2. Oligopoliya bozori va uning xususiyatlari Oligopoliya – tarmoqdagi bir necha yirik ishlab chiqaruvchi yoki sotuvchining narx va ishlab chiqarish hajmini belgilashdagi hukmronlik holati hisoblanadi. Oligopolist-ishlab chiqaruvchilarga O‘zbekistonda sement
(asosan Bekobod, Quvasoy, Ohangaron, Navoiy shaharlarida joylashgan), ko‘mir
(Angren shahri, Surxondaryo viloyatining Sariosiyo (Sharg‘un) va Boysun (To‘da)
tumanlarida joylashgan) ishlab chiqarishni, telefon aloqa kompaniyalarini misol
keltirish mumkin.
Oligopoliya so‘zi grekcha bo‘lib (oligos - bir necha, poleo - sotaman)
sotuvchilarning kamligini bildiradi. Oligopol tarmoqlarga misol sifatida
rivojlangan mamlakatlardagi avtomobil sanoati, po‘lat, alyumin, elektrouskunalar
va kompyuter tarmoqlarini keltirish mumkin. Bu tarmoqlarda ishlab chiqariladigan
umumiy mahsulot hajmi bir necha firmalar hissasiga to’g’ri keladi. Masalan,
Microsoft kompaniyasining prezidenti Bill Geyts oligopoliya maqomini
yo‘qotmaslik uchun o‘zining raqobatchilarini doimiy ravishda moliyalashtirib
turadi, chunki u bozorda monopol bo‘lib qolsa, davlatga juda katta soliq va boshqa
to‘lovlarni to‘lashi kerak.
Odatda, oligopol bozorda 2 tadan 15 tagacha bo‘lgan kompaniyalar
bozordagi barcha talabni qondiradi. Oligopol bozorning asosiy xususiyatlaridan biri bu biror bir firma faoliyatidagi o‘zgarish, albatta boshqa xuddi shunday tovar
ishlab chiqarayotgan firmaga ta’sir o‘tkazishidadir. Ikkinchi firma raqobatda sinib
qolmaslik uchun birinchi firma o‘zgarishiga javoban albatta biror o‘zgarish qilishi
kerak. Bu o‘zgarish narxda, sotuv xajmida, bozordagi ulushida, investision va
innovasion faoliyatda, xarajatlarni qisqatirish strategiyasida yoki sotishdan keyingi
xizmat ko‘rsatishni yaxshilab borishda namoyon bo‘lishi mumkin. Masalan, bir
firma o‘z mahsulotiga talabni rag’batlantirish uchun mahsulotining narxini 10
foizga kamaytirsa, u asosan raqobatlashuvchi firmalar hisobidan o‘z mahsulotini
sotish hajmini anchaga oshirishi mumkin. Lekin firmaning bu narx siyosatiga
javoban boshqa raqobatlashuvchi firmalar har xil iqtisodiy siyosat olib borishi
mumkin.