Asosiy tushunchalar: o‘zbek terminologiyasi sistemasi, termin, atama, istiloh, davrlashtirish, intralingvistik va ekstralingvistik omillar, mahalliy sulola, turkiy, sug‘dcha, sanskritcha, xitoycha, forscha- tojikcha, arabcha, ruscha-baynalmilal qatlam, qo‘llanish chastotasi, lug‘atchilik, akkumulyator.
Muayyan adabiy tilning so‘z boyligi o‘z tarkibida maxsus tushunchalarni ifodalovchi terminologik leksikani u yoki bu darajada qamrab olishi lingvistikada e’tirof etilgan voqelik hisoblanadi. O‘zbek terminologiyasi tizimi ham bundan mustasno emas.
Umumiste’mol so‘zlardan farqli ravishda doim maxsus tushunchalarni anglatish, ifodalash uchun xizmat qilishga yo‘naltirilgan terminlar o‘zbek adabiy tilining shakllanish va taraqqiy etish bosqichlari zaminida tarkib topdi va takomillashdi.
O‘zbek adabiy tili leksikasi qonuniyatlari negizida shakllangan terminologik leksika tarixini qadimgi turkiy til (VII-X) terminologiyasi, eski turkiy til (XI-XIV) terminologiyasi, eski o‘zbek adabiy tili (XV-XX asr boshi) terminlogiyasi, sho‘rolar davri o‘zbek tili terminologiyasi va istiqlol davri o‘zbek tili terminologiyasi tarzida davrlashtirish salkam o‘n to‘rt asrlik vaqt mobaynida terminlogik leksika tizimida intralingvistik va ekstralingvistik omillar negizida sodir bo‘lgan jarayonlarni anglab yetish imkonini beradi.
Hozirgi qardosh turkiy tillar, jumladan, o‘zbek tili leksik xazinasida muayyan darajada qo‘llanishda davom etayotgan yoki bugun iste’moldan butunlay chiqib ketgan qadimgi turkiy tilga taalluqli leksik birliklar tarkibida terminologik leksika ham sezilarli o‘rinni egallaganligi bilan xarakterlidir. Qadimgi turkiy til manbalarida qayd etilgan turfa soha terminologiyasi asosan sof turkiy tub va yasamalar hamda buddizm va moniyizm ta’sirida sug‘d, sanskrit, xitoy tillaridan kirib kelgan o‘zlashmalardan tashkil topgan edi. Jumladan, barğu “o‘lja”, qarğu
“soqchi, dozor”, tamğa “mug‘ro”, kőrűg “ayg‘oqchi”, elči “elchi; hukmdor, yurtboshi”, yolčï “sardor”, čïğay “yo‘qsil, kambag‘al”, qïšlağ(q) “qo‘shinning qishki qarorgohi”, ayğučï “davlat maslahatchisi” singari asl turkcha, čerig/čerik “qo‘shin, armiya”, sart “tojir, savdogar” kabi sanskritcha, xatun/qatun “malika”, kent “qishloq; shahar” singari sug‘dcha, qağan “hukmdor”, xan “hokim”, tegin “xonzoda, shahzoda”, yabğu “xoqondan keyingi oliy lavozim egasi”, seƞűn “xitoy generali”, tarqan “tarxon”, tutuğ “tuman hokimi” kabi xitoycha, šad “Turk xoqonligida oliy lavozim”, šadapït singari eroncha terminlar faol qo‘llanishda bo‘lganligini manbalar so‘z boyligi yaqqol ko‘rsatadi.
Ayni chog‘da e’tirof etish joizki, sanskrit, eron, xitoy tillarida bitilgan asarlarning turkiy tilga qilingan tarjimalarida qayd etilgan ijtimoiy-siyosiy, harbiy, iqtisodiy, sotsial, hayvonot dunyosi-fauna, o‘simlik dunyosi-flora, ilmi nujum-astronimiya va h.k. sohalarga xos terminlar keyinchalik deyarli qo‘llanmadi, turkiy tillar, chunonchi, o‘zbek tili ularni qabul qilmadi.
Sakkizinchi asrdan e’tiboran arab tili, arab xati va islom mafkurasining Turonzaminda qaror topishi, bir qator mahalliy sulolalar (Qoraxoniylar, G‘aznaviylar, Saljuqiylar)ning birin-ketin siyosat sahnasiga chiqishi singari obyektiv jarayonlar ostida o‘zligini yo‘qotmagan eski turkiy til(XI-XIV)da terminologik leksika ko‘lamining bir qadar kengayganini kuzatish mumkin. Eski turkiy til terminologiyasi mavjud lisoniy qonun-qoidalar doirasida shakllandi va rivojlandi. Uning qadimgi turkiy til davriga nisbatan yanada taraqqiy etishida jonli so‘zlashuv tili, turfa sheva materiallari qatori so‘z yasash andozalari – modellari asosida yuzaga chiqqan istilohlar muhim ahamiyat kasb etadi. Qadimgi turkiy tildan farqli o‘laroq eski turkiy tilda sanskrit, so‘g‘d, xitoy tiliga oid o‘zlashmalarning ishlatilish sur’ati pasaydi, aksincha, arabcha va forscha-tojikcha o‘zlashmalarning qo‘llanish chastotasi va ko‘lami ancha kengaydi. Biroq eski turkiy til terminologiyasining o‘zagini asl turkiy qatlam tashkil qilishda davom edi. Alïm “qarz, kredit”, berim “to‘lov, qarzni qaytarish”, beglig “beklik”, bitigči “mirza, munshiy, kotib”, yatğaq “tungi soqchi”, yarïša “ko‘rshapalak”, yarğu “ajrim”, yarğučï “qozi, sudya”, qalïq “havo”, obuz “qattiq yer”, tirgäš “ko‘lmak suv” kabi turkcha, rabat “karvonsaroy”, malik “hukmdor”, siyάsat “siyosat”, amil “ish yurituvchi”, tib “meditsina, tibbiyot”, nujum “astrologiya”, handasa “geometriya” singari arabcha, laškar “qo‘shin”, mayfuruš “may ichuvchi; may sotuvchi” singari forscha-tojikcha, daruğa “qal’a, qo‘rg‘on komendanti”, műrän “daryo”, nűkär/nävkär “navkar,
askar” kabi mo‘g‘ulcha terminlar bu davr terminologik tizimida nisbatan keng ko‘lamda ishlatilgan.
Eski o‘zbek adabiy tili terminologiyasining takomillashuvida, uning yanada yuqoriroq bosqichga ko‘tarilishida tilning ichki qonuniyatlari qatori tashqi ta’sir, ya’ni ekstralingvistik omillarning roli salmoqli bo‘lgan. O‘zbek adabiy tilining asoschisi Alisher Navoiy, uning Lutfiy, Atoiy, Sakkokiy, Yaqiniy singari salaflari, Bobur, Muhammad Solih, Ogahiy, Munis kabi izdoshlari tomonidan ta’lif etilgan badiiy, tarixiy, ilmiy asralar leksik boyligi tahlilidan kelib chiqqan holda aytish joizki, o‘zbek tili ichki imkoniyatlaridan keng foydalanilgan tarzda termin yaratish bu davr uchun ancha sermahsul usul hisoblangan. Ona tiliga millatning bosh ko‘zgusi tarzida munosabatda bo‘lish zaruriyatining Alisher Navoiy tomonidan ziyolilar, olimlar, shoir-u yozuvchilar oldida kun tartibiga qat’iy va ro‘yi rost qo‘yilishi o‘z ijobiy aksini terminlar tizimida ham topgan edi. Aniq fanlar qatori, ijtimoiy-gumanitar fan sohalarining shakllanib borish jarayoni ularga taalluqli maxsus tushunchalarni ifodalovchi terminlar yaratilish bilan baqamti kechdi. Bunda, birinchi galda, eski o‘zbek adabiy tili, jonli so‘zlashuv tili, lahja va shevalarda mavjud leksik birliklar terminlar safini kengaytirdi, o‘zbek tilda so‘z yasashda keng qo‘llangan affikslar yordamida katta miqdorda terminlar hosil qilindi. Arab, fors-tojik, mo‘g‘ul tillaridan o‘zlashgan terminlar soni shiddat bilan oshib bordi. Chet tillardan kirib kelgan so‘z yasovchi qo‘shimchalar ham terminlar yasashda muhim o‘rin egalladi. Xususan, harbiy qurol-yarog‘, texnika bilan bog‘liq top “zambarak”, qazan “og‘ir to‘p”, tűfäƞ “miltiq” kabi asl o‘zbekcha terminlar bilan yonma-yon arabcha ra’d “yonib turgan neftni dushman tomon irg‘ituvchi to‘p”, arrάda “paloqmon”, manjaniq “katapulta”, forscha-tojikcha zarbzan “zambarak turi”, farangiy “Yevropa, Kichik Osiyoda quyilgan to‘p”, zanburak “zambarak” kabi istilohlar jamiyat a’zolarining ma’lum qatlami tilidan o‘rin oldi. Ijtimoiy-siyosiy terminologiyada ham muayan o‘zgarishlar yuz berdi. Chunonchi, davlat boshqaruvida yangidan-yangi rutba, lavozim va mansablarning joriy qilinishi natijasida yasavulbašï, tabibbašï, qošbegi, naqib, ïnaq, biy, divάnbegi, toqsaba, parvάnačï, muhassil, mirάb singari istilohlar keng qo‘llanishga kirib keldi.
Har qanday tilning so‘z boyligi u tarixiy yoki zamonaviy tusda bo‘lmasin, insonlar tomonidan tuziladigan rang-barang lug‘atlarda ma’lum darajada aksini topadi. Lug‘at til so‘z boyligini o‘zida saqlovchi akkumulyator vazifasini bajaradi. Bugun muayyan tilshunoslikning qay
darajada rivojlangani, takomil topgani ayni tilda yaratilgan lug‘atlarning turi, miqdori va sifati bilan o‘lchanmoqda.
O‘zbek lug‘atchiligi tarixi uzoq davrlarga borib taqaladi. Hozirga qadar yetib kelgan lug‘atlar ichida 1074-1075-yili atoqli lug‘atshunos Mahmud Koshg‘ariy tomonidan tuzilgan “Turkiy so‘zlar devoni”, ya’ni “Devonu lug‘otit turk” ulkan ahamiyatga egaligi bilan xarakterlanadi. Zotan, arab millati vakillari uchun juda katta hududda istiqomat qiluvchi turkiy xalqlar til xususiyatlari, chunonchi, alifbosi, tovush qurilishi, lug‘at boyligi, so‘z turkumlari va gap qurilishi haqida ma’lumot berish uchun mo‘ljallangan mazkur asarning ilmiy ahamiyati shu kunga qadar dunyo olimlari qalamiga mansub 1800 atrofidagi ilmiy izlanishlarda e’tirof etilgan. Arab lug‘atchiligi an’analari va qoidalari asosida tuzilgan bu lug‘atdan taxminan sakkiz minga yaqin so‘zlar, birikmalar, iboralar, maqol va matallar, xalq og‘zaki ijodi namunalari joy olgan. “Devonu lug‘otit turk”, garchi, lug‘at deb nomlansa-da, biroq unda Qoraxoniylar davri eski turkiy tilning o‘ziga xos xususiyatlari juda yuqori tahlil qilingan (Dadaboyev, 2017).
Shuni alohida ta’kidlash joizki, “Devon”dan o‘rin olgan leksik birliklar qatori, Qoraxoniylar saltanatining ijtimoiy-siyosiy, sotsial- iqtisodiy, harbiy, maishiy turmush tarzida mavjud tushunchalarni ifodalovchi istilohlar va leksik birliklar son jihatdan salmoqli hisoblanadi. Turfa soha istilohlari bilan yonma-yon onomastika, jumladan, atoqli otlar-antroponimlar, joy nomlari-toponimlar, geografik obyektlar nomi, gidronimlar, ekologiya, hayvonot (fauna) va o‘simlik dunyosi(flora)ga oid talaygina leksemalar qiyomiga yetgan holda izohlangan.
O‘zbek terminologiyasining qaror topishida XIV asrga oid arab tilida yozilgan grammatik (filologik) risolalarning sezilarli o‘rni borligi turkologiyada allaqachon e’tirof etilgan. Turkiy tilning grammatikasi haqida bahs yurishishga yo‘naltirilgan Abu Hayyon (vafoti 1344-yil)ning “Kitob ul-idrok li-lison ul-atrok”, M.T. Xoutsmaning fikricha, 1245- yilda Mamluklar davlati (1250-1517)da Halil bin Muhammad bin Yusuf al-Ko‘nyaviy tomonidan yaratilgan “Kitobi majmuai tarjumoni turki va ajami va mug‘ali”, muallifi noma’lum “Kitobi at-tuhfat uz-zakiya fi-l- lug‘atit turkiya”, Jamoluddin Turkiyning “Kitob bulg‘at al-mushtoq fi-l- lug‘atat- turk va-l-qifchaq”, XVI asr boshida Qohirada ta’lif etilgan “Al- qavoninu-l kulliya li-zabtil-lug‘atit-turkiya” singari asarlarda turkiy tilning so‘z boyligi, alalxusus, istilohlar tizimi ma’lum darajada ifodasini topgan. Mazkur davr asarlarida qayd etilgan turkiy til leksikasi,
chunonchi, istilohlar sistemasini “Kitobi majmuai tarjumoni turki va ajami va mug‘aliy”da keltirilgan quyidagi mavzuiy guruhlarning ajratilganini qayd etish bilan cheklanamiz: kishi nomlari – Alaquš, Aqtay, Altuntaš, Baybars, Sonqur va h.k.; astroponim (kosmonim)lar : Űlkär; geografik nomlar: Šam, Misr; uy hayvonlari: at, őkűz, qatïr, boğa, ayğïr va h.k.; yirtqich hayvonlar: aslan, sïrtlan, bőri, tűlkű va h.k.; qush va hashoratlar: qartal “burgut”, sarča “chumchuq”, qaz “g‘oz”, qarlağač “qaldirg‘och”, qarğa va h.k.; ekoterminlar: topraq “tuproq”, qayïr “shag‘al”, yaban “cho‘l, yobon”, oy “chuqurlik”, qol “vodiy”, harbiy asbob-anjomlar: ya “yoy, kamon”, kiriš “yoy ipi”, sűƞű “nayza”, qalqan, čoqmar va h.k.; tibbiy terminlar: yig/ig “kasallik, illat”, ağrï “og‘riq”, sőkäl “bemor, kasal”, isitmä “harorat, isitma”, őtűrmäk “yo‘tal” va h.k.; musiqiy terminlar: duduk “musiqa asbobi”, tőmrű “do‘mbira”, yaqlïq “rubob”, sïbïzğu “sivizg‘a” va h.k.
XIX asrning 70-yillaridan e’tiboran o‘zbek terminologiyasi rus tili orqali G‘arbiy Yevropa tillaridan o‘zlashgan terminlar asosida rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ydi. Bu davrda rus tilining o‘zbek tili leksikasi, xususan, terminologiyasi rivojiga ta’siri masalasi hozirgacha har tomonlama chuqur ilmiy tadqiqot obyektiga aylanmagan. Vaholanki, manbalarda qayd qilingan faktik materiallar o‘zbek terminologiyasining zikr etilgan paytdagi taraqqiyotini bevosita ifodalagani bois muammoni ijobiy hal etishda o‘ta qo‘l kelishi aniq. O.Usmonov, Sh.Hamidovlar tomonidan 1981-yilda “Fan” nashriyotida e’lon qilingan “O‘zbek tili leksikasi tarixidan materiallar (XIX asrning oxiri – XX asrning boshlari)” nomli asarda atishma, atishuv “otishma”, axtarish “tintuv”, ariq “kanal”, ashula oyuni “konsert”, basma “bosma, nashr etilgan”, bash vazir “bosh vazir” kabi asl o‘zbekcha istilohlar qatori barja “yuk kema”, prizident “prezident”, pratakol “bayonnoma”, sayuz “ittifoq”, iliktir “elektr”, ikiskursiya “sayohat”, fonograf, samavar, sod//sud “sud” singari o‘zlashmalar ham aksini topgan. Ashyoviy misollar o‘zlashmalarning o‘zlashtiruvchi o‘zbek tili tovush tizimiga moslashtirilganidan dalolat beradi.
Sobiq sho‘rolar hukmronligi vaqtida o‘zbek tili terminologiyasi yangi tushunchalar va ularni ifodalovchi haddan tashqari ko‘p miqdordagi o‘zlashma terminlar hisobiga kengaydi. Soha terminologiyasi tizimining vujudga kelishida sof o‘zbekcha leksik birliklar bilan birga ruscha-baynalmilal terminlarning roli yuqori bo‘ldi. Bu jihat ayniqsa, tabiiy fanlarga xos terminologik sistemada yaqqol ifodasini topdi. Mustaqillik davri o‘zbek terminologiyasi globallashuv va
internetga qadam qo‘yilgan XXI asrda har tomonlama takomillashuv jarayonini boshidan kechirmoqda. Hozirgi o‘zbek terminologiyasining shiddat bilan taraqqiy etishi til lug‘at tarkibining boyishi va takomillashuviga olib keldi.
Terminga xos belgilardan biri uning izohi va ta’rifiga oydinlik kiritish, terminning ma’noviy qurshovida mavjud qo‘shimcha semalarni yuzaga chiqarish ilm-fan tilining rivojlanishida, o‘zga soha oid terminologik tizimlar tarkibida yaqqol seziladi. Bugungi o‘zbek terminologiyasining boyishida yuqorida zikr etilgan jihatlar hamon ustunlik qilmoqda. O‘z qatlamning salmoqli o‘rni qatori, o‘zlashmalarning ham sezilarli mavqei saqlanib qolmoqda. O‘zlashmalarning til terminologiyasi boyishidagi o‘rnini birgina internet terminlari misolida ko‘rish mumkin. Olib borilgan izlanishlar o‘zbek tili internet terminologiyasining 54% ini o‘zlashmalar, chunonchi, rus tilidan o‘zlashgan internet terminlari 31%, ingliz tilidan aynan o‘zlashgan baynalmilal internet terminlari 23%ni tashkil etishini ko‘rsatgan (Saidqodirova, 2018).
Xullas, o‘zbek terminologiyasi bir necha asrlik shakllanish va tarqqiy etish bosqichlarini bosib o‘tdi. Bu bosqichlarda o‘zbek terminologiyasi na-faqat o‘z ichki resurslari, shuningdek, qarindosh bo‘lmagan tillar boyliklaridan o‘rni bilan foydalangan holda rivojlanish yo‘lida davom etdi.
Terminlarning shakllanish hamda yasalish yo‘llari xususida so‘z ketganda quyidagi jihatlarni inobatga olish taqozo etiladi: o‘z milliy tilning tayyor leksik boyliklaridan unumli foydalanish; boshqa tillarning so‘z boyliklaridan o‘rni bilan istifoda etish (o‘zlashtirish); tayyor standart terminelementlar (o‘zbekcha va baynalmilal)ni qo‘llash; morfologik (affiksatsiya, abbreviatsiya), sintaktik (kompozitsiya) va semantik so‘z yasalishi vositalariga murojaat qilish.
Dostları ilə paylaş: |