Abbos Rafiqdan daftarni yuz so‘mga sotib oldi. «Xarid» freymining «tugunlar»i (slotlari) «sotib olmoq» fe’lining valentlik imkoniyatlarining takroridek tuyuladi: «Xarid qiluvchi» (Abbos) – sub’ekt, «tovar, mol» - (daftar) – ob’ekt, «sotuvchi» (Rafiq) – nimadir, «Pul» (yuz so‘m) – vosita.
Ammo freym alohida olingan predikativ birliklarning sintaktik imkoniyatlarini tasvirlovchi hodisaga aylanmasligi lozim. «Tafakkur tili»ning birligi sifatida tanlanayotgan andoza o‘zida butun bir voqea-hodisalar guruhining stereotip xususiyatlarini aks ettirishi hamda konseptning lisoniy voqelanishi uchun asos tayyorlashi kerak.
«Freym» tushunchasining tor ma’nodagi talqini noqulayliklar tug‘dirayotganligini sezgan CH. Fillmor keyinchalik freym – kognitiv tuzilmalar ekanligini alohida ta’kidlaydi va bu tuzilmalarni bilish so‘zlar vositasida shartli ifodalangan konsept mundarijasida nazarga tutilishini qayd qildi: (frame) «are cognitive structures (…) knowledge of which is presupposed for the concepts encoded by the words» (Fillmore, Atkins 1992: 75).
Tilshunoslar tomonidan «freym» tushunchasining keng ma’noda talqin qilinishida ikki yo‘nalish paydo bo‘layotgani sezilmoqda. Bulardan birinchisida tadqiqotchilar, hanuz gap tuzilishi doirasidan chiqib ketishmasa-da, freym faqatgina majburiy komponentlardan iborat bo‘lmasdan, uning tarkibiga ixtiyoriy, ikkinchi darajali bo‘laklar ham kiritilishini taklif qilishmoqda. Ikkinchi yo‘nalish vakillari, freymning kechayotgan voqea-hodisa aksi ekanligini unutmasdan, freym – birgalikda harakatga tushadigan va bir-birini «qo‘zg‘atadigan» mantiqiy idrok elementlarining o‘zaro munosabati asosida yuzaga keladigan tuzilma ekanligini e’tirof etishadi. Natijada, freym ko‘p qismli va ko‘p tabaqali voqea – tuzilma (event frame) ko‘rinishini oladi. Binobarin, Leonard Talme (Talmy 1985: 61) voqea – freymning mantiqiy strukturasi hech bo‘lmaganda oltita kognitiv bo‘lakdan iborat bo‘lishi kerak deb hisoblaydi. Bular quyidagilar: Figure «figura, manzara», Ground (makon), Path (yo‘nalish), Motion (harakat), Manner (metod, uslub), Cause (sabab, motiv).
Ammo L.Talmi keltirgan misollarda ushbu kognitiv bo‘laklarning joylashuvi (yoki taqsimoti) tahlil qilinsa (Qiyoslang: The pensil layson the table «qalam stolning ustida turibdi»), freymda aks topgan voqeaning lisoniy moddiylashuv yana o‘sha gap qurilishi chegarasida qolayotganligining guvohi bo‘lamiz.
Menimcha, freymning murakkab mantiqiy qurilma ekanligini tushunish uchun yana o‘sha sun’iy intellekt yaratish harakatidagi olimlar targ‘ibotidagi g‘oyalarga qaytishga majburmiz. M.Minskiyning ta’rificha, freym mundarijasi majburiy (ishtiroki talab qilinadigan) va nomajburiy, ixtiyoriy (ishtiroki majbur emas) xususiyatlar umumlashmasidan tashkil topadi. Bular freym tuzilmasi umumiy «to‘qimasi»ning tugunlarini, oxirgi nuqtalari (terminal) o‘rnini egallashadi. Majburiy xususiyatlar lisoniy voqelanishi jarayonida til birligining semantik tuzilishining uzviy qismlari sifatida namoyon bo‘ladilar. Ixtiyoriy xususiyatlar esa freym tarkibida aniqlashtirish vazifasini bajaradilar. Ikkala turdagi xususiyatlar ham freym tarkibida ma’lum «katakcha»larni (slotlar) hosil qilishadi va voqelikdagi ob’ektni idrok etish jarayonida ushbu «katakcha»lar mos keladigan misollar va ma’lumotlar bilan to‘ldirilish lozim bo‘ladi (Minskiy 1979: 7)».
Masalan, ma’lum davrda «xabar etkazish» mazmunidagi hodisa negizida «biror narsa vositasida (kimgadir) xabar etkazish» freymi turgan. Keyinchalik, «mish-mish tarqatish, ovoza qilish» freymi oldingi freym andozasiga moslashadi hamda ushbu moslashuv jarayonida «nog‘ora urmoq» ikkilamchi konsepti va lisoniy birliklari yuzaga keladi.
Freymning murakkab tarkibli tuzilma ekanligining isbotini M.Minskiy ning asosiy struktura tarkibida subfreymlar (kichik freymlar) ajralishi haqidagi ta’kidida ham sezish mumkin. Binobarin, PLANE «samolyot» freymi, «uchuvchi», «xavfsizlik kamari», «styuardessa», «o‘rindiq» kabi qator kategoriyalar to‘plamidan iborat. Bundan tashqari, samolyotda uchish muhiti bilan bog‘liq yana qator subfreymlar («Ovqatlanish», «Kino tomoshasi», «Hojatga borish» kabi) voqea tafsilotini to‘ldiradi. Haqiqatdan ham kundalik turmush voqealari murakkab kechadi va shu sababli bizning voqelik haqidagi bilimimiz ham murakkab freym tizimida shakllanadi.