GESHTALT O‘tgan asrning birinchi choragida olmon psixologlari V.Keler, M. Vertxaymer, K.Dunker va ularning boshqa hamkasblari laboratoriyalarda olib borgan amaliy tajribalari asosida predmetlarning xususiyatlarini ularni mantiqan yangi munosabatlarda, bog‘lanishlarda bo‘lishini tasavvur qilish vositasida aniqlash mumkin, degan xulosaga kelishdi. Bu xulosa psixologiyada yangi oqim – geshtaltpsixologiya shakllanishiga turtki bo‘ldi. YAngi yo‘nalishning asosiy tushunchasi «geshtalt» olmoncha gestalt (obraz, struktura, yaxlit shakl) so‘zidan olinganligini e’tiborga olsak, ushbu tushuncha ruhiy tuzilmalar, obrazlarning o‘ziga xos yaxlitlikni ta’minlovchi belgi va xususiyatlarining umumlashmasini anglatadi. Geshtalt nazariyasining asoschilaridan biri Maks Vertxaymer (1880 - 1943) ushbu muammoni quyidagicha bayon qilgan edi: «… mavjud bog‘liklar asosida yuzaga keladigan yaxlitlik (umumiylik) avval alohida bo‘laklar ko‘rinishidagi elementlarning keyingi jamlanishidan iborat bo‘lmasdan, balki ushbu yaxlitlikning ichki struktur(aviy) qonuniyatlari bilan belgilanadi» (Vertxaymer 1987: 6).
Demak, voqelikni idrok etish va ruhan his etish yaxlitlikni «ko‘rish»dan boshlanadi. Ayrim tadqiqotchilar predmet–hodisalar haqidagi tushuncha, konseptning hosil bo‘lishi hamda keyingi bosqichda ushbu konseptning lisoniy voqelanishini predmetning alohida (yorqin ko‘zga tashlanadigan) belgi, xususiyatlarini payqash va alohida ajratib olishdan boshlanadi degan fikrdalar. Binobarin, ingliz faylasufi F. Bekonning fikricha, alohida narsalar (predmetlar) ning mohiyatini bilish ularning tarkibiy qismlari, oddiy xususiyatlarni bilish bilan bog‘liq. Bilishning bu turi predmetlarni mantiqan qismlarga, shakllarga ajratish jarayonidan iborat bo‘lar emish.
Ingliz faylasufi taklif qilayotgan induksiya metodining bilish jarayonida amaliy ahamiyatini hech ham inkor qila olmaydi. Ammo ushbu metod qo‘llanilganda bilish ob’ektining to‘liq mohiyati ochilmasdan qoladi, bunda ob’ektning ko‘proq tashqi qiyofasiga oid xususiyatlar, uning boshqa ob’ektlar bilan munosabatining ham tashqi tasodifiy tomonlari e’tiborga tushib, ichki mohiyat nazardan chetda qolishi mumkin. Bunday bilish jarayoni ehtimolli bilimdan boshqa narsa emas. Ob’ektning asl mohiyatini bilish uchun asosiy xususiyatni tasodifiydan ajrata olish, tashqi munosabatlardan ichki aloqaga o‘tishni ta’minlash hamda ob’ektning aniq, ayoniy obrazi o‘rni ideal obrazga murojaat qilish imkonini yaratadigan metod zarur bo‘ladi.
Bilish metodlarini tanlashda birini ikkinchisiga (masalan, induksiyani deduksiyaga) qarama–qarshi qo‘yish noto‘g‘ri. Bu fan metodologiyasining talabiga hech ham to‘g‘ri kelmaydi. Binobarin, yaxlitlik va yakkalik (alohida bo‘laklar) munosabatini olsak, bunda bilish jarayonining yo‘nalishi faqatgina yaxlitlikdan yakkalikka (induktiv) yoki, aksincha, yakkadan yaxlitga yo‘naltirilsa, kutilgan natijaga erishish amri mahol. YAxshisi, bu ikki yo‘nalishni mental faoliyatning bir-birini taqozo etuvchi hamda ayni bir paytda harakatga keluvchi shakli deb hisoblaganimiz ma’qul. Faylasuflarning ta’biricha, induksiya va deduksiya tafakkur harakatining mustaqil shakllari bo‘lishiga qaramasdan, ular doimo jonli aloqada, yagona bir mental faoliyat doirasida yuzaga keladilar va bunday yagonalik, umumiylik bo‘lmagan taqdirda bilish jarayonining umumiy maqsadi ro‘yobga chiqmas edi. Balki yaxlit va yagonani (bo‘lakni) bilish bir paytning o‘zida amalga oshadi deyish to‘g‘riroqdir. Ammo biz yaxlitni qanchalik darajada bo‘laklarga ajratib tadqiq qilmaylik, bunday tadqiqot natijalarining ilmiy bilim tizimiga kirishi faqatgina ushbu natijalar yaxlitning mohiyati haqida yangicha bilim bera olishi bilan bog‘liqdir.
Bizningcha, bilish jarayonida yaxlit va uning bo‘laklari o‘rtasidagi jonli aloqani e’tirof etish geshtalt nazariyasi tamoyillari va tahlil uslublarini inkor qilmaydi. Geshtaltpsixologiya ham yaxlitlikning bo‘laklarni idrok etishdagi ta’sir rolini alohida ta’kidlaydi hamda bo‘laklarning yaxlitlik tarkibida biriktiruvchi faktorlarni topish vazifasini qo‘yadi.
Xuddi shu narsani borliqni idrok etishning «geshtalt qonuniyatlari» yoki «geshtalt tamoyillari»da ko‘rish mumkin. Bu tamoyillarining ayrimlarini eslatmoqchiman (Ungerer 1996: 33).
- «yaqinlik tamoyili» (principle of proximity): bir-biriga yaqin joylashgan elementlar o‘zaro bog‘liq holda idrok etiladi;
- «o‘xshashlik tamoyili» (principle of similarity): bir-biriga monand elementlar yagona bir bo‘lak yoki qism sifatida idrok qilinadi;
- «yopiqlik tamoyili» (principle of slosure): idrok harakati berk (tugallangan) shaklga yo‘naltiriladi;
- «davomiylik tamoyili» (principle of continuation): alohida elementlar o‘rtasidagi uzilish kam bo‘lsa, ular yaxlitlik sifatida idrok etiladilar.
Voqeliklardagi ob’ektlarni yaxlitlikda xolistik idrok etilishi xuddi shu tamoyillarga asoslangan. Masalan, turli ko‘rinishdagi uy binolari suratini solishtirsak, ularning barchasida umumiy elementlar bor (deraza, eshik, devor, tom va hokazo). Biz bu suratlarni birinchi ko‘rganimizda binolarni alohida qismlarga ajratmaymiz, aksincha, faqatgina bino sifatida ko‘ramiz. Bunda yaxlitlik idroki, geshtalt tamoyillari amal qiladi: Binoning barcha qismlari bir-biriga yaqin, bog‘liq («yaqinlik tamoyili»); binoning eshiklari bir xil («o‘xshashlik tamoyili»); binoning barcha elementlari bir-birini davom ettiradi, o‘zaro aloqada («davomiylik tamoyili»).
YAxlitlik va bo‘lakning bu turdagi munosabati bevosita bo‘laknnig yaxlitga «tobe» bo‘lishida namoyon bo‘ladi hamda ushbu tobelik quyidagi qonuniyatlarda o‘z aksini topadi:
yagona bir element turli yaxlit tuzilmalar tarkibida turlicha idrok qilinadi;
obrazning ayrim elementlari almashtirilsa-yu, lekin ular o‘rtasidagi munosabatlar o‘rami saqlansa, obrazning umumiy strukturasi o‘zgarmaydi;
ayrim hollarda ma’lum bir bo‘laklar tushib qolganda ham yaxlitlik saqlanadi (Alafirenko 2005: 193).
YAxlitlik tarkibidagi elemntlarning joylashuvi qanchalik muntazam bo‘lsa hamda ularning o‘zaro munosabatlari uzviy bo‘lsa, ushbu yaxlitlikning tafakkurdagi obrazi ham shunchalik aniq va yaqqol ko‘rinish oladi. Bunday to‘liqlilik barkamollik «pregnantlik» (olmoncha Pragnanz … ….) nomini olgan qonuniyatga amal qilish natijasida yuzaga keladi va «yaxshi» geshtalt hosil qilishga undaydi (Vertxaymer 1987: 274).
Geshtalt tushunchasini tilshunoslikda birinchilardan bo‘lib tadbiq etgan J.Lakoff (1981: 360) ham uni lisoniy, mantiqiy, perqeptual (idrokiy) va boshqa turdagi jarayonilarni aks ettiruvchi struktura sifatida ta’riflovchilar tarafdori. Haqiqatdan ham geshtalt tabiatan bir paytning o‘zida ikki tomonga, ya’ni tafakkur va lisonga, intiluvchi mantiqiy strukturadir. Bu struktura yaxlit tuzilma sifatida matnni mazmuniy qismlarga bo‘lish hamda ushbu mazmun doirasida matn va qismlarni kengaytirish imkonini beradi.
Geshtaltning kognitiv tilshunoslikdagi ahamiyati, ayniqsa, matn tuzilishini o‘rganishda muhimdir. Matn tilshunosligida uzoq davr induktiv metod hukmronlik qilganligini bilamiz. Matnni qismlar yig‘indisidan iborat deb qarash tahlilni yig‘ma analitik usulda bajarish natijasida bu tahlil gap sintaksisidan nariga o‘tmaslik xavfi tug‘ildi. Bunday xavfdan qochishning yagona yo‘li tahlilni yaxlitlikdan qismlarga yo‘naltirish, geshtalt nazariyasiga murojaat qilishdir. Zero, har qanday matn yagona bir mavzu, g‘oyaning yoritilishdir. G‘oyaning yagonaligi qosmlarning mavzu doirasida birikishini, yaxlitlikni talab qiladi. Qismlar mazmuni esa yaxlit mavzuning epizodlaridir.
Voqelikni idrok etish va tafakkur faoliyati jarayonida hosil bo‘ladigan konseptni lisoniy voqelantirish murakkat lisoniy –mental faoliyatdir. Ushbu faoliyatning samarali bo‘lishi uchun, birinchi navbatda, tafakkurning o‘zi mahsuldor bo‘lishi lozim. «YAxshi» geshtaltning hosil bo‘lishi ham tafakkurning ijodiy yo‘naltirilganligi, samaraga intilishi bilan bog‘liq. Mahsuldor tafakkur (productive thinking) haqiqiy g‘oya tug‘ilishi jarayoni va bu barcha turdagi mantiqiy amallarning (analiz, sintez, o‘xshatish, umumlashtirish va boshqalar) yuqori darajada shakllantirilishi, bajarilishini talab qiladi. Mahsuldor tafakkur nazariyasining asoschisi M.Vertxaymer (1987) ushbu nazariyani shakllantirishda geshtalpsixologiyaning asosiy tamoyillariga tayanganligi ma’lum. YAxlitlik, strukturaviylik, harakatchanlik, tizimiylik tamoyillariga tayangan mahsuldor tafakkur maqsadli amallar vositasida bajariladi. Bular qatoriga quyidagi amallar kiradi:
- markazlashtirish: har bir elementni umumiy tarkibda joylashishi va tutgan o‘rniga nisbatan idrok qilish;
- guruhlash: elementlarni ularning strukturadagi umumiy vazifasi va o‘rniga binoan guruhlarga ajratish;
- farqlash (ajratish): strukturaga oid munosabatlarni tasodifiy, strukturadan tashqi aloqalardan farqlash.
Ushbu amallar, ularning ongli yoki ongsiz ravishda bajarilishidan qat’iy nazar, «yaxshi» geshtalt hosil bo‘lishi uchun faqatgina yaxlitga e’tiborni qaratish etarli emasligidan guvohlik beradi.
To‘g‘risini aytganda, ijodiy tafakkurda idrok ob’ekti yaxlitlikdan boshlanishi biror bir muammoga sabab bo‘lmaydi. Bunday holat ayniqsa, san’at asarlari yaratilishida yaqqol ko‘zga tashlanadi, zero, rassom avval chizayotgan asarning umumiy g‘oyasini tasavvur qiladi va keyinchalik uning detallariga chizgi beradi. YOzuvchi badiiy asarning umumiy mazmuni, g‘oyasini turli mundarijaviy qismlar vositasida tasvirlaydi. Olim dastlab yozilajak risola yoki maqolaning mavzusini tanlaydi, ilmiy farazni shakllantiradi, to‘plangan material va tajriba natijalari tahlili keyingi bosqichlarda bajariladi. Xuddi shuningdek, bastakorning mashg‘uloti notalarni bir-biriga biriktirish emas, u asar yaratishni yuqori bosqichdan, ya’ni mavzu shakllanishidan boshlaydi va faqat shundan so‘ng notalarga murojaat qiladi. Ammo yaxlitlikka, markaziy g‘oyaga qaratilgan ushbu turdagi faoliyat bo‘laklarsiz o‘z maqsadiga erishmasligi ehtimoli yo‘q emas. Bulaklarning o‘zaro munosabatlari asosida yaxlitlik hosil bo‘lishi barchaga ma’lum. Bo‘laklar tahlili markaziy g‘oyani yanada aniq tasavvur qilish imkonini beradi, ularning mavjudligi yaxlitning mavjudligiga sababdir (fr. Raison detre – «mavjudlik sababi»). Buning ustiga, bo‘lak yaxlitning tizimdagi vazifasini aniqlab berish qobiliyatiga ega.
Hali o‘tgan asarning 30-yillaridayoq, M.Vertxaymer voqelikni bilishda yaxlit va bo‘lakning munosabatini hisobga olish qanchalik muhim ekanligini alohida uqtirib o‘tgan edi. Uning yozishicha, «Ko‘pincha ikki o‘zaro bog‘liq yo‘nalishning hamrohligini kuzatamiz: biri - bo‘laklardan yaxlitlikka, ikkinchisi – yaxlitdan bo‘laklarga. Bu holat, odatda, maqsadli jarayonda yaxshi geshtalt yuzaga kelishida kuzatiladi. Bunday («yaxshi» -SH.S.) geshtalt bo‘laklar tabiati ta’siridan xoli, mustaqil bo‘lmaydi, u bo‘laklar xususiyatlari talabiga mos keladi» (Verxaymer 1987: 278). Demak, geshtaltning shakllanishida bo‘laklarga xos xususiyatlarning alohida o‘rni bor. Faqatgina shu yo‘sinda hosil bo‘lgan geshtaltning tafakkur va til birliklarini kategoriyalashtirish imkonini beradi. Kategoriyalashtirish faoliyati esa prototiplarni ajratish va qiyoslash harakatlari negizida amalga oshiriladi.