141
ajratib ko‘rsatish mumkin. Tovar tavsifnomasi va xususiyatlari anketasi texnikasi,
majburiy munosabatlar usuli va morfologik usullar eng tarqalgan mantiqiy-sistematik
usullar hisoblanadi.
Tovar tavsifnomasi va xususiyatlari anketasi texnikasi tovarni yaxshilash
bo‘yicha ijodiy g‘oyalarni izlab topish uchun foydalaniladi. Ob’ektning (unga tovar
ham mansub bo‘lishi mumkin) barcha xususiyatlari, belgi va tavsifnomalari
umumlashtiriladi va yozma ko‘rinishda ifodalanadi. YAngi g‘oyani yaratish
ob’ektning bir yoki bir nechta belgilarini o‘zgartirish yoki almashtirish va ularni
kelgusida yangi xususiyatlar kombinatsiyasi ko‘rinishida birlashtirish yo‘li bilan
amalga oshiriladi.
Majburiy munosabatlar (birikuvlar) usuli xususiyatlar anketasi texnikasiga
biroz o‘xshab ketadi. G’oya avvaliga bir guruhga kirmagan predmetlar haqidagi
bilimlarni o‘ylab chiqib umumlashtirish natijasi sifatida yuzaga keladi. Masalan,
yozuv stoli, yozuv mashinasi va stol lampasi kabi alohida tovarlar xususiyatlarini
tahlil qilish natijasida majburiy munosabatlar usuli yordamida quyidagi g‘oyalar
topilishi mumkin: yozuv stoliga yozuv mashinasini o‘rnatib qo‘yish; stolning ustki
qismini kartotekalar joylashtirish uchun moslashtirish; stol lampasini sharnirlar
yordamida harakatlanuvchi lampaga almashtirish va hokazo.
Xususiyatlar anketasi texnikasi va majburiy birikuvlar usuli mavjud tovarlar
xususiyatlari kombinatsiyasiga asoslanishi sababli ulardan foydalanish imkoniyatlari
cheklangan. Buning ustiga yangi g‘oyaning sifati ilgari foydalanilgan g‘oyalar
sifatiga bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Morfologik uslub tuzilish tahlili tamoyillariga asoslanadi. Ushbu uslubga
asosan tovarning barcha muhim ko‘rsatkich hamda jihatlari alohida va birgalikda
o‘rganiladi. U ob’ekt va hodisalarning to‘liq va qat’iy klassifikatsiyasi, ularning
xususiyatlari va parametrlariga asosan yaratiladi. Bu esa g‘oya rivojlanishining turli
ssenariylarini baholash va bu ssenariylarni taqqoslash yo‘li bilan tovarning kelajakda
rivojlanishiga oid kompleks tasavvurga ega bo‘lishga imkon yaratadi.
Asosida tizimni qismlarga ajratish va alohida qarorlar kombinatsiyasi yotgan
mantiqiy-sistematik usullardan farqli ravishda, intuitiv-ijodiy usullar muammoni
142
to‘laligicha ko‘rib chiqish tamoyillariga asoslanadi. Bu turning eng taniqli usullari
miya hujumi va sinektika hisoblanadi.
Miya hujumi uslubi amerikalik reklama sohasidagi mutaxassis Aleks Osborn
tomonidan 1953 yilda taklif qilingan. U muhokama qiluvchi guruh ishtirokchilarining
u yoki bu g‘oya va uni hayotga tatbiq etish usullari to‘g‘risidagi ijodiy mulohazalari
va erkin fikrlash assotsiatsiyasi tamoyillariga asoslanadi. Barcha ishtirokchilarning
qizg‘in bahs-munozaralar yuritishi, o‘zaro ijobiy fikr-mulohazalar almashishi va
kelgusida bahs-munozaralarni baholashi ushbu usulni amalga oshirishning o‘ziga xos
jihatlaridir. Bu uslubni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun quyidagi shartlarga
amal qilish zarur:
• muhokamada 5 kishidan 15 kishigacha qatnashishi lozim;
• majlis 15 daqiqadan 30 daqiqagacha davom etishi lozim;
• majlisning barcha ishtirokchilari teng huquqli bo‘lishi lozim;
• har qanday ko‘rinishdagi tanqid man qilinadi;
• son sifatdan muhimroq bo‘ladi;
• muammoning mavzusi majlis ishtirokchilariga majlis ochilishi arafasidagina
ma’lum qilinadi;
• g‘oyalar majlis tugagandan so‘ng uch kundan besh kungacha bo‘lgan
muddat ichida baholanishi lozim.
Sinektika usuli g‘oyalarni izlab topishning natijalarga boy usuli hisoblanadi. U
V.Gordon tomonidan taklif qilingan bo‘lib, boshlang‘ich muammodan sistematik
ravishda chetlashtirish tamoyillariga asoslanadi. CHetlashtirishga hayotning boshqa
sohalari o‘xshashliklaridan foydalanish yo‘li bilan erishiladi. G’oyalarni sinektik
izlab topish jarayoni quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:
• muammoni o‘rganish;
• muammoni tahlil qilish va uni ekspertlarga izohlab berish;
• muammoni tushunishni testdan o‘tkazish;
• o‘z-o‘zidan qabul qilingan qarorlarni shakllantirish;
• rahbariyatning muammoni tushunishini baholash;
143
• o‘xshashliklarning paydo bo‘lishi;
• muammo va unga o‘xshashliklar o‘rtasida aloqa o‘rnatilishi;
• muammoga o‘tish;
• qarorni tayyorlash.
Sinektika usuli quyidagi shartlar bajarilganda amalga oshirilishi mumkin:
• muhokamada 5-7 kishi qatnashishi lozim;
• ishtirokchilarni mazkur usulga avvaldan o‘ratishni tashkil etish;
• majlis 90 daqiqadan 120 daqiqagacha davom etishi lozim;
• ayrim qadamlarni katta taxtada belgilab borish orqali oshkoralikni va
oydinlikni ta’minlash.
Intuitiv-ijodiy usullar qatoriga Delfi usulini ham kiritish mumkin.
Keyingi bosqich bu tovar to‘g‘risidagi g‘oyalarni saralash va tanlash
hisoblanadi. Agar g‘oyalar to‘plamini izlab topish va shakllantirish ularning hajmini
oshirishga qaratilgan bo‘lsa, g‘oyalarni tanlashdan maqsad to‘g‘ri kelmaydigan
qarorlarni aniqlash va ulardan voz kechishdan iborat bo‘ladi. Bunda g‘oyaning firma
maqsadlariga, uni amalga oshirish imkoniyatlari esa korxonaning resurslariga mos
kelishi inobatga olinadi.
Shu narsa aniqlanganki, qabul qilingan va real tovar ishlab chiqarishgacha etib
kelgan g‘oyalar vaqt o‘tishi bilan kamayadi, ularni izlab topish va tanlash uchun
sarflanuvchi xarajatlar esa oshib boradi(7.1-rasm). Rasmdan ko‘rinib turibdiki, 1968
yilda yangi tovar haqidagi 58 ta g‘oyadan faqat bittasigina tovar ishlab chiqarish va
uni bozorga olib chiqishda foydalanildi. 1981 yilda esa yangi tovar to‘g‘risida 7
tagina g‘oya to‘plangan bo‘lib, ulardan faqat bittasi muvaffaqiyatga erishgan.
G’oyalarni tanlash jarayoni ikki bosqichdan iborat:
1) g‘oyaning firma talablari va tamoyillariga mos kelishini tekshirish;
2) g‘oyaning bozor sharoitlaridagi imkoniyatlarini tekshirish.
G’oyalarni testdan o‘tkazish uchun quyidagi ko‘rsatkichlar qo‘llanishi
mumkin: bozor hajmi va salohiyati turlari va kattaligi; raqobatchilikdagi vaziyat;
g‘oyaning tadqiq etish va tayyorlashda amalgi oshirilishi; g‘oyani ishlab chiqarish
sohasida amalga oshirish imkoniyati, uning moliyaviy va marketing ta’minoti.