Aholi punktlari yerlari - shaharlar, qishloqlar chegara (chizihi) ichidagi yerlardir. Hozirgi
vaqtda 120 shahar va shaharchalar, 1456 qishloqlar mavjud bo‘lib, ular 232,7 ming ga yerni
egallab turishibdi. Aholi punktlari yerlari tarkibining 3,9% qishloq xo‘jaligi yerlariga to‘g‘ri
keladi, qurilish tagidagi hudud esa 9% tashkil etadi.
Sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar -
ko‘rsatilgan maqsadlarda foydalanish uchun huquqiy shaxslarga berilgan yerlardir. Sanoat
maqsadlariga mo‘ljallangan yerlarga sanoat korxonalariga, shu jumladan kon sanoati, energetika
korxonalariga, ishlab chiqarish va yordamchi binolar hamda inshootlar qurish uchun doimiy
foydalanishga berilgan yerlar kiradi. Transport maqsadlariga mo‘ljallangan yerlarga kabel, radio
va havo aloqa tarmoqlari va elektr uzatish tarmoqlari tagidagi va ular o‘tgan yerlarga tutash
yerlarda, qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda, muhofaza mintaqalari uchun ajratilgan
yerlar kiradi. Qurolli kuchlar, chegara, ichki ishlar va temir yo‘l qo‘shinlarining harbiy qismlari,
harbiy o‘quv yurtlari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning joylashuvi hamda doimiy
faoliyati uchun berilgan yerlar mudofaa ehtiyojlari uchun mo‘ljallanagan yerlar deb e’tirof
etiladi.
Tabiatni muhofaza qilish, sog‘lomlashtirish, rekreatsiya maqsadlariga mo‘ljallangan yerlar - alohida muhofaza etiladigan tabiiy hududlar egallagan, tabiiy davolash omillariga ega
bo‘lgan yerlar, shuningdek ommaviy dam olish va turizm uchun foydalaniladigan yerlardir;
Tabiatni muhofaza qilish maqsadlariga mo‘ljallangan yerlar jumlasiga davlat
qo‘riqxonalari, milliy va dendrologiya bog‘lari, botanika bog‘lari, tabiat yodgorliklarining
belgilangan tartibda korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga maxsus maqsadlar uchun berilgan
yerlari kiradi. Mazkur yerlarda ularning belgilangan maqsadlariga zid bo‘lgan faoliyat
taqiqlanadi.