3. Ishlab chiqarish logistikasi Moddiy oqim, xom-ashyoning birinchi manbasidan oxirgi isteʼmolchigacha boʻlgan yoʻlida qator ishlab chiqarish boʻgʻinlaridan oʻtadi. Bu bosqichda moddiy oqimlarni boshqarish, oʻziga xos xususiyatlariga ega, va ishlab chiqarish logistikasi deb ataladi.
“Ishlab chiqarish” atamasining maʼnosini eslatib oʻtamiz. Maʼlumki jamiyat ishlab chiqarishi moddiy va nomoddiy qismlarga boʻlinadi. Ishlab chiqarish logistikasi, moddiy ishlab chiqarish sohasida yuz beradigan jarayonlarni koʻrib chiqadi.
Ishlab chiqarish logistikasining maqsadi bu moddiy boyliklar yaratuvchi yoki saqlash, qadoqlash, joylash kabi moddiy xizmatlar koʻrsatuvchi korxonalar ichidagi moddiy oqimlarni optimizatsiyalashtirishdir. Ishlab chiqarish logistikasida oʻrganiladigan obyektlarning tavsifiy belgisi – bu ularning hududiy ixcham joylashishidir. Adabiyotlarda ularni “logistikaning orol obyektlari” deb ham atashadi.
Ishlab chiqarish logistikasi doirasidagi logistik jarayon ishtirokchilarini ichki ishlab chiqarish munosabatlari bogʻlab turadi (tovar-pul munosabatlari bilan bogʻlangan makrodarajadagi logistik jarayon ishtirokchilaridan farqli ravishda).
Ishlab chiqarish logistikasida koʻriladigan logistik tizimlar, ichki ishlab chiqarish logistik tizimlari nomi bilan yuritiladi. Ularga: sanoat korxonalarini, ombor inshootlariga ega ulgurji savdo korxonalarini, xoʻjalik hamda fermer xoʻjaliklarini va boshqalarni kiritish mumkin.
Ichki ishlab chiqarish logistik tizimlarini mikro va makro darajalarda koʻrib chiqish mumkin.
Makrodarajada ishlab chiqarish logistik tizimlari makrologistik tizimlarning unsurlari sifatida namoyon boʻladilar. Ular moddiy oqimlar manbalari boʻlib, ushbu tizimlar ishining bir tekis borishini taʼminlaydilar. Makrologistik tizimlarni tashqi muhit oʻzgarishlariga moslashuvi, ularning ichidagi ichki ishlab chiqarish logistik tizimlari ishlab chiqaradigan mahsulotning assortimenti va miqdorini tez oʻzgartira olish qobiliyatiga bogʻliq.
Mikrodarajadagi ichki ishlab chiqarish logistik tizimlari, bir-biri bilan oʻzaro munosabatda va aloqalarda boʻlib, maʼlum birlikni, butunlikni vujudga keltirgan tizimchalar qatoridir. Bu tizimchalar: xaridlar, omborlar, zaxiralar, ishlab chiqarishga xizmat koʻrsatish, transport, axborot, sotish va kadrlardir. Ular moddiy oqimni tizimga kirishi, undan oʻtishi va chiqib ketishini taʼminlaydilar. Logistika konsepsiyasiga muvofiq ichki ishlab chiqarish logistik tizimlarining yaratilishi, korxona ichidagi taʼminot, ishlab chiqarish va sotish boʻgʻinlarining rejalari va ishlarini doimiy ravishda oʻzaro kelishilishi va toʻgʻrilanib borishi imkoniyatini taʼminlashi lozim.
Ishlab chiqarishni tashkil etishning logistik konsepsiyasi quyidagi asosiy holatlarni oʻz ichiga oladi:
- ortiqcha zaxiralardan voz kechish;
- asosiy va transport-ombor operatsiyalarini bajarish uchun
ortiqcha vaqtdan voz kechish;
- isteʼmolchi buyurtmasi boʻlmagan mahsulotlarni ishlab
chiqarishdan voz kechish;
- uskunalar toʻxtab turishini yoʻq qilish;
- sifatsiz mahsulotlarni yoʻq qilish;
- xoʻjalik ichidagi noratsional tashishlarni yoʻq qilish;
- yetkazib beruvchilarni hamkorlarga aylantirish.
Logistikadan farqli oʻlaroq ishlab chiqarishni tashkil etishning anʼanaviy konsepsiyasi quyidagilardan iborat:
-mahsulotni iloji boricha yirik partiyalarda ishlab chiqarish;
-“har extimolga qarshi” moddiy resurslarning maksimal katta zaxirasiga ega boʻlish.
Konseptual hollarning mazmuni shundan dalolat beradiki, ishlab chiqarishni tashkil etishning anʼanaviy konsepsiyasi “sotuvchi bozori” sharoitlari uchun eng qulay boʻlsa, logistik konsepsiya “xaridor bozori” sharoitlari uchun eng qulaydir.