Konseptning lisoniy voqelanish jarayoni YUqorida aytilganidek, kognitologiya turli fan sohalari chorrahasida yuzaga kelgan fandir va uning tadqiqot sohasi «bilimni to‘plash va qo‘llash usullarini tadqiq qilish» sifatida belgilanadi (The Blackwell Dictionary of Cognitive Psychology 1990). Amerikalik psixolog H. Gardner kognitiv fanlar chorrahasida olti fan sohasi tutashishini va yagona bir ilmiy maqsad – tabiiy va sun’iy tizimlarda bilimning jamlanishi, qayta ishlanishi va qo‘llanishi muammolari echimini izlash bilan band bo‘lishini qayd qilgan edi (Gardner 1987). Ushbu sohalar munosabati quyidagi shaklda aks ettiriladi:
falsafa
psixologiya tilshunoslik
sun’iy intellekt antropologiya
nevrologiya Ko‘rinib turibdiki, ushbu sohalar o‘rtasidagi aloqa bir xilda amalga oshmaydi, binobarin, kompyuter fanlari (sun’iy intellekt) va antropologiyaning falsafa bilan aloqasi ko‘pincha bilvosita amalga oshadi.
Tilshunoslik ushbu fanlar chorrahasida mustahkam o‘rin olgan va barcha qavm sohalar bilan bevosita munosabatdadir. SHu sababli kognitiv tilshunoslik insonning bilish qobiliyati haqidagi fan – kognitologiyaning markaziy sohalaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Tilshunoslik kognitologiya fani shakllanishida asos yoki poydevor bo‘lib xizmat qilgan uch soha qatoridan bejiz joy olmagan bo‘lsa kerak. Bu sohalar quyidagilar: 1) insonlarga xos topshiriqlarni bajarish qobiliyatiga ega bo‘lgan kompyuter dasturlarining yaratilishi; 2) kognitiv psixologiya doirasida bilish faoliyatining ruhiyatga oid tomonlarining chuqur o‘rganilishi; 3) generativ grammatika nazariyasining taraqqiy etishi va ushbu nazariya bilan bog‘liq lingvistik yo‘nalishlarning paydo bo‘lishi (Miller 1964).
Ko‘rsatilgan sohalar hamkorligida shakllangan kognitologiyaning «tug‘ilish» sanasi 1956 yilning 11 sentyabridir. Ayni shu kuni Massachuset texnologiya institutida o‘tkazilayotgan simpoziumda uch ma’ruza tinglandi. Birinchi ma’ruzaning («7+2 sehrli soni») muallifi psixolog Jorj Miller (ha, aynan eslab qolish qobiliyatini 7+2 me’yorida belgilovchi Miller qonunining muallifi) edi. «Tilning uch modeli» deb nomlangan ikkinchi ma’ruza tilshunos Noim Xomskiy tomonidan taqdim etildi. Nihoyat, uchinchi ma’ruza «Logic Theory Machine» («Logik nazariyotchi») sun’iy intellekt sohasi bo‘yicha mutaxassis Alen Nyuell va bo‘lg‘usi Nobel mukofoti sohibi, iqtisodchi Herbert Saymonlar hammuallifligida bitilgan edi.
Kognitologiya fanining paydo bo‘lish sanasini 1956 yildan deb hisoblayotgan mutaxassislar (Muers, Brown 1986) uning asosiy vazifasini aqliy tasavvur qoidalari va mantiqiy xulosalar qonuniyatlariga tayangan holda tabiiy til tizimini «qayta ishlash»ning talabga va haqiqatga mos nazariyasini yaratishda ko‘radilar. Demak, cognition (kognitsiya), ya’ni bilish faoliyati axborot (ma’lumot)ni qabul qilish, taqdim etish va yaratish harakatlarini qamrab oladi. Bu turdagi harakatlar ijrosi lisoniyat zahiralaridan ozuqa oladi, bevosita yoki bilvosita lison bilan aloqada bo‘ladi. Insonning bilish qobiliyati uning lisoniy qobiliyati bilan hamohangdir. O‘tgan asrning boshlarida olmon faylasufi (keyinchalik AQSHda yashab ijod qilgan) Ernest Kassirer insonning bilish faoliyatiga borliqni xuddi ko‘zgudek aks ettirishga yo‘naltirilmasdan, balki predmetlarning ichki yoki tashqi mohiyatini aks ettiruvchi hodisa sifatida qaralishi lozimligini uqtiradi. Bu faoliyatni, yaxshisi, tasavvur va idrokni uyg‘otadigan yorug‘lik manbaiga o‘xshatish ma’qul: yorug‘lik qanchalik ravshan bo‘lsa, manba shu qadar kuchli bo‘ladi va biz predmetni shunchalik aniq ko‘ramiz (Sassirer 1923: 26). Bilish jarayonida hosil bo‘lgan mental tuzilma – konsept mazmunida aynan shu turdagi ravshan va aniq ko‘rinishga ega bo‘lgan belgi - xususiyatlar o‘rin oladi hamda konseptning lisoniy voqelanishida xuddi shu xususiyatlar etakchilik qiladi.
Voqelikni aks ettirish to‘g‘ridan-to‘g‘ri tilning vazifasiga kirmaydi, bu vazifani dastlabki o‘rinda tafakkur bajaradi. Lekin tafakkurda yuzaga kelgan mental tuzilmalar til tizimida o‘z ifodasini topadi. So‘z, xuddi boshqa til birliklaridek, alohida bir predmetni yoki voqeani atovchi oddiy bir yorliq bo‘lmasdan, balki voqelikni bilish vositasidir. Lisoniy birliklar vositasida axborot yig‘iladi, saqlanadi va avloddan-avlodga o‘tadi. Bir so‘z bilan aytganda, til birliklarining kognitiv jarayon kechishidagi o‘rni alohida e’tiborga loyiqdir.
Konseptning lisoniy moddiylashuv jarayoni yana bir muhim mental bosqichni bosib o‘tadi. Voqelikning tafakkurdagi umumlashgan in’ikosi – obrazning mantiqiy «qayta ishlanishi» natijasida hosil bo‘lgan konsept lisoniy «libos» olishidan oldin ushbu «libos»ning tasavvurdagi aksi – modeli yuzaga keladi. Lisoniy voqelanish rejasi paydo bo‘lishi zahotiyoq uni amalga oshirish uslubi izlanadi. Reja hamda «so‘zsiz» model nolisoniy yoki «botiniy nutq» jarayonida yuzaga keladi.
Botiniy nutqning yuzaga kelish muammosi bilan shug‘ullangan psixolog va psixolingvistlar ushbu hodisani turlicha talqin qilib kelishmoqda. Ulardan ayrimlari botiniy nutqni oddiygina qilib, o‘z-o‘ziga gapirish bilan tenglashtirsalar, boshqalari uni alohida hodisa, tashqi (zohiriy) nutqdan butunlay farq qiluvchi hodisa sifatida ta’riflaydilar. Eng muhimi – botiniy nutq zohiriy nutqning asosini, negizini tashkil qilishini olimlar e’tirof etib kelishmoqda. Darhaqiqat, nutqiy faoliyat ijro (talaffuz) va eshitish (mazmun idroki) bosqichlaridan tashqari yana bir bosqichni o‘z ichiga oladi. Bu tashqi yoki zohiriy nutqni rejalashtirish bilan bog‘liq yashirin jarayondir. A.R.Luriya aytganidek, bo‘lg‘usi nutqiy harakat niyat va rejadan boshlanadi va ushbu reja nutqiy faoliyatning «ichki harakatchan sxemasi» vazifasini o‘taydi (Luriya 1975: 38). Ichki sxema o‘ziga xos dasturlashtirish xizmatini o‘tab, lisoniy nomlanishi lozim bo‘lgan konseptning mundarijasida mujassamlangan asosiy mazmuniy xususiyatlarini qamrab olishida aks ettirmog‘i darkor. Botiniy nutq konseptning lisoniy voqelanishini ta’minlovchi jarayondir. Ushbu jarayonda bo‘lg‘usi lisoniy birlikning tuzilishi va mundarijasi shakllanadi. A.A. Leontev lisoniy birlikning botiniy dasturi va qolipi muhim mazmun ko‘rsatkichlaridan tarkib topishini va bu ko‘rsatkichlar nutqiy tuzilma uchun muhim bo‘lgan sub’ekt, predikat, ob’ekt bo‘laklarining muqobil «izi» dan iborat bo‘lishini isbotlashga harakat qilgan edi (Leontev 1969: 159). Botiniy nutqning eng asosiy xususiyati uning sharoitida lisoniy birlik mazmunan to‘liq shakllanishi va turli ma’noviy o‘zgarishlar bosqichlarini (ma’no kengayishi; murakkab tushunchalarni ifodalash uchun ma’no bo‘laklarini bir-biriga «yopishtirish» kabi) bosib o‘tishi bilan bog‘liq ekanligini L.S.Vыgotskiy ham ta’kidlagan.
Xullas, botiniy nutq jarayonida konsept, birinchidan, ma’lum mazmun shaklini olsa, ikkinchidan, lisoniy belgi tanlovi bosqichiga tayyorgarlik ko‘radi. Xuddi shu hozirlik lisoniy moddiylashuvdan oldingi harakatlar vositasida nominativ birliqning denotativ asosini mazmunan boyitadi. Bu bilan lisoniy tanlov imkoniyati ham kengayadi. Lisoniy tanlov esa alohida ko‘rinishdagi lisoniy tafakkur faoliyati natijasidir. Bu faoliyatning ko‘chishi til o‘zlashtirilishi va nutqiy qobiliyat hosil bo‘lishi jarayonlariga mos ravishda kechadi. Ma’lumki, inson til va moddiy olamni bir xil uslubda hamda bir xil yo‘nalishda o‘zlashtiradi. Moddiy dunyo idroki ayni paytda idrok etilayotgan predmet – hodisalar haqida tushuncha tug‘ilishini, keyinchalik ushbu tushuncha mental namuna – konseptsifatida shakllanib, moddiy nom olishini taqozo qiladi. Bu xildagi ko‘p bosqichli lingvopsixik faoliyatning natijali (natija muvaffatsiyatli yoki muvaffatsiyatsiz bo‘lishidan qat’iy nazar) kechishida asosiy rolni lisoniy xotira o‘ynaydi.
Konseptning lisoniy voqelanish jarayoni, uning tabiati va uni harakatga keltiruvchi mexanizmlar haqida gapirayotib, N.Xomskiyning nutqiy faoliyat va lisoniy ijodni ta’minlovchi botiniy va zohiriy strukturalar haqidagi fikrini yana bir karra eslamaslikning imkoni yo‘q. Ushbu g‘oya botiniy strukturaning zohiriy tuzilmaga o‘tishini faqatgina formal jihatdan tahlil qilinishiga yo‘l qo‘yilganligi va natijada shakl mazmun (semantika) dan ustun bo‘lib qolganligi ayblovi bilan uzluksiz tanqidga uchrab kelayotganligiga qaramasdan, kognitiv tilshunoslik uchun ancha muhimdir. N.Xomskiy tilshunoslikda birinchilar qatorida (xuddi buni psixologiyada L.S.Vыgotskiy bajarganidek) nutq ijodi faoliyati bevosita mental tuzilmalarning «tashqi», ya’ni lisoniy tuzilmalarga ko‘chishi jarayonidan iborat ekanligi haqidagi g‘oyani o‘rtaga tashladi va bu g‘oyani nutq ijodi faoliyati tarkibida bazis (tayanch) hamda natija bosqichlarini farqlash bilan isbotlashga harakat qildi. N.Xomskiyning tilshunoslikdagi eng katta xizmati sifatida tan olingan ushbu g‘oya psixologlarning axborotning inson miyasining turli qobiqlarida ko‘p bosqichli «qayta ishlovdan» o‘tishi haqida bildirgan fikrlariga (Pribram 1975) qanchalik mos kelishiga e’tibor beraylik.
Tilshunos uchun eng muhimi tafakkur birligi bo‘lgan konseptning tilda (aniqrog‘i nutqda) aks etishini ta’minlovchi strukturalar, harakatlar, qoidalarni aniqlashdir. Bu vazifa yana tafakkur jarayoni, tashqi dunyo idroki harakatlari qanday shaklda va qaysi vositalar qo‘llanishida kechishini bilish masalasiga borib taqaladi. Zamonaviy falsafa va tilshunoslikda (ayniqsa, kogitologiyada) mental va nutqiy harakatlar bir xil shaklda ijro etilishi, o‘z navbatida, matn lisoniy tafakkur faoliyati mahsuli bo‘lishi axborot g‘oyasi (ya’ni uzatilishi va qabul qilinishi) nuqtai nazaridan izohlanmoqda. Darhaqiqat, axborot barcha tirik mavjudotlar hayotining tagzamini (poydevori)dir.