* yerdan to‘la va samarali foydalanishni ta’minlovchi yer egaliklarining (yerdan foydalanishlarning) oqilona o‘lchamlari va joylashishi, ulardagi yer turlarining nisbati; * xo‘jaliklar chegaralarini tuproq eroziyasiga va boshqa salbiy ta’sirlarga qarshi kurash talablaridan kelib chiqqan holda o‘tkazish; * sug‘oriladigan yerlarni samarali foydalanishga imkon yaratadigan, sho‘rlanish, eroziya va boshqa salbiy oqibatlarga olib kelmaydigan qilib joylashtirish; * xo‘jalik markazlari, chorvachilik fermalari va sanoat korxonalarini suv manbalariga, hosildor yerlarga va muhofaza qilinadigan hududlarga nisbatan ularning ifloslanishiga yo‘l qo‘ymaydigan qilib joylashtirish; * xo‘jalik hududida oqova suvlar oqizilib sug‘oriladigan maxsus dalalarni qishloqlar va chorvachilik fermalaridan chiqadigan oqova suvlarni tozalash maqsadida to‘g‘ri joylashtirish; * nafaqat qishloq xo‘jaligi korxonasi hududida, balki ular atrofidagi yerlarda ham ekologik muvozanatni saqlash va tabiatni muhofaza qilish uchun zarur sharoitlar yaratish; * ishlab chiqarish manfaatlari uchun ekologik muvozanatni buzmasdan yerlarni o‘zlashtirish va transformatsiyalash; * hududni xo‘jaliklararo tashkil etishni ekologik asoslash. Ma’muriy tuman hududini xo‘jaliklararo tashkil etishda uning butun hududida tabiatni muhofaza
qilish ta’minlanishi va bir tomondan qishloq xo‘jaligi yer egaliklari va yerdan foydalanishlari, ikkinchi
tomondan mahsus qo‘riqlanadigan hududlar orasidagi to‘g‘ri o‘zaro aloqa o‘rnatilishi kerak bo‘ladi.
Bunday hududlarga qo‘riqxonalar, tabiatning muhofaza qilinadigan manbaalari, qattiq muxofaza
qilinadigan va suv muhofaza mintaqalari, muhofaza qilinadigan o‘rmonlar va landshaftlar, shahar va
qishloqlarning himoya mintaqalari, hamda avtomobil yo‘llari atrofidagi muhofaza polosalari va boshq.
kiradi.
Har bir muhofaza qilinadigan hudud, mintaqa, manbaa bo‘yicha muhofaza mintaqasining o‘rni, eni
va maydoni, hududdan foydalanish va uni muhofaza qilish tartibi belgilanadi. Qishloq xo‘jalik yerlari
kam sharoitlarda muhofaza qilinadigan hududlardagi qishloq xo‘jalik yerlaridan foydalanish tartibini
belgilash katta ahamiyat kasb etadi. Ushbu ishlarni bajarish natijasida loyiha chizmasiga muhofaza
qilinadigan va belgilangan maxsus tartib asosida foydalaniladigan yerlar chegaralari tushiriladi.