9 MAVZU: JARAYONLAR BO‘YICHA INNOVATSIYALAR
Texnologik innovatsiyalar deganda yuridik shaxsning texnologik yangi mahsulotlar va jarayonlarni, shuningdek mahsulotlar va jarayonlarda sezilarli darajada takomillashtirishlarni, texnologik yangi va sezilarli darajada takomillashtirilgan xizmatlarni, xizmatlar ishlab chiqarilishi (etkazib berilishi) bo‘yicha yangi yoki sezilarli darajada takomillashtirilgan usullarni ishlab chiqish va joriy etish bilan bog‘liq faoliyati nazarda tutiladi. Texnologik innovatsiyalar yuridik shaxs tomonidan birinchi marotaba ishlab chiqilayotgan mahsulotlar, jarayonlar, xizmatlar va usullar shaklida (agar ular boshqa yuridik shaxslar tomonidan qo‘llanilayotgan bo‘lsa ham) bo‘lishi mumkin.
Texnologik innovatsiyalarning ikkita turi mavjud. Bular: mahsulotlar bo‘yicha innovatsiyalar va jarayonlar bo‘yicha innovatsiyalar.
Sanoat ishlab chiqarishida mahsulot bo‘yicha innovatsiyalar texnologik yangi va takomillashtirilgan mahsulotlarni tayyorlash va joriy etishni o‘z ichiga oladi. Texnologik yangi mahsulot – texnologik xususiyatlari (funksional belgilari, konstruktiv yo‘l bilan bajarilishi, qo‘shimcha operatsiyalari, shuningdek qo‘llaniladigan tarkibiy qismlar va materiallar tarkibi) yoki qo‘llanilish maqsadi prinsipial jihatdan yangi yoki yuridik shaxs tomonidan ilgari ishlab chiqarilgan shunga o‘xshash mahsulotdan sezilarli darajada farq qiluvchi mahsulotdir. Bunday innovatsiyalar prinsipial jihatdan yangi texnologiyalarga yoki mavjud texnologiyalardan, tadqiqot va ishlanmalar natijalaridan foydalanishga asoslangan bo‘lishi mumkin.
“Texnologik konsorsiumlarning 4 turi mavjud bo‘lib, ular:
-
Ishlab chiqarish samaradorligini koalitsiyalar orqali takomillashtirish.
-
O‘zgarmas kapitalga investitsiyalar kiritishdagi xarajatlarni bo‘lishish.
-
Texnologiyalarni ortiqchalik samarsini oshirish uchun o‘zaro bo‘lishish.
-
Narx diskriminatsiyasi orqali innovatsiyalar xarajatini o‘zaro taqsimlash”14.
Texnologik jihatdan takomillashtirilgan mahsulot – bu yuqoriroq samarali tarkibiy qismlar va materiallardan foydalanish, bir yoki undan ortiq texnik tarkibiy qismlarini qisman o‘zgartirish (kompleks mahsulotlarda) yo‘li bilan ishlab chiqarilishining sifat bo‘yicha xususiyatlari yaxshilanadigan va iqtisodiy samaradorligi oshadigan mahsulotdir.
Jarayonlar bo‘yicha innovatsiyalar texnologik yangi yoki texnologik jihatdan sezilarli darajada takomillashtirilgan ishlab chiqarish, shuningdek mahsulotlarini etkazib berish usullarini ishlab chiqish yoki joriy etishni o‘z ichiga oladi. Bu turdagi innovatsiyalar yangi ishlab chiqarish asbob-uskunalaridan, ishlab chiqarish jarayonini tashkil etishning yangi usullaridan foydalanishga yoki ularni birgalikda qo‘llashga, shuningdek tadqiqot va ishlanmalar natijalaridan foydalanishga asoslangan bo‘lishi mumkin. Bunday innovatsiyalar, odatda, tashkilotda ilgari mavjud bo‘lgan mahsulotlarini ishlab chiqarish yoki etkazib berishning samaradorligini oshirishga qaratilgan bo‘lishi, shuningdek odatdagi usullar yordamida amalga oshirish imkoni bo‘lmaydigan texnologik jihatdan yangi yoki takomillashtirilgan mahsulotlarni ishlab chiqarish yoki etkazib berish uchun mo‘ljallangan bo‘lishi mumkin.
Jarayonlar bo‘yicha innovatsiyalarni tashkilot birinchi bo‘lib joriy qilgan bo‘lishi muhim emas.
Texnologik innovatsiyalarga quyidagilar kirmaydi:
• mahsulotdagi estetik (rangida, bezatilishida) o‘zgartirishlar;
• mahsulotning konstruktiv vazifalarini o‘zgartirmaydigan, uning yoki tarkibiy qismi hisoblangan materiallar va komponentlarning ko‘rsatkichlariga, xususiyatlariga, narxiga etarlicha sezilarli ta’sir ko‘rsatmaydigan texnik va tashqi ko‘rinishda sezilarsiz darajadagi o‘zgartirishlar;
• vaqtinchalik talabni va tashkilotning daromadlarini ta’minlash maqsadida tashkilot tomonidan ilgari ishlab chiqarilmagan, ammo mahsulotlar, ishlar, xizmatlar bozorida etarlicha ma’lum bo‘lgan mahsulotlar, ishlar, xizmatlar ishlab chiqarishini yo‘lga qo‘yish (boshqa ixtisoslik bo‘yicha bo‘lishi ham mumkin) evaziga ularning turlarini ko‘paytirish. Masalan, mashinasozlik zavodida mavsumiy talabdan foydalangan holda yozgi davrda boshqa ixtisoslik bo‘yicha mahsulot, ya’ni mix ishlab chiqarilishi;
• ma’lum modeldagi qo‘shimcha dastgohlarni o‘rnatish, hatto ularni shu modelning oxirgi modifikatsiyaga almashtirish evaziga ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish;
• to‘laligicha boshqa tashkilot tomonidan ishlab chiqarilgan va tayyorlangan innovatsion tovarlar, ishlar, xizmatlarni sotish;
• tashkiliy va boshqarish bo‘yicha o‘zgartirishlar.
Dostları ilə paylaş: |