Ilk asos. Ma’lumki, dastlab o‘zbek tili boshqa turkiy tillar bilan umumiy ildizga ega bo‘lgan. So‘ngra qarluq qavmlari lahjalari turli davrlarda o‘g‘uz, uyg‘ur, qipchoq kabi turkiy, shuningdek, eroniy, arabiy, mo‘g‘ul kabi noturkiy qavm vakillari lahjalarini o‘ziga singdirib, IX-X asrdan e’tiboran boshqa turkiy tillardan fonetik, leksik-grammatik jihatdan farqlanuvchi bir til ajralib chiqa boshlaydi. Bu til o‘ziga xos shakl-shamoyildagi turkiy (o‘zbek) til bo‘lib, u shu davrdan mustaqil milliy til sifatida shakllanish va taraqqiyot pillapoyasiga qadam qo‘ygan. Bunga asosiy negizini O‘zbekiston hududida yashovchi, hozirgi o‘zbek millatining bobokaloni, turkiy xalqlarning qarluq toifasiga mansub aholisi tashkil etgan Qoraxoniylar davlatining o‘rnatilishi va bu davlatda rasmiy saroy tili sifatida, Mahmud Koshg‘ariy ta’biricha, «turkiy xoqoniy”ning e’tirof etilganliligi asosida amin bo‘lish mumkin. Manbalarda eski turkiy til atamasi bilan nomlanuvchi bu til turkiy, sharqiy turkiy, chig‘atoy tili kabi nomlar bilan ham yuritilgan. Ammo uning umumturkiy tildan ajralib, alohida yaxlitlik maqomiga ko‘tarilganligini, boshqa turkiy tillardan farqli xususiyatlarini asoslash, kelgusida milliy til sifatida e’tirof etiladigan bu tilning ontologik mohiyatini, fonetik, leksik-grammatik qurilishini tavsiflash ijtimoiy, qolaversa, ulkan ma’naviy-mafkuraviy ahamiyatga ega edi va u davr talabi, o‘ziga xos ijtimoiy buyurtma sifatida namoyon bo‘ldi. Bu buyurtmani qabul qilish va ado etish turkiylardan etishib chiqqan,XI asrda yashab o‘tgan qomusiy bilim sohibi, to‘ng‘ich turkiy tilshunos, adabiyotshunos, geograf, kartogaf, etnograf, tarixchi, sayyoh Mahmud Ibn Husayn ibn Muhammad Koshg‘ariy zimmasiga tushdi. Bejiz u “turkiyshunoslikning otasi”, “turkiyshunoslik bahodiri” (A.Samoylovich) sifatlari bilan ulug‘lanmagan.
Mahmud Koshg‘ariy Qoraxoniylar davlati xalqini turk (turklar) atamasi bilan qayd qildi, ularni va ularning tilini, avvalo, shu mintaqada yashayotgan o‘g‘uz, turkman va uyg‘ur qavmlari hamda ularning tilidan farqladi.
Tarixiy manbalar Koshg‘ariyning ikki kitobi haqida guvohlik beradi. «Devonu lug‘otit turk»da asosan, turkiy tilning leksik xususiyatlari fonetik asoslarda bayon etilgan. Bunda olim tilning grammatik tavsifini berishni asosiy maqsad qilib qo‘ymaydi. CHunki bu masala uning bizgacha etib kelmagan «Javohirun-nahv» kitobida mufassal bayon etilganligiga ishonchimiz komil. Ammo «Devonu lug‘otit turk»da so‘zlarni u yoki bu qurilish turiga bo‘lib lug‘atda berar ekan, ularning morfologik va yasalish xususiyatlari haqida ham qimmatli ma’lumotlarni bayon etadi. Mahmud Koshg‘ariy bergan, avvalo, leksik, derivatsion, qolaversa, grammatik tavsiflar bugungi zamonaviy lingvistik qarashlarning mag‘zidir. Umuman olganda, olim davr talabi va zaruratni chin dildan his qilgan holda ijtimoiy buyurtmani mukammal darajada ado etdi.