Arxeografiya — yozma manbalarni ilk tavsifga olish yoki ularni qidirib topib,
birinchi marta tavsiflash, ilmiy muomalaga olib kirishni nazarda tutadi. Bu
ilmiy yo‗nalish Respublikamiz fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy
nomidagi Sharqshunoslik instituti va sobiq Qo‗lyozmalar institutida boshlangan
bo‗lib, ma‘lum davrgacha Farg‗ona vodiysi, Samarqand, Buxoro va Xorazm
viloyatlariga qator arxeografik ekspeditsiyalar uyushtirilgan.
Hozirgi paytda Sharqshunoslik instituti va Islom universiteti qoshida sharq
qo‗lyozmalarini qabul qilish arxeografik komissiyalari mavjud bo‗lib, ularda aholi
o‗rtasida mavjud yozma manbalaming qiymatini aniqlashga qodir mutaxassislar
bor.
Tarixiy manbalarni aniqlash, tanlash va tahlil etish. Tarixiy manbani aniqlash,
tanlash va nihoyat uni ilmiy tahlil qilish har qanday ilmiy tadqiqotning uning katta-
kichikligidan qat‘iy nazar, dastlabki bosqichi hisoblanadi. Tadqiq etmoqchi
bo‗lgan masalaning ilmiy hamda nazariy jihatdan to‗g‗ri hal etilishi ko‗p jihatdan
har qanday ilmiy ishning poydevorini tashkil etadigan manbaning sifat va
salmog‗iga, ya‘ni to‗laligi va faktik materialga boyligiga bog‗liqdir. Yana shuni
ham yodda tutish kerakki, aniq biron ilmiy masalani tadqiq etishda bir emas, balki
bir necha asarga qolaversa turli tipdagi manbalar (rasmiy hujjatlar, solnomalar,
geo-kosmografik va biografik asarlar)ga tayanmoq zarur.
Bularning qay biri asosiy, qaysisining yordamchi rol o‗ynashi esa tadqiq
etilish masalasinining mavzui va harakteriga bog‗liqdir. Masalan, ijtimoiy-
iqtisodiy masalalarini o‗rganishda rasmiy hujjatlar asosiy manba rolini
o‗ynaydigan bo‗lsa, siyosat hamda madaniy hayotni yoritib berishda solnomalar
va biografik hamda adabiy asarlar birinchi o‗rinda turadilar. Lekin, shunga
qaramay, ilmiy tadqiqot olib borishda faqat asosiy hisoblangan manba bilangina
kifoyalanib qolmay, ikkinchi darajali manbalarni ham bilmoq lozim. Qo‗lyozma
asarlar ustida olib borilgan ko‗p yillik izlanishlar shuni ko‗rsatadiki, ba‘zi tarixiy
asarlar ijtimoiy-iqtisodiy masalalar hamda madaniy hayotga oid qimmatli faktik
materialga ham boydir, rasmiy hujjatlar va biografik asarlar esa siyosiy tarixga oid
qimmatli faktlarni, tarixiy asarlarda yo‗q faktlarni uchratish mumkin. Shunday
qilib, ilmiy ishda ko‗p va turli tipdagi manbalarga tayanib ish ko‗rish, tadqiq
etilmish masalaga oid barcha manbalarni jalb etish bo‗lajak ilmiy asarning
qimmatini oshiradi.
Belgilangan biron-bir mavzuga tegishli manbalar tanlab olingandan keyin
ularning har biri, tashqi va ichki belgilariga ko‗ra ilmiy tahlil etilishi lozim.