Sog‘lomlashtirish maqsadlariga mo‘ljallangan yerlar - tabiiy shifobaxsh omillarga ega
bo‘lgan, kasalliklarning oldini olish va davolashni tashkil etish uchun qulay, belgilangan tartibda
tegishli muassasalar va tashkilotlarga doimiy foydalanishga berilgan yer uchastkalari kiradi.
Rekreatsiya maqsadlariga mo‘ljallangan yerlar - aholining ommaviy dam olishi va
turizmni tashkil etish uchun tegishli muassasalar va tashkilotlarga
berilgan yerlardir.
Tarixiy-madaniy ahamiyatga molik yerlar - tarixiy-madaniy yodgorliklar joylashgan
yerlardir. Ular jumlasiga tarixiy-madaniy qo‘riqxonalar, me’morial bog‘lar, mozorlar,
arxeologiya, tarix va ma’daniyat yodgorliklarining tegishli muassasalar va tashkilotlarga doimiy
foydalanishga berilgan yerlari kiradi.
O‘rmon fondi yerlari - o‘rmon bilan qoplangan, shuningdek o‘rmon bilan qoplanmagan
bo‘lsa ham, o‘rmon xo‘jaligi ehtiyojlari uchun berilgan yerlardir. Ular o‘rmon xo‘jaligi
korxonalari tasarrufida bo‘lishadi.
Suv fondi yerlari - suv havzalari (daryolar, ko‘llar, suv omborlari va sh.o‘.), gidrotexnika
va boshqa suv xo‘jaligi inshootlari egallab turgan, shuningdek suv havzalarining va boshqa suv
ob’ektlarining qirg‘oqlari bo‘ylab ajratilgan mintaqalaridagi suv xo‘jaligi ehtiyojlari uchun
korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga belgilangan tartibda berilgan yerlardir.
Zaxira yerlari - huquqiy va jismoniy shaxslar egaligiga, foydalanishiga, hamda ijaraga
berilmagan, mulk qilib sotilmagan barcha yerlardir. Bunday yerlar jumlasiga egalik qilish va
foydalanish huquqi, ijaraga olish huquqi, mulk huquqi «Yer kodeksi»ning 36 moddasiga muvofiq
bekor qilingan yerlar ham kiradi. Bu toifa yerlari, asosan, qumliklarni, botqoqliklarni, jarliklarni,
tog‘u-toshlarni va sh.o‘. o‘z ichiga oladi. Bu yerlardan foydalanishga ular boshqa toifalarga
o‘tkazilganlaridan keyin yo‘l qo‘yiladi.