Uning faqat o’zigagina xos bo’lgan iqlim sharoiti, ajoyib geografik o’rni, yer osti va yer usti tabiiy boyliklarining xilma-xilligi va mo’lligi asrlar davomida dunyo mamlakatlarining diqqat-e’tiborini o’ziga tortib kelgan.
Respublikamiz bag’rini, bir so’z bilan aytganda, javohirlar to’la sandiqqa qiyoslash mumkin. Saxiy zaminimizda yer osti va yer usti boyliklarining deyarli hammasi bor: misdan tortib ruxgacha, qo’rg’oshindan gazgacha, oltin, volьfram, neftь, alyuminiy, marmar, ko’mir, xromdan tortib, osh va kaliy tuzlarigacha topiladi. O’zbekistonning saxiy zaminida juda ulkan va noyob, hali ijtimoiy-ishlab chiqarishga to’la jalb etilmagan mineral-xom ashyo resurslari ko’p miqdorda to’plangan. Hozirgacha diyorimizda mineral xom ashyoning 100 ortiq turi borligi aniqlangan. SHundan 1997 yilga kelib, 60 dan ortig’i ishlab chiqarishga jalb etilgan. Bu mineral-xom ashyolarning 900 dan ortiq koni mavjud bo’lib, ularning tasdiqlangan zaxiralari 970 milliard AQSH dollarni tashkil etadi. Mendelev davriy jadvalidagi ma’danlarning deyarli barchasi O’zbekiston tuprog’ida mavjud. Eng sifatli oltin zaxirasi va uni qazib olish bo’yicha O’zbekiston MDH davlatlari orasida Rossiyadan keyingi ikkinchi o’rinda, aholi jon boshiga to’g’ri keladigan miqdor bo’yicha esa birinchi o’rindadir. Muruntov, Marjonbuloq, Zarmitan, CHart va boshqa jami 40 dan ortiq oltin konlari O’zbekistonning faxridir. “SHu bilan birga, - degan edi Prezident I.A.Karimov, - umumiy mineral-xom ashyo potentsiali 3,3 trillion AQSH dollaridan ortiq baholanayotganini ham aytib o’tish kerak.”1 O’zbekistonning tuprog’i shunchalik serunumki, uning oltinga teng bu tuprog’ida istagancha hosil undirish mumkin. O’zbekiston tuprog’i bir yilda bir marta emas, ikki-uch marta hosil bera oladi.
O’zbekistondagi issiq iqlim sharoitida paxta, kanop, uzum, anjir, qovun va boshqa turli-tuman meva, bog’dorchilik mahsulotlarini yetishtirish imkoniyati mavjud. Dehqonchilikning barcha turlari bo’yicha yuqori natijalarga erishish mumkin. O’zbekistonda Sirdaryo, Amudaryo va Zarafshondek yirik suv resurslari mavjud, ammo bu suv resurslari mamlakat ehtiyojini yetarlicha qondira olmaydi. SHuning uchun mamlakatda suv resurslaridan oqilona foydalanishni taqozo etadi.
O’zbekiston o’zining bebaho paxtasi, pillasi, g’allasi, chorvachilik mahsulotlari, qorako’li, shirin-shakar mevasiyu, sabzavotlari, yuksak did va mahorat bilan tayyorlangan hunarmandchilik, zargarlik buyumlari, naqqoshlik asarlari bilan dunyoga allaqachon ma’lum va mashhurdir.
O’zbekistonning tabiiy boyliklaridan biri, doimo mamlakat faxri bo’lib kelgan asosiy boyligi uning paxtasidir. O’zbekiston paxta yetishtirish bo’yicha dunyoda uchinchi o’rinni egallaydi. Uning sifatli tolasini harid qilishga Yevropa, Osiyo mamlakatlari va boshqa davlatlar doimiy xaridor hisoblanadi. “Oltin zaxiralari bo’yicha Respublika dunyoda 4-o’rinda, uni qazib olish bo’yicha 7-o’rinda, mis zaxiralari bo’yicha 10-11-o’rinda, uran zaxirasi bo’yicha 7-8-o’rinda turadi”2.
Shu o’rinda ulkan boyliklar egasi va O’zbekistonni doim gullab-yashnashiga xizmat qilib kelayotgan uning bugungi kunda ko’pming sonli aholisi haqida gapirib o’tish joiz. Azaldan shu tuproqda istiqomat qilib kelayotgan xalq - o’zbeklar butun aholining 72 foizini tashkil etadi. Turli millat va elatlardan iborat mamlakat aholisi har yili o’rtacha 450-550 ming kishiga ko’paymoqda. Aholi sonining o’sib borishi bu yerda ishchi kuchining o’sishiga va mamlakat makroiqtisodiyotining taraqqiy etishiga zarur tabiiy imkoniyatdir.
Boy imkoniyatlarga ega, sersuv, serunum hosildor yerlar, mehnatkash xalq, gullab-yashnagan voha har doim ayrim xorijlik chet dushmanlar nafsini qitiqlab kelgan. Tariximizni varaqlab ko’rsak, ona tuprog’imiz mudom qaysidir kelgindi bosqinchilar oyog’i ostida toptalganligi, bebaho boyliklarimiz talon-taroj bo’lganligining guvohi bo’lamiz.
Chor Rossiyasi Turkistonda o’z hokimiyatini mustahkamlash maqsadida, ayniqsa, paxtadan ko’proq hosil undirish, o’z daromadlarini ko’paytirish uchun har qanday zo’ravonlikdan qaytmadi. SHu maqsadda bu o’lkaga minglab ruslar joylashtirildi. Buning orqasida o’lkadagi o’troq va ko’chmanchi aholi unumdor yerlar va yaylovlarning talay qismidan mahrum bo’lib, og’ir ahvolga tushib qoldi. Paxta yetishtirish shu darajada kuchaydiki, mehnatkash yerli xalqni ezishning turli usullari vujudga keldi. Ammo paxtaning deyarli hammasi, keyinchalik paxtani qayta ishlaydigan zavodlardan tushayotgan foyda ham rus boylariga tegishli edi.
O’lkamiz boyliklarini talon-taroj qilish Sobiq sovetlar davrida oshsa-oshdiki, kamaymadi. O’zbekistonning tonna-tonnalab oltin, kumush, paxta, pillasiyu, qorako’l terisi, rangli metallari, meva, ziroati, barcha-boyliklari markazni boyitdi, bir guruh zo’ravonlar cho’ntagini qappaytirdi. SHu ne’matlarni yaratgan, sobiq sovetlar siyosati uchun sidqidildan xizmat qilgan o’zbekistonlik mehnatkashlarga esa mehnati evaziga arzimagan haq to’landi. Hatto bu xalqqa “boqimanda”ligi, O’zbekiston aholisining “davlatdan qarzdor”ligi tez-tez eslatib turildi.
“74 yil mobaynida O’zbekiston taqdiri va ta’minoti sobiq Ittifoq qo’lida edi. Sobiq Ittifoq bu yerdan mahsulot va xom ashyoni olib ketib, bizga suv va havoday zarur narsalarni o’z ko’rsatmasi bilan keltirib berardi. Sodda qilib aytganda, paxta va boshqa boyliklarimiz olib ketilardi, don, shakar, yonilg’i va boshqa xalq iste’moli mollari, umuman, hayotimizga, iqtisodiyotimizga va xalq xo’jaligimizga zarur bo’lgan mahsulotlar olib kelinardi”1.
Bir so’z bilan aytganda, O’zbekiston sobiq sovetlar davrida mehnatiga yarasha izzat ko’rmadi. Rasman ozod, mustaqil davlat bo’lsa-da, aslida markazga turli yo’llar bilan bog’lab qo’yilgan mute, mustamlaka mamlakat edi. Ayniqsa, XX asr 80-yillarning ikkinchi yarmida qulashi tayin bo’lib qolgan sobiq sovet hokimiyati O’zbekistonda “o’zbek ishi”, “o’zbek mafiyasi”, “o’zbek poraxo’rlari” deb atalgan haqoratomuz atamalar qo’llash orqali kechani-kecha, kunduzni-kunduz demay mehnat qilayotgan qadoq qo’lli xalq sha’niga tuhmatlar yog’dirildi. Bu esa endi ularning haddidan oshishi, yerli xalqqa o’tkazgan ortiqcha zug’umi bo’ldi.
Faqat mustaqillik O’zbekistonga o’zining boy imkoniyatlaridan oqilona foydalanish imkonini berdi. Qadoq qo’lli dehqon o’z yeriga ega bo’ldi. Xalq xo’jaligining turli tarmoqlari o’zining munosib egasini topdi. Faqat ozodlik, mustaqillik, erkinlik tufayli 74 yil asoratga solinib kelingan o’zbek xalqi emin-erkin nafas olib, ijodiy mehnat bilan shug’ullanishga va o’zining farovon turmushini yaratish imkoniyatiga ega bo’ldi.
Istiqlolni qo’lga kiritgan O’zbekiston mustaqil davlat sifatida o’z taraqqiyot yo’lini belgilab olar ekan, bunda uning tabiiy imkoniyatlari asosiy omil bo’ldi. Zero, mamlakatda siyosiy, ijtimoiy, madaniy-ma’naviy mustaqillikni amalga oshirish va uni mustahkamlash uchun iqtisodiy omil hal qiluvchi rolь o’ynashi tabiiy. SHuning uchun ham Yurtboshimiz I.A.Karimov mustaqillik haqida gapirar ekan shunday degan edi: “Mustaqillik biz uchun, eng avvalo, ona zaminga egalik, yer osti va yer usti boyliklarimizni o’zimiz, avvalambor, respublikamizda yashayotgan aholi uchun ishlatish, boshqacha aytganda, o’z taqdirimizni o’zimiz hal qilishimiz deganidir”. “Bizning oliy maqsadimiz-mustaqillik edi. Bunga erishdik. Mustaqillikning oliy maqsadi-o’zbek xalqining izzatini joyiga qo’yish”1. Haqiqatan ham, mustaqillik O’zbekiston xalqi hayotida yangi tarixiy davrni boshlab berdi. Prezident I.A.Karimov tomonidan ilmiy-nazariy jihatdan asoslanib berilgan O’zbekistonning istiqlol va taraqqiyot yo’li besh tamoyilga ega. Ana shu tamoyillarning birinchisi iqtisodning siyosatdan ustunligi va uning mafkuraviy holatlardan xoliligidir. O’zbekiston iqtisodiyoti uzoq yillar davomida zo’ravonlikka asoslangan, markazdan boshqarilib turiladigan (derektiv) iqtisoddan iborat ediki, oqibatda respublika tabiiy ehtiyoj-imkoniyatlari hisobga olinmay rejalashtirildi. Bu esa mamlakat iqtisodida turli buzilishlar, o’pirilishlar va yo’qotishlarga olib keldi. Mana shu xunuk oqibatlarni tuzatish, inqirozga yuz tutgan mamlakat iqtisodini qayta oyoqqa turg’izish, xalqni hech qanday larzalarsiz, burnini qonatmay inqiroz davridan eson-omonlik bilan olib chiqish mustaqillikning ilk kunlaridagi eng dolzarb masala bo’ldi.
Mustaqillikning dastlabki yillari xalqqa oson bo’lmadi. Iqtisodiy yetishmovchilik, xalq iste’mol tovarlarining taqchilligi, ishsizlik ketma-ket boshqa muammolarni keltirib chiqarardi. Mana shunday murakkab bir sharoitda davlat rahbarlaridan o’ta mohirlik va tadbirkorlik bilan, uzoqni ko’zlab, xalqning barcha qatlamlarini birday ijtimoiy himoya qilgan holda iqtisodiy siyosat yuritishni taqozo etadi.
Belgilab olingan taraqqiyot yo’limiz bozor munosabatlariga asoslangandir. Bu munosabatlar mazmuni shundan iboratki, xalqni raqobatbardosh tovarlar bilan ta’minlash orqali turmushini farovonlashtirish. Bozor munosabatlariga o’tishda bosqichma-bosqich, evolyutsion yo’l tanlandi. “O’zbekistonning yo’li shuki, biz tinchlik va osoyishtalikni saqlab, bozor iqtisodiyotiga o’tishni shoshmasdan, aholining nochor qismini asrab-avaylab, ularga yetarli shart-sharoitlarni yaratib berib, ana undan keyin amalga oshirishga bel bog’ladik.
Boshqacha bo’lishi mumkin ham emasdi. Xalqning yarmi norasida bolalar bo’lgan davlat birdaniga bozor munosabatlariga o’tishi - bema’ni gap” degan edi o’shanda I.A.Karimov.
O’zbekiston bozor munosabatlariga o’tishning evalyutsion yo’lini tanlar ekan, bu bekorga emas, chunki buning uchun barcha imkoniyat, shart-sharoitlarga egadir. Iqtisodiy-tabiiy resurslar, iqtisodiy tizimlar va eng muhimi sabr-toqatli, keng mulohazali, zahmatkash xalqi O’zbekistoning bundan keyingi bozor munosabatlariga o’tishida muhim omil bo’lib xizmat qildi.