ozbekiston mustaqilligining iqtisodiy asoslarini mustahkamlash
1.2. Mustaqillikning iqtisodiy asoslarini yaratish milliy tiklanishning muhim shartlaridan biri. Prezident I.A.Karimov tomonidan juda katta ishonch va asosli ravishda aytilganidek, “O’zbekiston kelajagi buyuk davlat”. Mustaqillik poydevorini saqlab qolish, uni yanada mustahkamlash uchun mamlakat iqtisodiy ahvolini yaxshilash istiqlolning dastlabki kunlaridagi eng muhim vazifa edi.
Odamlarning oziq-ovqat, kiyim-kechakka, uy-joy, xullas, iqtisodiy ehtiyojini zarur darajada yaratmay jamiyatni taraqqiy ettirish qiyin. SHuning uchun butun imkoniyatlarni ishga solgan holda, O’zbekiston iqtisodini tiklashga kirishildi. Iqtisodni rivojlantirish orqali qiyinchiliklar bilan qo’lga kiritilgan mustaqillikni saqlab qolish zarur edi. Zero, moddiy zamini bo’sh, iqtisodiy jihatdan zaif bo’lgan mamlakatning, xalq va millatning kelajagi bo’lmaydi, unga omad kulib boqmaydi. Quruq so’z, soxta va’dalar va dasturlar bilan uzoqqa borib bo’lmaydi. Hamma narsani amaliyot hal etadi.
Sobiq sovet tuzumi davrida O’zbekistondan olib chiqib ketiladigan boyliklarning 70 foizini faqat xom ashyo tashkil qilardi, chetdan esa 70 foiz tayyor mahsulotlar, aholiga eng zarur bo’lgan don, go’sht, sut mahsulotlari, neftь, yoqilg’i, uskunalar kabi tovarlar olib kelinardi.
Qaramlik yillarida O’zbekiston iqtisodiyotini rivojlantirmas- likka, uni xom ashyo bazasiga aylantirishga katta e’tibor berildi. O’zbekiston Markazning asosiy paxta ba’zasiga aylantirilib, ekin maydonlarining barchasiga paxta ekilgan. O’zbek xalqi serunum, hosildor yerlarda yashasa-da, ko’plab qishloq xo’jalik mahsulotlarini, xususan, kartoshkani chetdan olib kelishga majbur bo’lar, don, go’sht mahsulotlari ham chetdan olib kelinardi.
O’zbek xalqi faqat paxta uchun ishlaydigan, paxta dalalaridan beri kelmaydigan millatga aylana borgan edi. Maktab o’quvchilari, talabalar ilmli, ma’rifatli bo’lish o’rniga vaqtining katta qismini paxta dalalarida o’tkazardi.
Paxta yakkahokimligi xalqimiz hayotining yaxshilanishiga emas, balki yomonlashib borishiga olib keldi. O’zbek xalqi asrlar mobaynida o’troq xalq sifatida dexqonchilik bilan shug’ullanib, o’zlariga qo’shni xalqlarni ham qishloq xo’jalik mahsulotlari bilan ta’minlab kelgan. sobiq sovet davlatining O’zbekistondagi barcha ekin maydonlarini paxtazorlarga aylantirishi aholini qishloq xo’jalik mahsulotlarga bo’lgan ehtiyojining ortirish bilan birga, suv muammosining paydo bo’lishiga olib keldi.
Mustaqillik bugungi kunda bunday salbiy holatlarning oldini olish imkoniyatlarini yaratib berdi.
Mustaqillikning dastlabki kunlaridan barcha qishloq xo’jalik mahsulotlarini o’zimizda ishlab chiqarish chora-tadbirlari ko’rildi. Natijada, agar istiqlol arafasida mamlakatimizda yiliga atigi 900 ming tonna atrofida g’alla yetishtirilgan bo’lsa, 2003-2004 yillarga kelib, ushbu ko’rsatgich 5 ml. tonna, 2005 yil 6 mln. tonnadan oshdi. O’zbekistonda 2003 yildayoq g’alla mustaqilligiga erishildi. 2008 yil 6,330 million tonna don1, 2009 yilda 7,3 million tonnadan ortiq don, shu jumladan, 6 million 600 ming tonna bug’doy yetishtirildi, 3,4 million tonna paxta xom ashyosi tayyorlandi2. 2010 yilda esa 7 million tonnadan ortiq g’alla yetishtirildi (Xalq so’zi, 2010 yil 21 iyulь). Bu muvaffaqiyatga erishishning o’ziga xos sabablari bo’lib, ulardan biri mamlakatda paxta yakka hokimligiga barham berilib, g’allazorlarning kengayganligi, dehqon fermerlarga yaratilgan keng imkoniyatlar va har bir qishloq oilasiga o’z tomorqasida yetarlicha g’alla ekish erkinligining berilganligidir.
Qishloq aholisining turmush darajasini yuksaltirish maqsadida 2008 yil 20 oktyabrda O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov- ning “Oziq-ovqat ekinlari ekiladigan maydonlarni optimallashtirish va ularni yetishtirishni ko’paytirish chora-tadbirlari to’g’risida”gi Farmoni muhim ahamiyat kasb etdi. Farmonda yurtimiz fuqarolarining katta qismi yashab kelayotgan qishloq joylari aholisining turmush kechirish sharoitlarini yanada yaxshilashga e’tibor qaratildi.
Mamlakatda yer o’z egasini topgan. Istiqlolning dastlabki kunlaridanoq dehqonlarga yer berish orqali dehqonning yerga bo’lgan munosabatini o’zgartirishga erishildi. Kolxoz va sovxozlar o’rnida jamoa xo’jaliklari va undan asta-sekin dehqon-fermer xo’jaliklariga o’tildi. O’z mehnati samarasidan manfaatdor bo’layotgan dehqon endi o’ziga qarashli yerni e’zozlashga, fidokorona mehnat qilishga kirishdiki, bugungi kunda dehqon-fermer xo’jaliklari tomonidan yetishtirilayotgan mahsulotlar butun mamlakat qishloq xo’jaligi mahsulotlarining asosiy qismini egallaydi. Mamlakat dehqonlarining mehnati bilan 5 ming tonnadan ortiq meva-sabzavot va boshqa qishloq xo’jalik mahsulotlari yetishtirildi. Bugungi dehqonning iqtisodiy ahvoli kechagi sobiq sovet davri dehqoni ahvolidan tubdan farq qiladi. Bugungi dehqon ertangi kun orzusi, rejasi bilan, ijodiy mehnat bilan band.
2009 yilning «Qishloq taraqqiyoti va farovonligi yili» deb e’lon qilinishi, shu munosabat bilan qabul qilingan Davlat dasturining amalga oshirilishi qishloqlarimiz qiyofasini zamonaviy arxitektura va sanoat asosida tubdan o’zgartirish va yangilash, uy-joy, ijtimoiy va kommunal ob’ektlar, kommunikatsiyalarni barpo etish bo’yicha uzoq muddatga mo’ljallangan aniq maqsadli ishlarimizning boshlanishi bo’ldi.
Bularning barchasi qishloq aholisi turmush darajasini tubdan oshirish va shahar sharoitiga yaqinlashtirishga xizmat qiladi.
Ushbu maqsadlarga moliyalashning barcha manbalari hisobidan 2009 yilning o’zida 2 trillion 600 milliard so’mdan ziyod mablag’ yo’naltirildi.
Eng muhimi, o’tgan yili qishloq joylarda qurilish olib borish uchun uzoq istiqbolga mo’ljallangan loyihalashtirish, sanoat-qurilish, muhandislik-texnik jihatdan kuchli zamonaviy salohiyatga ega bo’lgan baza yaratishga erishdik. Bu borada moliyalash manbalari va mablag’ ajratish mexanizmi belgilab olindi. “Qishloq qurilish bank” va “Qishloq qurilish loyiha” loyihalash instituti kabi ixtisoslashtirilgan tuzilmalar tashkil etildi. Ixtisoslashtirilgan “Qishloq qurilish invest” buyurtmasi kompaniyasi tashkil etilib, mamlakatimiz bo’yicha 42 ta massivda yangi uy-joylar qurilishi boshlab yuborildi”1.
O’zbekiston aholisining 60 foizdan ortig’ini qishloq aholisi tashkil etadi. Qishloq aholisining moddiy turmush darajasini yaxshilash, qishloqqa shahar tusini berish, qishloq madaniy-maishiy ahvolini ko’tarish bugun mamlakat oldida turgan eng muhim vazifalardan. Respublika aholisining katta qismini qishloqda yashashini hisobga olgan holda, sanoatni keng qamrovda qishloq joylarda tashkil etish, bu yerda kichik biznesni rivojlantirish, kichik korxonalarni ko’paytirish orqali qishloqlarning zamonaga xos taraqqiyotini kuchaytirish va aholining ish bilan bandlik muammosi hal etilmoqda. Bu masalani hal etishda qator chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Natijada mamlakatimiz fermer xo’jaliklarida bugungi kunda 1 milliondan ziyod kishi band bo’lib, 2005 yilgi paxta xom ashyosining 66 foizi, g’allaning 55 foizdan ortig’i fermer xo’jaliklari tomonidan yetishtirildi. Dehqon-fermerlar ishini yengillashtirish maqsadida davlat tomonidan turli lizing xizmatlari, bank tizimi va boshqa turdagi xizmatlar tashkil etilgan.
O’zbekiston qishloq xo’jaligi mahsulotlaridan eng asosiysi paxta, shuning uchun uni yetishtirish va qayta ishlash sohasi yaxshi yo’lga qo’yilgan. Bir paytlar paxtadan faqat xom ashyo sifatida foydalanilgan bo’lsa, bugungi kunda undan tayyor mahsulot olish choralari ko’rilmoqda. Hozirda O’zbekiston paxtasining 39 foizi qayta ishlanayotgani holda, kelgusida 55 foizini qayta ishlab, tayyor mahsulot sifatida sotish rejalashtirilmoqda. Birgina Toshkentning o’zida faoliyat yuritayotgan ko’plab tikuvchilik tsexlari paxtadan tayyorlangan mahsulotlar ishlab chiqarishga asoslangan.
O’zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo’jalik mahsulotlarining qo’shni davlatlarga, jahon bozorlarida sotilishi aholi turmush darajasining yaxshilanishiga sezilarli ta’sir ko’rsatmoqda. Qishloq joylarga sanoatning kirib borishi, qishloq yoshlarini ish bilan ta’minlash bilan birga aholi daromadining oshib borishiga bevosita ta’sir ko’rsatadi.
2009 yili, ya’ni “Qishloq taraqqiyoti va farofonligi yili»da “Qishloqlarimiz qiyofasini o’zgartirish, agrosanoat majmuida olib borilayotgan islohotlarni chuqurlashtirish, qishloq aholisining hayot darajasi, ijtimoiy-siyosiy va madaniy saviyasini oshirish” ijtimoiy masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur maxsus davlat dasturi “Qishloq taraqqiy topsa, yurtimiz obod, hayotimiz yanada farovon bo’ladi”, degan g’oyani o’zida mujassamlashtirgan edi. ... Qishloq hayotini obod etishda ularning qiyofasini o’zgartirish, bugun qishloq joylarda yashayotgan odamlarning turmush sharoitini zamon talablariga moslashtirish, kerak bo’lsa, uni shahar sharoitiga yaqinlashtirish g’oyat muhim o’rin tutadi”. Keng ko’lamli ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi doirasida o’tgan yili “840 dan ortiq loyiha amalga oshirildi va bu mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarish hajmini 2008 yilga nisbatan 2,3 barobar oshirishni ta’minladi»1.
2008 yilning 14-15 oktyabrь kunlari Prezident I.A.Karimov tashabbusi bilan Toshkent IV xalqaro O’zbekiston paxta yarmarkasi bo’lib o’tdi. Ushbu yarmarka o’zbek paxtasi dunyoda o’z xaridoriga ega ekanligini ko’rsatdi. Yarmarka yakuni bo’yicha xorijiy davlatlar bilan 950 ming tonnadan ortiq paxta tolasini sotish bo’yicha shartnoma va bitimlar imzolandi. Mana necha yilki O’zbekistonda har yili paxta yarmarkasi an’anaviy tarzda davom etib kelmoqda. Bunday yutuqlarning zamirida istiqlol, O’zbekistonning ozodligi, hurligi yotadi. Agar u mustaqillikka erisha olmaganda bunday yutuqlar qayoqda edi? Mamlakatda makroiqtisodiyotni erkinlashtirish, jamiyatni demokratlashtirish va ishlab chiqarish tarmoqlarini modernizatsiyalashtirish davom etmoqda. Bugungi kunda mamlakat iqtisodiyotining barqarorlik, diversifikatsiya va raqobatga bardoshlik darajasi ta’minlanmoqda. Tadbirkorlik va tashabbuskorlikka keng yo’l ochilgan. Xususiy tadbirkorlar davlat tomonidan qo’llab-quvvatlanmoqda. Bugungi kunda mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan yalpi ichki mahsulotning qariyb 75 foizi, sanoat mahsulotlarining 78 foizidan ortig’i, qishloq xo’jaligi va chakana savdo aylanmasining deyarli barcha mahsulotlari nodavlat sektor ulushiga to’g’ri kelmoqda. Nodavlat sektorda 77 foiz yoki iqtisodiyotda band bo’lgan kishilarning to’rtdan uch qismi mehnat qilmoqda. Bugungi kunda ushbu soha nafaqat iqtisodiyotning o’sish suratlarini jadallashtirishda, balki mamlakatimiz uchun nihoyatda muhim bo’lgan aholi bandligi va daromadlarini oshirish masalalarini hal etishda ham yetakchi o’rin tutmoqda. Bunga ko’p jihatdan huquqiy bazani mustahkamlash, iqtisodiyotning mazkur sektori uchun barqoror qulaylik, imtiyoz va kreditlar tizimini shakllantirish masalalariga jiddiy e’tibor berilayotganligi tufayli erishildi. Kichik biznes ob’ektlari ko’payib bormoqda. Hozirgi kunda kichik tadbirkorlik (biznes)ning yalpi mahsulot hajmidagi ulushi yildan yilga ortib bormoqda. Kichik biznesning ichki mahsulotdagi ulushini o’tgan yildagi (2009) 50 foizdan 2010 yilda 52,5 foizga yetkazish vazifasi qo’yilgan1. Bugungi iqtisodiyotda band bo’lgan aholining ko’prog’i mazkur sohada faoliyat yuritmoqda. Yangi yaratilayotgan ish o’rinlarining katta qismi aynan kichik biznes hisobiga to’g’ri kelmoqda.
Keyingi yillarda davlat va nazorat tuzilmalarining korxonalar moliya-xo’jalik faoliyatiga aralashuvini keskin qisqartirish, xo’jalik sub’ektlari hamda tadbirkorlikning iqtisodiy erkinligi va huquqlarini sezilarli darajada kengaytirish bo’yicha salmoqli ishlar amalga oshirildi.
Xalq xo’jaligida tadbirkorlik, tashabbuskorlik va ishbilarmonlikka keng yo’l ochilishi, davlat tomonidan xususiylashtirish- ning yo’lga qo’yilishi, kundan-kunga xususiy sektor ulushining ortib borishi odamlar dunyoqarashida, mentalitetida o’zgarishlarga olib keldi, ulardagi boqimandalik va faqat davlatdan yordam kutib yashash kayfiyati barham topmoqda.
Xususiylashtirish, xususiy mulkni mustahkamlash, kichik korxonalar, mikrofirmalar, fermer xo’jaliklari tashkil etish va tadbirkorlikni rag’batlantirish hisobidan mamlakatimizda demokratik jamiyatning asosi va tayanchi sifatida o’rta sinf amalda shakllanmoqda.
Mamlakatning ijtimoiy taraqqiyotini Ngi, yuksak bosqichga ko’tarish uchun 2011 yilni “Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” deb e’lon qilindi. Amir Temur “Azmi qat’iy, tadbirkor, hushyor, mard va shijoatli bir kishi mingta tadbirsiz va loqayd kishidan afzaldir” degan so’zlarida chuqur ma’no bor. SHu boisdan ham Prezidentimiz Islom Karimov 2010 yil 7 dekabrda O’zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kunning 18 yilligiga bag’ishlangan tantanali yig’ilishidagi ma’ruzasida bu masalaga alohida e’tibor qaratildi. Mamlakatimizda jamiyatning ijtimoiy-siyosiy tayanchi va poydevori bo’lgan o’rta sinfning shakllanishi va uning mustahkam bo’lib borishga erishilmoqda. Mamlakatimizda 2000 yilda yalpi ichki mahsulot (YaIM)ning 30 foizi, 2010 yilda 53 foizi kichik biznes sub’ektlari tomonidan ishlab chiqilmoqda. Hozirgi kunda mamlakatimizdagi ish bilan band aholining 74 foizidan ko’pi shu sohada mehnat qilmoqda. 2010 yilda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish hisobidan 480 mingta yangi ish o’rni ochildi1.
“Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturida quyidagi ustuvor yo’nalishlarga e’tibor qaratildi:
1. Mamlakatimizda va uning hududlarida yanada qulay biznes – muhit yaratish, xususiy mulkchilikning ustuvorligini mustahkamlashga tso’naltirilgan qonun hujjatlarini takomillashtirish, ishonchli kafolatlarni ta’minlash, tadbirkorlikka ko’proq e’tibor berish, davlatning boshqaruv funktsiyalari va ruxsat beruvchi normalarni qisqartirish, byurokratik to’siq va g’oyalarni olib tashlash, kichik biznes sub’ektlarining moliya-kredit va xom ashyo resurslaridan, ular ishlab chiqaradigan mahsulotlarga davlat buyurtmalari berilishidan keng foydalanishni ta’minlaydigan bozor vositalari va mexanizmlarini tadqiq etish2.
2. Davlat va nodavlat organlarning tadbirkorlik sub’ektlari moliya-xo’jalik faoliyatiga aralashuvini keskin qisqartirish.
3. Kichik korxonalar tashkil qilish hamda kichik korxonalar va tadbirkorlarni ro’yxatdan o’tkazish tartib-qoidalarini yanada soddalashtirish, kichik biznes sub’ektlarini qurish va ularni muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarga ulash, noturar joy xonalari va zarur yer uchastkalarini ajratib berish masalalarini hal qilish bo’yicha aniq chora-tadbirlarni qabul qilish.
4. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sohasi uchun soliq va boshqa to’lovlar bo’yicha yanada qulay shart-sharoitlar yaratish, imtiyoz proferentsiyalar berish, hisobotlar tizimi hamda moliya, soliq va statistika organlariga hisoblar topshirish mexanizmini takomillashtirish va unifikatsiyalash.
5. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlariga kreditlar berish mexanizmini yanada takomillashtirish va ularning hajmini oshirish, birinchi navbatda, investitsiya maqsadlariga, boshlang’ich sarmoyani shakllantirishga kreditlar ajratish, ishlab chiqarishni mexanizatsiya qilish hamda texnologik yangilash uchun o’rta va uzoq muddatli kreditlar berish.
6. Kichik biznesni rivojlantirishga xorijiy investitsiyalarni, xalqaro moliya institutlarining kreditlarini keng jalb qilish va yo’naltirish.
7. Sanoat tarmoqlarida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, yuqori texnologiyaga asoslangan zamonaviy ishlab chiqarishni tashkil etish uchun keng imkoniyatlar yaratish, ana shu ishlab chiqarishga innovatsion texnologiyalar joriy etilishini rag’batlantirish.
8. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarining tashqi iqtisodiy faoliyatdagi ishtirokini kengaytirish, eksport salohiyatini oshirish, eksportga mo’ljallangan mahsulotni jahon va mintaqaviy bozorlarga olib chiqishga ko’maklashish.
9. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’ektlarini axborot bilan ta’minlash, shuningdek, kadrlar tayyorlash va qayta tayyorlash va malakasini oshirish masalalarida ularga konsulьtativ ko’mak berish tizimini yanada rag’batlantirish.
“...Dunyoning barcha rivojlangan davlatlarida bo’lgani kabi, O’zbekistonda ham shakllanib kelayotgan o’rta sinf bo’lmish mulkdorlar sinfining muhim tarkibiy qismi, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy tayanchi va suyanchi hisoblanadi”1 Aynan ana shu odamlar jamiyatimizning tayanchi bo’lib, uning ijtimoiy asosini tashkil etadi. CHunki ular demokratik va bozor islohotlarini davom ettirish va chuqurlashtirishdan, mamlakatni barqaror va izchil rivojlantirishdan ko’proq manfaatdordir.
O’zbekistonda iqtisodiy taraqqiyot sohasida qator yutuqlar bilan birga o’z yechimini kutayotgan va kechiktirib bo’lmay hal qilishi zarur bo’lgan iqtisodiy muammolar ham mavjud.
Yurtboshimiz I.A.Karimov ta’kidlaganlaridek, xalq xo’jaligini taraqqiy ettirishda bir qator muammolar bor. Qishloqda sanoatni vujudga keltirish, ya’ni, qishloqni lokalizatsiyalash, qishloq xo’jaligi mahsulotlarini qayta ishlashning kichik korxonalarga asoslangan tarmog’ini shakllantirish haliyam talab darajasida emas. Qishloq aholisiga turli maishiy xizmat ko’rsatish sohasini kuchaytirish va samaradorligini oshirish zarur.
Shu boisdan ham ana shu muammolarning oldini olish maqsadida “keng ko’lamli ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi doirasida o’tgan yili (2009) 840 dan ortiq loyiha amalga oshirildi va bu mahalliylashtirilgan mahsulot ishlab chiqarish hajmini 2008 yilga nisbatan 2,3 barobar oshirishni ta’minladi...
Mamlakat iqtisodiy taraqqiyotidagi muammolarni hal etishda aholi faoliyati bilan bir qatorda xalqqa yo’lboshchilik qiladigan, joylarda tashkiliy, boshqaruv ishiga rahbarlik qiluvchi shaxslarning o’rni kattadir. Yurtimizda o’z vazifasini sidqidildan ado etayotgan, xalqim deb, yurtim deb xizmat qilayotgan rahbarlar bilan birga, afsuski, faqat o’z manfaatini ko’zlab ish yuritayotgan, xalqning ijtimoiy ahvoli bilan qiziqmaydigan, rahbarlik faoliyatida qat’iylik va azmu shijoat yetishmaydigan rahbarlar ham yo’q emas. Masalan, fermer xo’jaliklarining tashkil etilishida ba’zi joylarda tender shartlarining qo’pol ravishda buzilishi, sersuv, unumdor, dehqonchilikka yaroqli yerlarning asosiy qismini o’z qarindoshlariga berish hollari uchrab turibdi. Prezident va keng jamoatchilik, parlament nazorati tufayli bunday rahbarlar faoliyatiga o’z vaqtida chek qo’yilmoqda.
Hammamizga ma’lumki, bizda davlat bosh islohotchi, degan tamoyil bor. Davlatning bosh islohotchilik rolini u ishonib qo’yilgan biron - bir lavozim egasi-rahbar amalga oshiradi, ya’ni, barcha islohotlar boshida-davlatning xodimi turadi. SHunday ekan, rahbar jamiyatda bo’layotgan iqtisodiy o’zgarishlarga, amalga oshirilayotgan islohotlar samarasiga javobgar shaxs hisoblanadi. Hozirgi davr rahbardan o’z manfaatini emas, ko’proq xalq, davlat manfaatini o’ylab ish ko’rish talab etiladi.
Mustaqillik yillarida jamiyatimiz hayotining barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar milliy-ma’naviy tiklanish jarayoniga ta’sir etmasligining iloji yo’q, bunday islohotlar milliy-ma’naviy tiklanishning mezoni bo’lib xizmat etadi. Insoniyat tarixida shu narsalar isbotlab berildiki, o’z umrini yashab bo’lgan eski tuzum qonun-qoidalarini yangicha asoslarda o’zgartirish tarixiy zaruriyatga aylandi va bunday o’zgarishlar barcha sohalarda keng ko’lamli islohotlar orqali amalga oshirilmoqda. Amalga oshiriladigan islohotlar jamiyatning ma’naviy hayotini ham o’z ichiga qamrab olib, u jamiyat, millat hayot-mamotini hal etib beradigan kuch sifatida maydonga chiqadi.
Xalqimizning o’z mustaqilligini qo’lga kiritishi uning asrlar mobaynida orzu bo’lib kelgan umidlarini ro’yobga chiqarish, sobiq sovet tuzumidan qolgan illatlardan qutilish, uning o’rnida bozor munosabatlariga asoslangan holda rivojlanish, demokratik, huquqiy davlat va fuqarolik jamiyati qurish imkonini yaratib berdi. Bunday ezgu maqsadlar osonlik bilan amalga oshmadi, uning uchun mustaqillik yillarida taraqqiy etgan mamlakatlarning turli sohada erishgan yutuqlari o’rganilib chiqildi, ulardan andoza sifatida foydalanildi va shular asosida yangilanishlar, islohotlar kontseptsiyasi ishlab chiqildi. Bunday kontseptsiyani ishlab chiqish jarayonida xalqimizning milliy mentaliteti, o’ziga xos an’ana va qadriyatlari har tomonlama hisobga olindi. Jamiyat hayotining barcha sohalarida amalga oshiriladigan islohotlardan jamiyat a’zolari hayotini farovonlashtirish, yurt taraqqiyotini yanada yuksaltirish maqsadlari ko’zda tutildi.
Jamiyat hayotida katta o’zgarishlarga erishish, uning taraqqiyot yo’lida to’siq bo’lishi mumkin bo’lgan illatlar barcha sohalarda, shu jumladan, iqtisodiy va ma’naviy sohalarda ham mavjuddir. SHuning uchun ham keng qamrovli yangilanishlar va islohotlar jarayoni mazkur sohalarni ham o’z ichiga qamrab olgan.
O’zbekiston taraqqiyot va yuksalish uchun katta imkoniyatlarga ega mamlakat, uning qulay geografik joylashuvi, xilma-xil tabiiy boyliklari yurtimizning rivojlangan mamlakatlar qatoridan joy olish imkoniyatini bermoqda. Mustaqillik yillarida O’zbekiston o’zining shu qulay imkoniyatlaridan xalqimizning hayot tarzini yaxshilashga qaratilgan hamkorlikni dunyoning taraqqiy etgan ko’plab mamlakatlari bilan keng ko’lamda olib bormoqda. Bunday hamkorliklarning yo’lga qo’yilishi albatta mustaqillik sharofati tufayli. Sobiq sovet tuzumi davrida O’zbekistonning chet mamlakatlar bilan mustaqil holda aloqa qilishini ko’z oldimizga ham keltira olmas edik, har qanday aloqalarimiz faqatgina markazning ruxsati bilan, Moskva orqali amalga oshirilardi. Ajdodlarimiz orzusi bo’lgan mustaqillikning qo’lga kiritilishi xalqimizga o’z taraqqiyot yo’lini mustaqil tanlab olish, jahon hamjamiyati bilan barcha sohalarda hamkorlikni kuchaytirish uchun keng imkoniyatini yaratib berdi.
O’zbekiston mustaqillikka erishgandan keyin xorijiy davlatlar bilan o’zining erkin, hech narsa bilan cheklab qo’yilmagan, to’la teng huquqli hamkorlikka asoslangan tashqi iqtisodiy siyosatini yuritib kelmoqda.
Bir vaqtlar hisob-kitob ishlarining hammasini ittifoq idoralari amalga oshirardi. Respublikada yetishtirilayotgan jami tabiiy boyliklar, xom ashyo va boshqa mahsulotlar qayoqqa ketayotganini, qaysi mamlakatga pullanayotganligi va u qaerga sarflanayotganligini markazdagilardan o’zga hech kim bilmasdi. Faqat mustaqillik tufayligina o’zimiz yaratayotgan boyliklarga o’zimiz ega bo’ldik. Bugungi osmono’par binolarimiz, o’nlab qurilgan ko’priklarimiz, minglab yoshlarni o’z bag’riga olgan kollej-litseylarimiz, xullas, barcha bunyodkorlik ishlarimiz ana shu milliy boyliklarimiz orqasidandir.
Shunday imkoniyatlarni yaratib bergan istiqlolni sharaflab, mustaqillikni mustahkamlash bugungi kunda har birimizning oldimizda turgan eng muhim muqaddas vazifalardandir. Jamiyatimizdagi illatlarga barham berish orqali, mamlakatimizdagi muammolarni hal etish mumkin. Agar har kim o’z vazifasiga sidqidildan, halol yondashsa, mas’uliyat bilan ish yuritsa, albatta barcha muammolar hal bo’lishi tabiiy.
Shu o’rinda ta’kidlash joizki, O’zbekiston iqtisodini mahalliy kadrlar bilan ta’minlash maqsadida mustaqillikning dastlabki kunlaridanoq davlat dasturi ishlab chiqildi. Sobiq sovet davrida mavjud bo’lgan kadrlarni saqlab qolish, ularga shart-sharoitlar yaratib berish bilan birga ta’lim tizimida 1997 yil 29 avgustda “Ta’lim to’g’risida”gi Qonun va “Kadrlar tayyorlash milliy dasturi” qabul qilindi. Bugun mamlakatimiz bo’ylab 297 yo’nalishdagi kasb-hunar kollejlari faoliyat yuritmoqda. Ushbu yo’nalishdagi kasb-hunar kollejlarni bitirib chiqqan ko’plab mahalliy kadrlar mamlakatimiz korxonalarida, qishloq xo’jaligi tarmoqlarida mustaqil mehnat faoliyatini davom ettirmoqdalar. “O’tgan davr mobaynida ana shu litsey va kollejlarni 1 million 446 mingdan ziyod farzandlarimiz, jumladan, 1 million 55 ming nafardan ortiq qishloq yoshlari bitirib, bugungi kunda ishlab chiqarish, qishloq xo’jaligi, boshqaruv va ijtimoiy sohalarda, barcha jabhalarda mehnat qilayotgani bizning shu yo’lda erishgan eng katta yutug’imiz bo’ldi”1.
Milliy kadrlar tayyorlash va ularni ish bilan ta’minlash davlatimiz oldidagi ijtimoiy-iqtisodiy masalalardan biri. 2010 yil 28 iyulda O’zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo’shimcha chora-tadbirlar to’g’risida”gi Farmoni ham aynan mana shu masalaga bag’ishlangan1. Farmonda «Barkamol avlod yili» Davlat dasturiga muvofiq hamda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni yanada rag’batlantirish, yoshlarni, kasb-hunar kollejlari, akademik litsey va oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish uchun qulay shart-shraoitlar yaratish masalasiga alohida e’tibor berilgan. Mamlakatda milliy kadrlarga berilayotgan diqqat-e’tiborning mohiyati shundaki, ushbu dastur orqali xalq xo’jaligining barcha tarmoqlarini mahalliy kadrlar bilan ta’minlash, mamlakat aholisini ish o’rinlari bilan band etish va yoshlarning kelgusida jamiyatda o’z o’rnini topishlari uchun zarur shart-sharoit yaratishdan iborat.
O’zbekiston kundan-kunga chiroy ochib, go’zallashib bormoqda. Bugun uning tabiiy boyliklari mehnatkash xalqimiz tomonidan ishlab chiqarishga safarbar etilmoqda. Bu boyliklar egasi bugun mana shu xalq, mana shu yoshlar.
O’zbekiston - mustaqil mamlakat. U endi biladi, qaramlik, mutelik nima ekanligini. Yana qayta kishan taqishni istamaydi. O’z haqini birovga bermoqchi ham emas, tenglar ichida teng hamkorlik yo’lini tutgan mamlakat.
O’zbekiston dunyo davlatlari bilan ana shu tamoyillar asosida hamkorlik aloqalarini o’rnatgan. U qisqa vaqt ichida o’nlab xalqaro tashkilotlar a’zosi bo’lishga erishdi. Jahon banki, Xalqaro valyuta fondi, Xalqaro elektr-aloqa uyushmasi, Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy va taraqqiyot banki, Bojxona hamdo’stligi kengashi va boshqa shu kabi xalqaro iqtisodiy hamda moliyaviy tashkilotlar mamlakat iqtisodiyoti taraqqiy etishida muhim rolь o’ynamoqda.
O’zbekistonning xalqaro tashkilotlar faoliyatida ishtirok etishi uning jahon mamlakatlari bilan iqtisodiy sohada hamkorlikni davom ettirishga asos bo’lib xizmat qilmoqda. Jahon mamlakatlari bilan iqtisodiy aloqada bo’lish respublikamizda mustamlakachilik davridan qolgan ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa muammolarni hal qilish imkonini beradi.
O’zbekiston o’zining geografik joylashuviga ko’ra, dengiz va okean suv yo’llariga to’g’ridan-to’g’ri chiqa olmaydi. Bu esa uning tashqi iqtisodiy faoliyati imkoniyatlarini birmuncha cheklab qo’yadi.
O’zbekiston Rossiya orqali faqat shimolga chiqishi mumkin. Mustaqillik yillarida Janubga borish uchun Afg’oniston orqali Pokistonga, Hind okeaniga, G’arbga Eron orqali Turkiyaga, Fors ko’rfaziga, Xitoydan esa barcha yaqin SHarq mamlakatlariga chiqish uchun magistral yo’l qurish ishlari amalga oshirildi.
O’zbekiston bugungi kunda Osiyo, Yevropa, Janubiy SHarqiy Yevropadagi qator mamlakatlar bilan har tomonlama aloqalarni teng huquqlar asosida davom ettirmoqda. Turizmni rivojlantirish orqali mamlakat iqtisodiga chet el valyutasining kirib kelishiga alohida e’tibor berilmoqda, mamlakatimiz madaniy-ma’naviy boyliklaridan oqilona foydalanishga erishilmoqda.
Mamlakatimiz uzoq yillar davomida bir qator mamlakatlar bilan yaqin do’st, qo’ni-qo’shni sifatida hayot kechirmoqda. MDH davlatlari o’rtasida sobiq sovet davrida shakllangan iqtisodiy aloqalar mustaqillikdan so’ng yangi ko’rinishda qayta tiklandi. Respublika tabiiy boyliklarini qayta ishlashda Rossiyaning “Gazprom”, “Lukoyl” kompaniyalari, Qozog’iston tomonidan tashkil etilgan qo’shma korxonalar va boshqa MDH davlatlari bilan iqtisodiy hamkorlik maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar O’zbekiston iqtisodiga ijobiy ta’sir ko’rsatib kelmoqda.
O’zbekiston o’zining tashqi savdosi, iqtisodida importdan ko’ra, eksport salohiyatini oshirishga intilmoqda. Eksportda xom ashyo yetkazib beruvchi mamlakatdan tayyor mahsulotlar yetkazib beruvchi mamlakatga o’tish yo’lini tutmoqda.
O’zbekiston bugungi kunda barcha muammolarini o’zi hal etayotgan mamlakat. Buning ma’naviy zamini esa u qo’lga kiritgan mustaqilligidir. Istiqlol tufayli O’zbekiston butun dunyoga tanildi. U endi tenglar ichra teng mamlakatdir.