Lisoniy imkoniyatlar tadqiqi – bosh vazifa. Aytilganidek, XX asrning 80-yillariga kelib o‘zbek tilshunosligining empirik (amaliy, faktografik) bosqichi tugallangan, o‘z zimmasiga yuklatilgan ijtimoiy buyurtma – adabiy til me’yorlarini ishlab chiqish va omma ongiga signdirishdan iborat ulkan vazifa mukammal darajada ado etilgan edi. To‘plangan boy daliliy ashyoni dialektik metodologiya asosida o‘rganishga kuchli zamin tayyorlangan bo‘lib, tilshunoslikning o‘zi esa turg‘unlik holatini boshdan kechirmoqda edi. SHu boisdan butun sobiq sho‘ro davlati hududida olib borilayotgan oshkoralik va qayta qurish siyosati o‘zbek tilshunosligi fanini ham chetlab o‘tmadi. O‘zbek tilshunosligining yangi avlodlari olimlar qayta qurish sharoitida o‘zbek tilshunosligining dolzarb muammolari bo‘yicha respublika va ittifoq matbuotida chiqish qildilar.
Ko‘tarilgan masalalarni mohiyatan ikkiga bo‘lish mumkin:
1) o‘zbek tilshunosligi oldiga 30-40-yillarda qo‘yilgan va 40-50-yillarda amalga oshirgan vazifasi – o‘zbek tili turli sath birliklarining zamonaviy tahlil usullarida berilgan mukammal tavsifi, belgilangan adabiy til me’yorlari, ta’limning turli bosqichi uchun yaratilgan o‘quv qo‘llanmalari, darslik hamda lug‘atlar asosida to‘laqonli nazariy tushunchalar hosil qilish, xususiyliklarda umumiylikni, hodisalarda mohiyatni, oqibatlarda sababni, voqeliklarda imkoniyatni ochish darajasiga ko‘tarilish;
2) uzoq yillar davomida o‘zbek tili ittifoqdagi turkiy, qolaversa, boshqa tillar kabi rus va Evropa tillari qoliplari asosida o‘rganib kelinganligi sababli uni o‘z ichki substansial tabiatidan kelib chiqqan holda alohida milliy yaxlitlik sifatida tadqiq qilish.
Bu vazifalar tildan amaliy foydalanish, uning ijtimoiy funksiyasi samaradorligini oshirish, milliy-madaniy kodlarini aniqlash, tilni algoritmlash, modellashtirish, axborot texnologiyalari bilan uyg‘unlashtirishni ta’minlaydigan umumiy lisoniy imkoniyatlarini ochishdek zamonaviy ijtimoiy ehtiyoj, buyurtma natijasi edi. Ularni ado etish imkoniyatlar tilshunosligi degan nomga sazovor bo‘lgan, bugungi kunda g‘arb tilshunosligida ham mustaqil tilshunoslik yo‘nalishi sifatida e’tirof etilayotgan, o‘zbek an’anaviy tilshunosligining “merosxo‘ri” – o‘zbek substansial tilshunosligi zimmasiga yuklatildi.
O‘zbek substansial tilshunosligi o‘zbek tilining lisoniy va nutqiy strukturalarini farqlash, lisoniy struktura va lisoniy birliklarni, ularning imkoniyatlarini aniqlash borasida izchil tadqiqotlar olib borib, tilning fonetik, leksik, mofrologik, sintaktik lisoniy struktura-larini va birliklarini dialektik tadqiq metodologiyasi asosida tekshirdi. Tekshirish natijalari dissertatsiya va monografiyalar sifatida shakllan-tirildi. Ta’limda hozirgi o‘zbek adabiy tilini o‘qitishdan hozirgi o‘zbek tilining lisoniy strukturasini o‘qitishga o‘tildi. Oliy ta’limda amalda bo‘lgan, atamasi tilni emas, balki uning bir ko‘rinishi bo‘lgan adabiy nutqni anglatadigan “Hozirgi o‘zbek adabiy tili” kursi mohiyatan tilning lisoniy strukturasi tavsifini o‘z ichiga olgan “Hozirgi o‘zbek tili” tabiatiga ega bo‘ldi (darvoqe, bu kurs tegishli o‘quv hujjatlarida hanuz davr talablariga muvofiq bo‘lmagan eski nomi bilan yuritilayotgani afsuslanarli, albatta). Hatto o‘zbek tilining lisoniy strukturasini o‘rganish jarayonida ochilgan substansial qonuniyatlar (masalan, lisoniy darajalanish) bugungi kunda g‘arb tilshunosligining ustuvor yo‘nalish-laridan bo‘lgan korpus tahlil tadqiqotlarida keng qo‘llanilayotganligini (Germaniya) iftixor ila qayd etish lozim.
Ko‘rinadiki, o‘zbek substansial tilshunosligi ham davr talablari asosidagi ijtimoiy buyurtmani yuksak darajada ado etdi. Bugungi kunda o‘zbek tilshunosligi o‘zining substansial yo‘nalishi asosida «nutq-lison» tamoyili asosidagi tadqiqotlar davrini muvaffatsiyatli bosib o‘tib, yangi pog‘onasiga – «lison-nutq» tamoyili asosida ish ko‘rish ehtiyojini boshdan kechirayotganligini e’tirof etmoq lozim.