Prototip va kategoriyalashtirish
Kognitiv tilshunoslikning asosiy vazifasi inson ongida kechadigan mental jarayonlarni lisoniy faoliyat bilan bog‘liq holda o‘rganishdir. SHunga nisbatan ushbu fanning erishgan asosiy yutuqlaridan biri insonning bilish faoliyati natijasida xotirada hosil bo‘ladigan oldingi tajribaning «iz»lari, ya’ni kategorial tushuncha hamda turli ko‘rinishdagi yuqori darajadagi tarkibli tuzilmalarning mantiqiy va lisoniy tizimlari haqidagi ma’lumotlar majmuasining to‘planishidir. Bu ikki tizim o‘rtasidagi aloqaning uzviyligi kategoriyalashtirish hodisasida yaqqol o‘z aksini topadi.
Bilish faoliyatida uzoq muddatli xotiraning rolini maxsus o‘rgangan amerikalik psixolog J.Brunerning quyidagi so‘zlarini eslaylik: «Til ham tashqi ta’sirlarni boshqarishga o‘rgatuvchi har qanday ta’lim ham turlar va kategoriyalar haqidagi ma’lumotdan boshqa hech qanday bilimni etkazmaydi. Agarda biror bir idrok (qilinayotgan hodisa – SH.S.) kategoriyalar tizimiga kiritilmasa, ya’ni ma’lum bir kategoriyadan tashqarida qolsa, u yakka shaxs tajribasining tubsiz sukunatiga ko‘milgan orzudagi marvaridga, qaqnusga aylanadi» (Bruner 1977: 160.
Lisoniy tajriba «sukunatdagi qaqnus» ga aylanib qolmasligi uchun, birinchidan, ushbu tajriba natijalarini tizimlashtirish lozim bo‘lsa, ikkinchidan, tizimlar qaysi asosda, qanday uslubda va qanday xususiyatlarni e’tiborga olgan holda o‘zaro farq qilishi mumkinligini aniqlash ehtiyoji tug‘iladi.
Ma’lumki, «kategoriya» tushunchasi o‘ta keng ma’noda talqin qilinadi va unda voqelik predmet – hodisalarining eng umumiy va muhim sifatlari, xususiyatlari, aloqalari va munosabatlari o‘z aksini topadi. Predmet-hodisalarni kategoriyalarga ajratish va ularni guruhlar bo‘yicha tasniflash amaliyoti qadimdan mavjud. Ammo tasnifiy belgilarni topish va ular asosida kategoriyalarni ajratish ko‘pincha oddiygina, shaxsiy tajribaga asoslangan holda, sodda uslubda, odmiyona ko‘rinishda bajarilib kelingan. Kognitiv psixologiya va tilshunoslik fanlarining rivoji kategoriyalashtirish faoliyatining ichki qonuniyatlari va asosiy tamoyillarini qaytadan ko‘rib chiqishni taqoza etadi.
Kategoriyalashtirish – murakkab aqliy mental va lisoniy jarayondir. Ushbu jarayon ma’lum turdagi harakat bosqichlarini qamrab oladi:
A) stimul (qo‘zg‘atuvchi sabab) tanlovi. Sezgi tizimiga kiruvchi (ko‘rish, eshitish, hid bilish kabi) stimullardan faqatgina diqqatni jalb qiladiganlari tanlanadi;
B) ajratish va tasniflash. Bu harakat tanlangan stimulni xotiradagi bilim bilan qiyoslash, moslashtirish yo‘li bilan bajariladi;
V) nomlash. Hosil bo‘lgan kognitiv kategoriya (konsept) nom oladi (Barsalou 1987: 102).
Kategoriyalarni ajaratishning psixologik asoslarini o‘rganish sohasida 1970 yillarda Elleonora Rosh laboratoriyasida olib borilgan tadqiqotlar alohida e’tiborga molikdir. Ayniqsa, hayvonlar, o‘simliklar, jihozlar kabilarning bosqichli tasnifiy guruhlanishiga oid tadqiqotlarda kategoriyalarga ajratishning psixolingvistik va kognitiv asoslari haqida muhim ma’lumotlar keltiriladi. Rosh xonim va uning hamkasblarining farazicha, kategorial tartiblashuvning xususiyatlari hech qanday tarixiy tasodif yoki erkin tanlov natijasi bo‘lmasdan, balki ma’lum turdagi umumiy psixologik tamoyillar ta’sirida yuzaga keladigan hodisadir. Bular «kognitiv tejamkorlik prinqipi» va «idrok etilayotgan borliq tamoyili» (Rosch 1978). Birinchi tamoyilga binoan kategoriya tizimida iloji boricha kamroq kognitiv harakat bajarish yo‘li bilan ko‘proq axborotga ega bo‘lish.
Ikkinchi tamoyilga binoan voqelikni turli ko‘rinishdagi belgi-xususiyatlarning tasodifiy uchrashuvidan iborat tartibsiz majmua sifatida qarab bo‘lmaydi. Voqelikdagi barcha ob’ektlar tartibli strukturaga ega. SHunga asosan kam kognitiv harakat sarf qilib, ko‘proq axborotga ega bo‘lish maqsadi idrok etilayotgan voqelik bo‘lagining tuzilishini aniq aks ettiruvchi kategoriya tizimi vositasida erishiladi.
Ushbu tamoyillarga murojaat qilishdan asosiy maqsad voqelik ob’ektlarining kategoriyalarga taqsimoti uslublarini aniqlashtirishdir. An’anaga ko‘ra, ma’lum turdagi ob’ektlarni bir guruhga kiritishning sababi ular o‘rtasida biror bir o‘xshashlikning mavjudligidir. O‘xshashlik esa har doir ham bir xil uslubda aniqlanmaydi. O‘xshashlik munosabatlari ikki ko‘rinishda bo‘lishi mumkin (Tversky 1977):
a) refleksiv – har qanday ob’ekt har doim o‘ziga o‘xshaydi;
b) simmetrik – ikkita ob’ektning o‘xshashligi davomiylik qatori tartibi o‘zgarishidan qat’iy nazar bir xilda saqlanadi.
Masalan, A va B qiyoslanadimi yoki B va A, natija bir xil. Refleksivlik munosabati doimo bir xil va u izohtalab emas. Simmetrik munosabatlar esa murakkab jarayon. Haqiqatan ham agar ob’ektlar o‘rtasidagi o‘xshashlikni bilish maqsadida ushbu ob’ektlarni xususiyatlarga ajratsak, qiyoslash xususiyatlarga nisbatan bajariladi. Aksincha, ob’ektlar yaxlit hodisa sifatida qiyoslansa, o‘xshashlik maqsadli mo‘ljal asosida aniqlanadi.
Masalan, quyidagi jumlalarni olsak: «O‘g‘il otasiga o‘xshaydi», «Surat asliga o‘xshaydi», «SHogird ustoziga o‘xshaydi» kabi tasdiq jumlalari bir xil qolipga ega: «A B ga o‘xshaydi». Agarda biz o‘xshashlik munosabatlarini shaklan saqlab, A va B larning joylarini almashtirsak (B A ga o‘xshaydi), bunday o‘xshashlik tasdig‘i har qancha to‘g‘ri bo‘lsa ham hosil bo‘ladigan jumlalar sun’iy tus oladi hamda «Ota o‘g‘liga o‘xshaydi», «Asl suratga o‘xshaydi», «Ustoz shogirdiga o‘xshaydi» kabilar tajnis (kalambur)dek tuyuladi.
O‘xshashlik munosabatlarining mo‘ljalli (ma’lum manzilga yo‘naltirilgan) ekanligini tavsiflash maqsadida A.Tverski qiyoslashda «sanoq boshi» xizmatini o‘tovchi ob’ektni – «qiyoslash referenti» deb atashni taklif qiladi. Qiyoslash harakati biror bir ob’ektni referent bilan solishtirishdan iborat. Ammo referent tanlovi oddiy holat emas, u qiyoslash tayanch nuqtasi bo‘lishi uchun qiyoslanayotgan ob’ektdan farq qiluvchi biror bir alohida xususiyatga ega bo‘lishi kerak (Tversky 1977). Qiyoslashda namuna yoki etalon xizmatini o‘taydigan referentning farqlovchi xususiyati turli sabab va manbalarga egadir. Bunday sabablardan biri dunyoning, voqelikning tuzilishi bilan bog‘liq: «o‘g‘il otasiga o‘xshaydi», «qo‘g‘irchoq asliga o‘xshaydi», chunki farzand ota-onasiga o‘xshashining sababi – ulardan tug‘iladi, ajdod birlamchi. Qiyoslash referentini tanlashning yana bir muhim sababi ijtimoiy – madaniy faktlar bilan bog‘liq bo‘ladi. Masalan, «ovqat» kategoriyasiga kiruvchi ob’ektlar tasnifida asosiy namuna yoki etalon sifati turli xalqlarning referent tanlovi turlicha bo‘lishi tabiiy (qozoqlar uchun «beshbarmoq», o‘zbeklar «palov», yaponlar «sushi» va hokazo). Xuddi shuningdek, bir mamlakat ikkinchisiga solishtirilayotganda, odatda, kichikrog‘i kattasiga yoki ko‘proq rivojlanganga qiyoslanadi: «SHvetsiya AQSHga o‘xshaydi», «SHaxrisabz Samarqandga o‘xshaydi».
Nihoyat, qiyoslash namunasini tanlash sababi psixologik qonuniyatlarga asoslanishi mumkin. Ushbu psixologik qonuniyatlarning o‘zi ham turli-tuman, ularni yagona bir majmuaga to‘plash qiyin masala. E.Rosh va uning shogirdlari o‘tkazgan tajribalarida geshtaltpsixologiyadan ma’lum bo‘lgan «yaxshi» yoki «yomon» obrazlar tushunchasiga tayandilar. Ular yagona bir predmet – choy ichadigan idish (chashka) ning turli tasvirdagi rasmlarini farqlash haqidagi topshiriqqa informantlar «yaxshi» ya’ni etalon shakl sifatida, shakl jihatdan yaxshi ko‘ringan yoki murakkabroq ko‘rinishga ega bo‘lgan figurani tanlashgan. Bunday yo‘sindagi o‘ziga ma’qulini etalon sifatida tanlash ko‘proq sub’ektiv xarakterdagi tanlov. Bu holda ayrim asosiy bo‘lmagan ob’ektlar xususiyatlarini kategoriyalar ajratilishida tayanch kategoriyaga aylanib qolishi hech gap emas. Binobarin, «Lisoniy geshtaltlar» tadqiqotining muallifi J.Lakoffning kuzatishicha, «it» va «stul» «sut emizuvchilar» va «mebel» turkumiga kiruvchilar uchun tayanch kategoriyadir, chunki ularda («it» va «stul») inson tasavvuridagi belgilar yuqori miqdorda to‘plangan (Lakoff 1981: 357).
«YAxshi» geshtalt negizida turadigan tayanch ob’ektni E.Rosh prototip (prototype) deb ataydi. Prototip qiyoslash gorizontal, ya’ni to‘g‘ri qatorli tartibda bajarilganda, qiyoslashning tayanch ob’ekti sifatida ajraladi. Prototip kategoriyaga kiruvchi barcha ob’ektlar uchun umumiy, eng ko‘zga tashlanadigan xususiyat yoki belgiga ega bo‘lishi kerak va faqat shundagina u qiyoslash uchun namuna xizmatini o‘tashi mumkin.
Prototip kategoriyasi ob’ektlarning xususiyatlariga nisbatan ajratiladi. Tajribalar o‘tkazgan tadqiqotchilar ba’zan birgina kategoriyaga oidlikni aniqlash va prototip belgilarni topish uchun ob’ektlarning lug‘atlarda berilgan tavsifiga murojaat qilishadi hamda shu asnoda ajratilgan xususiyatlarni qiyoslash uchun asos qilib oladilar. Masalan, «qushlar» kategoriyasining prototip sifatlarini (belgilarini) aniqlash uchun izohli lug‘atlarga murojaat qilamiz va ulardan olingan tavsiflarni informantlardan olingan ma’lumotlar bilan to‘lg‘azamiz (Qarang: Longwan 1978; O‘zbek tili izohli lug‘ati 1981) :
SHunday qilib, freym, sqenariy, skript, geshtalt, prototip, propozitsiya (Bu tushuncha haqida qarang: Nurmonov va boshqalar 1992:31) kabi tushunchalar kognitologiyada insonning tashqi olamni idrok etish amaliyoti va tajribasini aks ettiruvchi bilim – tuzilmalarni anglatadilar. Bu namunaviy tuzilmalar, birinchidan, tashqi olam ob’ektlari haqidagi bilimni kategoriyalashtirish uchun xizmat qilishsa, ikkinchidan, ushbu bilimni lisoniy voqelantirish jarayonida «tayanch nuqta» vazifasini o‘taydilar. YUqorida sanab o‘tilgan tuzilmalar vositasida insonning ijtimoiy va shaxsiy tajribasi tartibga solinadi hamda ular yordamida inson voqelik hodisalarining qanday tarkib topishi va qay yo‘sinda faoliyat ko‘rsatishini anglashi mumkin. Ushbu yondashuvlar voqelik va lisonni inson ongida kategoriyalashuvini kognitiv qoliplar va mental maydon nazariyalari doirasida yoritishga qaratilgan.
Mental maydonda (Fauconnier 1985) – turli xil voqelikdagi va tasavvurdagi vaziyatlar mantiqiy idrok etiladi. SHu sababli mental maydon faqatgina tafakkur doirasida yuzaga keladigan hodisa sifatida qaraladi va u turli kognitiv qoliplar asosida namoyon bo‘ladi. Bunday qoliplar propozitsiya xususiyatiga ega bo‘lish bilan bir qatorda (sqenariy, skript, freym, propozitsiya kabilar), metafora, metonimiya ko‘rinishini ham olishi mumkin. Kognitiv tuzilmalarning yana bir xususiyati shundaki, ular negizida lisoniy ma’no hosil bo‘ladi va bu ma’noni anglash imkoniyati tug‘iladi.
Kognitiv faoliyat bevosita lisoniy muloqot jarayoni bilan bog‘liq, zero, bu jarayonda ishtirokchilar o‘zaro axborot almashadilar va o‘z bilimini boyitish imkoniga ega bo‘ladilar. Ammo hosil bo‘lgan bilimning miqdori va sifati masalasi muhimdir. Ushbu masalani birinchilardan bo‘lib ko‘targan L.Vittgenshteyn muloqot uchun axborotning butunlay yangi yoki eski bo‘lishi bir xilda xalaqit berishini qayd qilgan edi. Buning sababi ikki xil: a) butunlay yangi ma’lumot ortiqcha, u tinglovchini qiziqtirmaydi va muloqotga undamaydi; b) butunlay yangi ma’lumot tinglovchining oldingi bilimi bilan tezda birikib keta olmaydi va natijada uni xazm qilish qiyinlashadi. Eng qulayi, almashilayotgan axborot va olinayotgan bilim bu ikki qutbning o‘rtasida bo‘lishi.
Bundan tashqari, kognitiv jarayon va bilish faoliyatining har qanday turdagi harakatlari, so‘zsiz, ijtimoiy va madaniy faktorlar bilan bog‘liq holda kechishini unutmaslik lozim. Kognitiv model va tuzilmalarning shakl topishi va lisoniy moddiylashuviga sotsiomadaniy hodisalarning ta’siri tilshunoslar e’tiborini tortib kelmoqda.
Dostları ilə paylaş: |