O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining
TASHKILIY TUZILMASI
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 19 apreldagi PQ-3674-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.04.2018 y., 07/18/3674/1088-son)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 noyabrdagi PQ-3416-son qaroriga
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi markaziy apparatining
TUZILMASI
Boshqaruv xodimlarining cheklangan soni — 82 birlik.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 noyabrdagi PQ-3416-son qaroriga
3-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligining (keyingi o‘rinlarda Vazirlik deb yuritiladi) maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquq va majburiyatlari, faoliyatini tashkil etish va hisobot berish tartibi, shuningdek, uning rahbarlarining funksional majburiyatlari va javobgarligini belgilaydi.
2. Vazirlik:
O‘zbekiston Respublikasini innovatsion va ilmiy-texnik rivojlantirish sohasida jamiyat va davlat hayotini har tomonlama rivojlantirish, mamlakatning intellektual va texnologik salohiyatini oshirishga qaratilgan yagona davlat siyosatini amalga oshiruvchi davlat boshqaruv organi hisoblanadi;
o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari, shuningdek, ushbu Nizom va boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan faoliyatning alohida masalalari bo‘yicha — bevosita O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga bo‘ysunadi;
innovatsion g‘oyalar, ishlanmalar va texnologiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha davlat boshqaruvi organlari, ilmiy-tadqiqot va axborot-tahlil muassasalari hamda boshqa tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi;
ilmiy-tadqiqot, ta’lim va boshqa muassasalar tomonidan amalga oshiriladigan davlat ilmiy-texnikaviy dasturlari va loyihalarining yagona buyurtmachisi hisoblanadi.
3. Vazirlikning o‘z vakolatlari doirasida qabul qilingan qarorlari davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, boshqa tashkilotlar va ularning mansabdor shaxslari hamda fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
4. Vazirlikning rasmiy nomlanishi:
a) davlat tilida:
to‘liq nomi — O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, qisqartmasi — Innovatsiya vazirligi;
b) rus tilida:
to‘liq nomi — Ministerstvo innovatsionnogo razvitiya Respubliki Uzbekistan, qisqartmasi — Mininnovatsii;
v) ingliz tilida:
to‘liq nomi — Ministry of innovational development of the Republic of Uzbekistan, qisqartmasi — Innovation ministry.
5. Vazirlik tizimiga quyidagilar kiradi:
markaziy apparat;
Ilmiy-texnik axborot markazi;
ilmiy-tadqiqot, axborot-tahlil muassasalari;
Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi;
ilmiy-texnik kengashi;
chet ellik maslahatchilar guruhi;
nashriyot.
6. Vazirlik yuridik shaxs hisoblanadi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi yozilgan muhr, mustaqil balans, O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi G‘aznachiligida shaxsiy g‘azna hisobvaraqlari, bank hisob raqamlari, shu jumladan xorijiy valyutadagi hisob raqamlariga ega bo‘ladi.
Dostları ilə paylaş: |