KOGNITIV TILSHUNOSLIKNING PREDMETI VA VAZIFALARI Har bir fan tarixida yuksalish davri bo‘lganidek, inqiroz bosqichlari ham bo‘lishi muqarrar. Bunday holatning yuzaga kelishi o‘z - o‘zidan olimlardan o‘rganilayotgan ob’ektga «yangicha ko‘z» bilan qarashni, oldingilaridan farq qiladigan nuqtai nazardan yondashuvni talab qiladi. Tadqiqotlarda yangicha usullarning tadbiq etilishi natijasida tamoman yangi yo‘nalishlar, o‘zga ko‘rinishdagi nazariyalar paydo bo‘ldi. Nazariy tilshunoslikda xuddi shunday holat o‘tgan asrning ikkinchi yarmida tug‘ildi. Tilshunoslikdagi inqirozning asosiy sababi axborot texnologiyalarining rivoji bilan bog‘liqdir. Zero, insonning «sun’iy intellekt» tizimiga oid vositalar bilan muloqoti til tizimi va lisoniy faoliyat tadqiqiga butunlay yangicha yondashuvni talab qiladi.
Darhaqiqat, aynan shu davrda tilshunoslik fanining turg‘unlashgan yoki an’anaviy uslub va xulosalari keskin taraqqiy etayotgan intellektual axborot texnologiyalari amaliyotida yuzaga kelayotgan savollarga javob bera olmasligi ma’lum bo‘ldi. Til tizimini va nutqiy faoliyat mahsuli bo‘lgan matn qurilishini shu paytgacha filologik nuqtai nazardan tahlil qilib kelayotgan bu fan doirasi endilikda idrok etish, bilish, tushunish, tahlil qilish faoliyatlariga oid tushuncha va kategoriyalar bilan kengaydi. Natijada, tilshunoslikning mantiq, psixologiya, bilish nazariyasi kabi kognitiv fan sohalari bilan hamkorlikka ehtiyoji yanada kuchaydi. Bu hamkorlik, bir tomondan, tilshunoslikni inson tafakkur faoliyati muammolari bilan shug‘ullanuvchi kognitologiya fani tarmog‘iga kiritgan bo‘lsa, ikkinchidan, tilshunoslikning o‘zini yana bir soha – kognitiv lingvistika sohasi bilan boyitdi.
Aslida kognitologiyaning tayanch nuqtasi bo‘lgan tilshunoslikning kognitiv ko‘rinish olishi nima bilan bog‘liq va uning tadqiq ob’ekti, maqsadi, vazifalari nimalardan iborat? Tabiiyki, barcha yo‘nalishdagi lingvistik tadqiqotlarning o‘rganish ob’ekti yagona – til tizimi yoki, aniqrog‘i, lisoniy faoliyat va uning mahsuli. Ammo ularning barchasida (sistem-struktur tilshunoslik, psixolingvistika, sotsiolingvistika, matn tilshunosligi va h.k.) asosiy e’tibor tayyor mahsulot – so‘z, so‘z birikmasi, gap va matn kabilarning tuzilishi va tarkibini, ma’lum hollarda ma’no xususiyatlarini o‘rganishga qaratilgan. Tayyor mahsulot tahlili bilan qiziqayotgan bu sohalar o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik etarli darajada emas.
Til tizimi va lisoniy faoliyatni har tomonlama tadqiq qilish, ularga xos hodisalarning belgi-xususiyatlarini batafsil yoritish uchun tilshunoslikning turli sohalarini biriktiradigan, ularning barchasi uchun bir xilda tayanch nuqtasi xizmatini o‘taydigan umumlashgan tahlil tizimini topish lozimligi olimlar tomonidan ko‘p bor ta’kidlangan edi (Qarang: Boduen de Kurtene 1963: 206; Sapir 1929: 166). Til hodisalariga asosli, va ayni paytda, xolisona izoh berish imkonini yaratadigan bunday tahlil uslubi tizimini izlash harakati hozirgacha davom etmoqda. Muammo dolzarb, ammo umumlashgan tahlil tizimini ta’minlovchi «boshpana» g‘oyani topish fan rivoji uchun muhim.
Keyingi yillarda, tilshunoslar bunday «boshpana»ni kognitologiya (cognitive science – tafakkur haqidagi fan)dan topganday bo‘lishmoqda. So‘zsiz, lingvistik tahlil – kognitiv tahlilning bir turi, uning ma’lum bir ko‘rinishda namoyon bo‘lishidir. Hali XIX asr oxirlaridayoq tilshunoslikning psixologik va sotsiologik ruhda bo‘lishini qayd qilgan Boduen de Kurtene «tilda ruhiy va ijtimoiy faktorlar harakatda bo‘lishi sababli, tilshunoslik uchun yordamchi fan sifatida dastlabki o‘rinda psixologiyani va so‘ng insonlarning jamiyatdagi muloqot, munosabatlari haqidagi fan – sotsiologiyani tanlaymiz» deb yozganligini (Boduen de Kurtene 1963: 217) eslaymiz. Fanlar o‘rtasidagi bog‘liqlik haqida gapirganda, ularning birini ikkinchisiga «yordamchi» sifatida qarash unchalik haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Aks holda, fanlar hamkorligi asosida yuzaga keladigan yo‘nalishlarni alohida soha sifatida ajratish mumkin bo‘lmas edi. Tilshunoslik, psixologiya, sotsiologiya, madaniyatshunoslik kabi sohalar hamkorligi kognitiv faoliyat asosida voqelanuvchi hodisadir. Kognitiv tilshunoslik ham insonning bilish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi fanlar tarkibiga kiradi.
Kognitiv tilshunoslik atamasining mazmuni inglizcha «cognitive – bilishga oid»so‘zi bilan bog‘liq. (Qiyoslang: «cognize – bilmoq, anglamoq, tushunmoq», «cognition – bilish»). Ma’lumki, dunyoni, voqelikni bilish, uni idrok etish oddiy hodisa emas. Ayrim hollarda bilishni to‘g‘ridan to‘g‘ri fahmlash, tushunish harakatlari bilan bog‘lab qo‘yishadi. Ammo hayvonlarga ham qisman (oddiy shaklda bo‘lsa ham) fahmlash, tahlil qilish va umumlashtirish qobiliyati xos ekanligi ma’lum. SHu sababli bilish faoliyati haqida gap ketganda, faqatgina cogitation (latincha), ya’ni «aql, tafakkur» hodisasini tasavvur qilish bilan cheklanmasdan, balki cogitatorium – tafakkur faoliyati shaxsini hamda bu faoliyat bilan bog‘liq bo‘lgan barcha turdagi nomental (ijtimoiy, madaniy, lisoniy) hodisalarni ham inobatga olish kerak bo‘ladi. SHuni unutmaslik lozimki, tafakkurning o‘zi insonning maqsadli faoliyati natijasida hosil bo‘lib, u insonlar o‘rtasidagi muloqot jarayonida voqelikka nisbatan bildirilayotgan faol munosabatning ifoda topishidir.
Til va tafakkur munosabati muammosining uzoq yillardan buyon davom etib kelayotgan muhokamasi turli metodologik xulosa va tavsiyalarni yuzaga keltirdi. Tashqi dunyoning ongdagi in’ikosi paydo bo‘lishida til asosiy rol o‘ynashiga alohida urg‘u bergan olimlar (Sepir, Hoyjer, Hokket, Budagov, Panfilov va boshqalar) ta’kidicha, lisoniy struktura (qurilma), insonning voqelikni idrok etish qobiliyati va tajribasining shakllanishini ta’minlab, ijtimoiy ongga ta’sir o‘tkazadi hamda shu yo‘sinda insonning dunyoqarashi, voqelikni anglash qobiliyatini shakllantiradi. Tafakkur qanchalik darajada lison bilan bog‘liq hodisa bo‘lmasin, uning faqatgina til vositasida amalga oshishi yoki, boshqacha aytganda, tilsiz tafakkur bo‘lmasligi haqidagi xulosa unchalik haqiqatga yaqin emas. Til va tafakkur aynan bir narsa bo‘lmasa kerak. Tafakkur predmet, hodisalarning aloqa va munosabatlari haqida ma’lumot beruvchi voqelikning umumlashgan holdagi in’ikosidir.
Voqelikning miyada aks etishi faqatgina nutqiy tafakkur harakati natijasida yuzaga kelmasligini isbotlash maqsadida akad. B.A. Serebrennikov (1983: 104-110) tafakkurning lisoniy va nolisoniy turlarini farqlashni taklif etganligini eslaymiz. Bular quyidagilar:
a) aniq tafakkur – aniq, konkret muhitda yuzaga keladigan voqelikning umumlashtirilgan obrazi (aksi);
b) ramziy tafakkur – xotirada mavjud bo‘lgan butun bir voqelik yoki predmet-hodisalarning alohida bir muhit-sharoitga bog‘liq bo‘lgan holda qayta eslash;
v) amaliy tafakkur – bevosita maqsadli harakatlar bajarilishi bilan bog‘liq fikr;
g) lingvokreativ yoki lisonni shakllantiruvchi tafakkur, ya’ni bu turdagi tafakkur harakatlari bevosita til tizimi zahiralari bilan bog‘liq;
d) nolisoniy tushuncha tafakkuri - (bu turdagi tafakkurning alohida ajratilishi, voqelik haqidagi tushunchaning paydo bo‘lishi nutqiy harakatdan oldingi bosqichga oidligi bilan bog‘liqdir).
Tafakkur qaysi holatda va qanday ko‘rinishda harakatga kelmasin, yagona bir vazifani bajaradi – u voqelik haqidagi axborotni qabul qilish, to‘plash, qayta ishlash va tartibga solish usulidir. Bu usul vositasida hosil bo‘ladigan g‘oya yoki fikr voqelikning ongda aks etish shaklidir. Tafakkurning harakatlanishi va fikrning shakllanishi voqelikning bevosita ongda aks etishini ta’minlovchi jarayon – bilish faoliyati bilan bog‘liq. Tilning bilish faoliyatidagi o‘rni alohida, u voqelikni idrok etish va bilish vositasi – qurolidir. S. D. Kaqnelson (1972: 110) «Til – nafaqat muloqot quroli, balki fikr va g‘oyani shakllantiruvchi hamda uni ifodalovchi quroldir» deb yozgan edi. Tilning tafakkur faoliyatidagi rolini bilish uchun ong va tilning munosabatiga oddiy bir hol (hodisa) sifatida qaramaslik lozim. Bu munosabat ikki mustaqil hodisaning o‘zaro «muloqot»idir. Xuddi shu «muloqot» mental faoliyatning lisoniylashuviga olib keladi, zero, lisoniy va mantiqiy faoliyatlar bir-biriga hamroh bo‘lib, ular yagona nutqiy tafakkur jarayonini tashkil etadi. Demak, til ongni harakatlantiruvchi vositalardan biridir, u ongda eng oddiy, birlamchi (elementar) tafakkur kategoriyalari paydo bo‘lishini ta’minlaydi. Ushbu kategoriyalarsiz «alohida nutqiy tuzilmalar – gaplarni tushunish va fikr (g‘oya)ning shakllanishini hamda shu yo‘sinda bilimning faollashuvini ham tasavvur qilib bo‘lmaydi» (Kaqnelson 2001: 480).
Qay darajaligidan qat’iy nazar, til va tafakkur munosabati masalasining falsafa, tilshunoslik va psixologiya fanlari doirasida ancha batafsil muhokama qilinishi kognitiv tilshunoslik taraqqiyoti uchun mustahkam zamin yaratdi. Kognitiv tilshunoslik majmuaviy tadqiqot yo‘nalishi (sohasi) bo‘lib, u tilshunoslik va psixologiyadan tashqari, sun’iy intellekt nazariyasi, psixolingvistika, neyrolingvistika kabi fan sohalariga oid ilmiy yondashuvlarni ham umumlashtiradi. Ma’lumki, nutqiy birliklarning hosil bo‘lishi va ularning tushunilishi aqliy faoliyat natijasidir.
Mantiqiy faoliyat hosilasi bo‘lgan «tushuncha» va kognitiv tilshunoslikda keng miqyosda qo‘llanilayotgan «konsept» atamalarini bir xil mazmunda qo‘llash mumkinmi? So‘zsiz, bu ikkala hodisa ham tafakkur birligi sifatida namoyon bo‘ladi. Bularning ikkalasining ham boshlang‘ich nuqtasi voqelikdagi predmet – hodisaning his qilinishi va obrazli tasavvur qilinishi bilan bog‘liq. Paydo bo‘lgan hissiy obraz dastlab har bir shaxsda alohida, individual ko‘rinishda bo‘ladi. Masalan, «gul» bir kishi uchun «atirgul» bo‘lsa, boshqasi uchun «rayhon», yana biri uchun «lola». Hissiyot va tafakkur faoliyatining yuqori bosqichlarida individual obraz aniq predmetdan uzoqlashib boradi va asl mantiqiy (aqliy) hodisaga aylanadi. Voqelikning bir xilda bunday his va tafakkur etilishi, umumlashgan hamda qisman mavhumlashgan obrazning yuzaga kelishi barcha uchun bir xil kod – ramziy belgi hosil bo‘lishiga sabab bo‘ladi. Bu xilda paydo bo‘ladigan mantiqiy tuzilmani psixolog N.I.Jinkin «universal predmet kodi - UPK» deb atashni taklif qiladi. Olim bu hodisaning yuzaga kelishini inson miyasining irsiy va nasliy xususiyatlari qatoriga kiritadi. Uning fikricha, aqliy qobiliyat «tushuncha, hukmni yaratadi, voqelikni tasvirlash va inson faoliyati sababini ko‘rsatish uchun turli xulosa va mulohazalarga keladi. Bu mantiqiy harakatlarning bajarilishi shaxsning qaysi til sohibi ekanligiga bog‘liq emas. Xuddi shuning uchun ham intellekt (aql) umumiy boshqaruv funksiyasini ijro etadi, bu universal predmet kodi ko‘rinishidagi kodlashtirishdir» (Jinkin 1982: 88).
SHunday qilib, tushuncha va hukmning hosil bo‘lishi aqliy faoliyatning turli bosqichlariga oiddir. Ko‘pchilik hukmning birlamchi ekanligini e’tirof etishadi. Haqiqatan ham mantiqiy sub’ekt va predikat birikishidan hosil bo‘ladigan har qanday oddiy hukm (Masalan, Qor yog‘moqda) predmet obrazlarining o‘zaro munosabatdaligi, bog‘lanishidan boshqa hech narsa emas. Tushunchalar munosabati esa ikkilamchi, u nutqiy tafakkur faoliyatining yuqori bosqichida yuzaga keladi. Buning isbotini biz A.F.Losevning mulohazasida ham ko‘ramiz. Uning fikricha, sof hukmda tushunchalar «mazmuniga» hech qanday ishora yo‘q, shu sababli hukmga predmetni uning voqeligidan uzoqlashgan holda tasavvur qilishning uslubi va qonuniyati sifatida qaralishi lozim (Losev 1990: 129 -130). Bizningcha, hukm va tushunchani farqlovchi belgi va xususiyatlar haqida gapirish bilan bir qatorda, bu ikki hodisaning dialektik umumiylikka ega bo‘lishini ham unutmaslik lozim. Zero, tushunchaning hosil bo‘lishi voqelikdagi predmetlar, sodir bo‘layotgan hodisalarni mantiqan idrok etish, ular haqida hukm chiqarish bilan bevosita bog‘liqdir. Faqatgina tushuncha murakkab kognitiv tarkibga ega tafakkur birligi sifatida namoyon bo‘ladi.
Konsept ham tafakkur birligi va uning asosida tushuncha, obraz va lisoniy ma’no umumlashmasi yotadi. Konseptning shakllanishi individual obraz tug‘ilishidan boshlanib, lisoniy birlikning paydo bo‘lishi bilan tugaydi. Taniqli faylasuf va psixolog Jerri Fodor voqelikning ongda in’ikos etishi va bu in’ikosning tafakkurda «qayta ishlanish» jarayonini o‘rganayotib, bu jarayonni «tafakkur lisoni»ga o‘xshatadi. CHunki «har qanday mantiqiy tasavvur harakati ma’lum ko‘rinishdagi strukturaga ega bo‘ladi hamda bu struktura tabiiy til birligining sintaktik shakli takroriga ishoradir» (Fodor 1975: 110).
Konsept – mental tuzilma bo‘lib, u turli tarkibdagi va ko‘rinishdagi bilimlar kvanti yoki umumlashmasidir (Kubryakova i dr. 1996: 90). Konseptlar inson ongida shakllanadigan turli kategoriyalarning asosini tashkil qiladi, ular uchun tayanch nuqta bo‘lib xizmat qiladi. Odatda, konseptning umumiy xususiyatlari sifatida uning ichki tuzilish jihatidan aniq ko‘rinishga ega emasligi qayd qilinadi, biroq bu qayd unchalik haqiqatga yaqin emas. Zero, konseptning asosini tashkil qiluvchi predmet obrazi etarlicha aniq va ikkilamchi o‘rinni egallagan bo‘laklari mavhumlikka ega bo‘lishi bilan birgalikda, ular yagona negiz (yadroviy asos) atrofida o‘zaro munosabatga kirishib birikadilar. SHu sababli konsept tarkibining tizimiy xarakterga ega ekanligini e’tirof etish ma’quldir. Uning tizimiy xususiyatlari tuzilish jihatidan murakkab tartibli bo‘lishida va bir butun mental tuzilma sifatida idrok qilinishida namoyon bo‘ladi.
Predmet – hodisalarning ongli idrok etilishi va ularning tasavvurda obraz hosil bo‘lish yo‘li bilan jamlanadigan bilim turlicha shakllanadi va har xil xarakterga ega bo‘ladi. Bu bevosita turli guruhdagi va tuzilishdagi konseptlar shakllanishiga sabab bo‘ladi. Konseptlarning guruhlanishida ularning lisoniy ifodalanish uslublariga tayaniladi. Tadqiqotchilar leksik va frazeologik konseptlar bilan bir qatorda, grammatik (aniqrog‘i, sintaktik) konseptlar guruhlarini ham ajratishni taklif qilishmoqda (Babushkin 1996; Voloxina, Popova 1999; Langacker 1987).
Har qanday holda ham egallangan bilimning shakllanishi va tizimlashtirilishning asosiy vositasi til tizimidir. Tafakkur birligi va mental hodisa sifatida yuzaga keladigan konseptning lisoniy voqelanishi ham nutqiy tafakkur faoliyati natijasidir.