Global korpus – jahonshumul yangilik. XXI asr globallashuv asri ekanligi til korpuslari yaratish masalasida ham yaqqol ko‘zga tashlanadi. Xususan, dunyo milliy til korpuslarining “Britaniya Milliy korpusi” tizimiga yo‘naltirilayotganligi fikrimizning dalilidir. Til korpus-larining internet ichki to‘ri sifatida dunyo tillarini qamrab olishi mo‘ljallanmoqda. SHu tarzda global korpuslar to‘ri yaratiladi. CHunonchi, bir til korpusiga kirgan kishi bemalol u orqali butun dunyo tillari korpuslarini aylanib chiqishi mumkin bo‘ladi.
O‘zbek tilining milliy korpusi – davr talabi.O‘zbek tili dunyoning rivojlangan tillari qatorida turadi. Afsuski, tilimizning ichki imkoniyatlari axborot texnologiyalari tizimida etarli darajada ishga solinmayapti. Xususan, o‘zbek tilining milliy korpusini yaratish borasida biror ish boshlangan deb bo‘lmaydi. Bu ona tilimizning axborot texnologiyalari tili sifatida, shuningdek, milliy korpus shaklida global korpuslar to‘riga ulanib, jahonga yuz tutishiga monelik qilyapti.
Umuman olganda, dunyo tamadddunining bugungi shiddatli sur’ati boshqa tillar qatori o‘zbek tilining ham milliy korpusini yaratishni kuchli taqozo qilmoqda.
Kompyuter lingvistikasi.Axborot texnologiyalari asrida fan-texnika taraqqiyoti o‘zbek tilshunosligi oldiga ham muayyan vazifalarni qo‘ymoqda. Ayniqsa, o‘zbek kompyuter lingvistikasini yo‘lga qo‘yish, uning istiqbolli rejalarini belgilash zarurati kuchaygandan kuchaymoqda.
Jahon fanida o‘tgan asrning 60-yillarida shakllana boshlagan kompyuter lingvistikasi fani bugungi kunda ulkan yutuqlarni qo‘lga kiritayotgani holda bizning fanimizda uning shakllanishi va ommalashishi qiyin kechmoqda. CHunki bugungi kunda til dalillarini kompyuter texnologiyalari asosida qurish va qayta ishlash, tilning qo‘llanishini ma’lum bir sharoit, muammoli muhit uchun modellashtirish, tilning kompyuter modellarini lingvistika yoki boshqa sohalarda qo‘llash, mashina tarjimasi, kompyuter leksikografiyasini yo‘lga qo‘yish singari muammolar milliy kompyuter lingvistikasi yo‘nalishini rivojlantirishni taqozo qiladi.
Aslida kompyuter lingvistikasi funksiyasi ham kognitiv tilshunoslik tamoyillariga hamohang. SHu bois unda ham kognitiv terminlar – freym, sqenariy, sqena kabilar tayanch tushuncha bo‘lib xizmat qiladi. Zero, kompyuter lingvistikasining bosh maqsadi ham inson tafakkur tarzini modellashtirish asosida sun’iy intellekt yaratishga xizmat qiladi. Til va tafakkur mushtarakligi esa sun’iy intellektning har bir til uchun alohida bo‘lishini taqozo qiladi. Bugungi kunda tafakkurning umumiy qonuniyatlari aniqlanayotgan bo‘lsa-da, tillarning o‘ziga xos modelini dasturlash dolzarb bo‘lib qolaveradi. Buning uchun oliy o‘quv yurtlarida kompyuter lingvistikasi bo‘yicha matematik, lingvist, kompyuter dasturchilari va muhandislari faoliyatini uyg‘unlashtiruvchi tuzilma (kafedra, laboratoriya) lar shakllantirilishi lozim.
Jahon tilshunosligida kompyuter lingvistikasining bir tarmog‘i sifatida vujudga kelib, alohida lingvistik yo‘nalish, soha sifatida shakllanayotgan korpus lingvistikasi haqida to‘xtalish juda zarur. CHunki o‘zbek tilining milliy elektron korpusini yaratish – tilshunosligimiz oldidagi dolzarb vazifalardan biri. Bu esa shakllanajak korpus lingvistikasining zimmasiga tushadi.
Bugungi kunda dunyo tilshunosligida til korpuslarini yaratish, uni takomillashtirish va foydalanish yo‘llari masalasida ko‘plab xalqaro anjuman va simpoziumlar o‘tkazilmoqda, keng qamrovli ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmoqda. SHuningdek, dunyo tillarini bir korpus doirasida birlashtirish, ya’ni global korpuslar yaratish muammosi ham kun tartibiga qo‘yilmoqda.