Siklik ishsizlik potensial YaIMdan ortda qolishdan tashqari boshqa bir qator
salbiy oqibatlarni ham yuzaga keltiradi. Yuqori ishsizlik
natijasida aholining
daromadlari kamayadi, ya’ni to‘lovga layoqatli talab susayadi va agar davlat zarur
chora-tadbirlarni ko‘rmasa, so‘nishning yanada chuqurlashuviga olib keladi.
Aholi daromadlarining ishsizlik oqibatida pasayishi real jamg‘armalarning
qisqarishiga olib keladi. Jamg‘armalar – investisiyalar manbai bo‘lgani tufayli,
bunday jarayon investision imkoniyatlarning qisqarishiga ham olib keladi.
Davlat uchun esa, investisiyalarning va demak ishlab chiqarish hajmlarining
qisqarishi tufayli byudjetga soliq tushumlari kamayadi.
Ishsizlikning yana bir salbiy oqibati shuki, u sababli mamlakat aholisining
tabaqalashuvi yanada chuqurlashib ketadi. Ishsizlik yuki turli ijtimoiy guruhlarga
turlicha ta’sir qiladi. Ma’lumki, ishsizlik darajasi aynan mehnat bozorida ko‘proq
kamsitiladigan aholi tabaqalari orasida yuqori bo‘ladi. Bunday tabaqalarga o‘quv
yurtlarini endi tamomlagan
va ish qidirayotan yoshlar, ozchiliklar, ayollar kiradi.
Aholining bu guruhi ko‘pincha birinchi navbatda ishdan bo‘shatiladi. Aynan shu
guruhlarning daromadi avvaldan pastligini e’tiborga oladigan bo‘lsak, ishsizlik
yuqori bo‘lgan davrlarda daromad taqsimotidagi tengsizlik ham kuchayadi, degan
xulosaga kelish mumkin.
Bundan
tashqari, shuni ham unutmaslik kerakki, ishsizlik oddiy iqtisodiy
hodisa emas, balki u ijtimoiy-iqtisodiy hodisadir.
Ishsizlikning ijtimoiy oqibatlariga quyidagilarni kiritish mumkin:
♦ ijtimoiy tushkunlikning o‘sib borishi;
♦ ruhiy tanglikning o‘sishi;
♦ ijtimoiy faollik ko‘rinishlarining kuchayishi (namoyishlar, mitinglar,
ommaviy chiqishlar);
♦ jinoyatchilikning o‘sishi va hokazo.
Davlat ishsizlik sharoitlarida bir qator ijtimoiy-iqtisodiy
muammolarni
tartibga solishga qaratilgan murakkab vazifalar kompleksini hal qilish zaruratiga
duch keladi.
Davlatning ishsizlikka nisbatan olib boradigan siyosatiga kelsa, bu yerda bir
xil nuqtai nazar yo‘qligini aytib o‘tish joizdir. Ishsizlikka va uni tartibga solish
masalalariga klassik va keynscha yondashuvlar mavjuddir. Bu qarashlar mehnat
bozori faliyatini klassiklar va keynschilar tomonidan
turlicha tushunishga
asoslangan.
Klassik maktabda mehnat bozoridagi muvozanat g‘oyasi hukmronlik qiladi.
Har qanday bozordagi kabi, mehnat bozorida ham, agar u o‘z holiga tashlab
qo‘yilsa, muvozanat yuzaga keladi, iqtisodiyot esa uzoq muddat mobaynida to‘liq
bandlik
darajasiga, ya’ni tabiiy ishsizlik darajasiga intiladi. Ishlab chiqarishning
tabiiy darajasi gipotezasi (ishsizlikning tabiiy darajasi) amerikalik iqtisodchi
M.Fridmenga mansubdir. Agar so‘nish davrida ishsizlik ortsa,
buni vaqtinchalik
holat deb baholash lozim, jonlanish boshlangach, mehnat bozori o‘zining tabiiy
holatiga – to‘liq bandlik darajasiga qaytadi.
Keyns maktabi vakillari tabiiy daraja gipotezasini
inkor qiladilar va unga
muqobil ravishda ishsizlikning gisterezisi konsepsiyasini ilgari suradilar.