Lisoniy hodisalarning kognitiv tahlili Kognitologiya – bilish nazariyasining asosi, insonning bilish faoliyati haqidagi fan ekanligi ushbu risolaning ilk sahifalaridayoq qayd etildi. SHunday ekan, kognitiv tilshunoslikning asosiy maqsadi ham til tizimining bilish jarayonidagi ishtiroki va ulushini aniqlashdir. Til birliklarining egallanayotgan bilimning lisoniy voqelanishdagi ishtiroki hamda lisoniy faoliyatning axborotni shakllantirish va «qayta ishlash»dagi rolini aniqlash kognitiv tahlilning ko‘rinishlaridan biridir.
Lisoniy faoliyat – kognitiv faoliyat bilan bevosita bog‘liq, uning ajralmas bir qismi. Ammo kognitiv tilshunoslik, kogitologiyaning boshqa sohalaridan farqli holda, inson tomonidan til tizimini va ushbu tizimni harakatga keltiruvchi omillarni o‘zlashtirishi va ulardan foydalanish qoidalarini qay yo‘sinda tartibga solinishi kabi masalalar bilan shug‘ullanadi. Kognitivist – tilshunos lisoniy hodisalarning tafakkur faoliyatidagi o‘rni, bajaradigan vazifalari bilan qiziqadi. Lekin bu qiziqish oddiy emas. U (kognitivist) lisoniy va tafakkur faoliyatlari munosabatlarining yuzaga keltiruvchi sabablarni qidiradi va bu sabablar oqibati bo‘lgan muloqot matnlari – lisoniy tuzilmalarni tarkiban va mazmunan anglashga, tahlil qilishga harakat qiladi. Demak, kognitiv tilshunoslik asosan inson lisoniy faoliyatini sabab va oqibat bog‘liqligida tadqiq etuvchi, «tushuntiruvchi» fan sohasidir (Demyankov 1994). Bunday tadqiq ikki yo‘nalishda bajariladi: a) nutqiy faoliyat ijrosi va uning mahsulining paydo bo‘lishi; b) ushbu faoliyat mahsulotlarining idrok etilishi. Ko‘rsatilgan vazifalarning bajarilishi ko‘p jihatdan tanlangan yo‘nalish va uslubning bevosita til materialiga tadbiq etilishi bilan bog‘liqdir.
Kognitiv tilshunoslikning taraqqiy etgan sohalaridan biri kognitiv fonologiyadir. Ushbu yo‘nalishda fonologik (fonetik) hodisalarning kognitiv faoliyat andozalari bilan mos holda yuzaga kelishi masalasi muhokama qilinadi. S.Eliassonning qayd etishicha, kognitiv qoliplar nutqiy birliklarning mazmun doirasiga ta’sir o‘tkazuvchi fonetik hodisalar harakatini «nazorat» qilib boradi, mazmun va shakl o‘rtasidagi munosabatlar doirasini aniqlab beradi (Eliasson 1991). Har qanday lingvokognitiv faoliyat axborotning inson ongida faollashuvi jarayonidir va bu jarayon bevosita nutqiy faoliyatda o‘z aksini topadi. U. CHeyfning kuzatishicha, nutqiy tuzilmaning qanday ohangda talaffuz etilishi kechayotgan voqea haqidagi axborot inson ongining sathidan olinishi bilan bog‘liq ekan.
Masalan, quyidagi gaplarni qiyoslaymiz:
Ahmad Toshkentga ketdi (voqea kechayotgan zamonni ifodalovchi bo‘lak yo‘q, urg‘u Toshkentga bo‘lagiga tushadi).
Ahmad kecha Toshkentga ketdi (payt holi bo‘lagi mavjud va urg‘u oladi).
Birinchi gap tarkibida payt holi o‘rnining bo‘sh qolishi kechayotgan hodisaning yangidan hosil bo‘lganligi va bu hodisa to‘g‘risidagi ma’lumotning yangi ekanligiga hamda ushbu ma’lumot xotiraning ustki qismlarida saqlanayotganligidan darak. Ikkinchi gapdagi o‘rin holi («kecha») alohida ohangda talaffuz etiladi hamda bayon qilinayotgan hodisaning ma’lum paytda sodir bo‘lganligiga ishora paydo bo‘ladi, bu axborot inson xotirasining anchagina «chuqurroq» sathlaridan olinadi (CHeyf 1975: 6). Uolles CHeyf eslatganidek, «til axborotni so‘zlovchi ongidan tinglovchi ongiga uzatish imkonini yaratadi» (CHeyf 1975: 241) va bu axborotning ma’lum bir qismi tinglovchi uchun yangi, u uni birinchi marotaba eshitmoqda. Lekin uzatilayotgan barcha qismlari ham tinglovchi uchun yangi bo‘lishi mumkin.