4. Xarid logistikasi Xarid logistikasi – bu, korxonani moddiy resurslar bilan taʼminlash jarayonida, moddiy oqimlarni boshqarishdir.
Mikrologistik tizimning katta ahamiyatga ega unsurlaridan biri bu xarid tizimchasidir, u moddiy oqimni logistik tizimga kirib borishini tashkil etadi. Bu bosqichda moddiy oqimlarni boshqarish maʼlum oʻziga xos xususiyatlarga ega, aynan shu holat xarid logistikasini ayrim bob sifatida oʻrganilishiga sabab boʻladi.
Moddiy oqimlarni qayta ishlovchi har bir korxona, jumladan qishloq xoʻjalik korxonalari ham, oʻz tarkibida, mehnat buyumlarini (urugʻlik, oʻgʻit, yoqilgʻi moylash materiallari va b.) sotib olishni, yetkazishni va vaqtinchalik saqlashni amalga oshiruvchi boʻlimga egalar. Bu boʻlim faoliyatini uchta pogʻonada koʻrib chiqishimiz mumkin, chunki bu boʻlim bir vaqtning oʻzida;
korxona kiruvchi makrologistik tizim maqsadlarini aloqasini va amalga oshishini taʼminlovchi unsuri;
mikrologistik tizim unsuri, yaʼni korxona maqsadlarini roʻyobga chiqishini taʼminlovchi korxona boʻlimlaridan biri;
oʻz unsurlari, tuzilmasi va maqsadlariga ega mustaqil tizim ham boʻlishi mumkin.
Logistikada yetkazib beruvchilar bilan munosabatlar quyidagi tamoyillarga asoslangan boʻlishi kerak.
Yetkazib beruvchilar bilan xuddi mijozlar bilan boʻlgandek munosabatda boʻlish.
Maqsadlar birligini amalda namoyon qilishni unutmaslik.
Yetkazib beruvchini oʻz maqsadlari bilan tanishtirish va uni ishidan ham xabardor boʻlish.
Yetkazib beruvchida muammolar paydo boʻlsa unga yordam berishga tayyor turish.
Olgan majburiyatlariga amal qilish.
Ish amaliyotida yetkazib beruvchi maqsadlarini ham hisobga olish.
Taʼminot boʻlimi, yangi mahsulotni ishlab chiqish yoʻllarini izlash bosqichidan boshlab, korxonani moddiy resurslar bilan taʼminlash masalasini yechishga kirishadi. Logistik tashkil etilgan tizimlarda esa, bu bosqichda yetkazib beruvchi ham ishtirok etishi mumkin.
Taʼminot boʻlimi, uni tashkil etgan korxonaning unsuri boʻlishi bilan birga, taʼminot – ishlab chiqarish - sotish zanjiridagi moddiy oqimni oʻtib ketishini taʼminlovchi makrologistik tizimga ham mos tarzda kirib borishi lozim. Taʼminot boʻlimining ishlab chiqarish va sotish boʻlimlari bilan, moddiy oqimlarni boshqarish boʻyicha, faoliyatlarini yuqori darajada oʻzaro kelishilgan boʻlishini taʼminlash, butun korxonani logistik tashkil etishning vazifasidir. Zamonaviy ishlab chiqarish va moddiy-texnik taʼminot tizimlari, korxona miqyosidagi taʼminot, ishlab chiqarish va sotish boʻgʻinlari rejalarining oʻzaro kelishilgan boʻlishi va ularga operativ tarzda oʻzgartirishlar kiritilishi imkoniyatini taʼminlaydilar. Bunda real vaqtdagi doimiy oʻzgarishlar ham hisobga olinadi.
Taʼminot - ishlab chiqarish - sotish zanjiri zamonaviy marketing konsepsiyasi asosida barpo etilishi lozim, yaʼni birinchi navbatda sotish strategiyasi, keyinchalik undan kelib chiqqan xolda ishlab chiqarishni rivojlantirish strategiyasi va undan keyingina ishlab chiqarishni taʼminlash strategiyasi ishlab chiqilishi lozim. Shuni ham taʼkidlab oʻtish kerakki marketing bu masalani faqatgina konseptual nuqtayi nazardan belgilaydi. Sotish bozorlarini har tomonlama tekshirishga moʻljallangan marketing ilmiy qurollari, mos talablarga bogʻliq boʻlgan, yetkazib beruvchilarni texnik-texnologik kelishishi masalalarini yechishga imkon beradigan uslublarni ishlab chiqmagan. Shuningdek marketing, xom ashyoning birlamchi ishlab chiqaruvchisidan oxirgi isteʼmolchigacha boʻlgan materiallar harakati jarayonidagi barcha ishtirokchilarning tizimli tashkil etish uslublarini ham taklif etmaydi. Bu nuqtayi nazardan logistika ishbilarmonlik faoliyatiga marketing yondashuvini rivojlantiradi, marketing konsepsiyasini amalga oshirish imkonini yaratuvchi usullarni ishlab chiqadi, konsepsiyaning oʻzini ham sezilarli darajada kengaytiradi va toʻldiradi.
Taʼminot boʻlimining samarali faoliyat yuritishi, korxona miqyosida ham, makrologistika miqyosida ham sanab oʻtilgan maqsadlarni roʻyobga chiqarish, bularning barchasi taʼminot boʻlimini tizimli tashkil etilishga bogʻliqdir.