Namangan davlat universiteti o`zbek tili va adabiyoti kafedrasi
Anonimlik xalq og`zaki ijodi asarlarini yaratgan dastlabki muallif nomining
ma`lum emasligidir. O`zbek xalq og`zaki ijodi o`nlab doston va ertaklardan, yuzlab
qo`shiqlardan, minglab maqol hamda topishmoqlardan tashkil topgan, lekin
an`anaviy og`zaki ijod namunalariga taalluqli asarlarning birortasi uni yaratgan
muallif nomi bilan yuritilmaydi, Chunki unday aniq muallifning o`zi yo`q. Yuqorida
qayd qilib o`tganimizdek, og`zaki asarlarni yaratuvchi ijodkorlar o`zlarining
nomlarini e`lon qilmaslikni ma`qul topganlar. Folklorshunoslikda bu odat xalq
farzandlarining ijobiy fazilatlari sifatida ta`kidlanadi.
Anonimlikni ijtimoiy hayotdagi anonim tarzda yoziladigan «yumaloq xat»lar
bilan aralashtirmaslik lozim. Chunki anonim xatlar fisq-fasod, g`iybat oqibatidir.
Og`zaki ijoddagi anonimlik esa xalq farzandining o`z xalqiga ko`rsatgan iltifoti
namunasidir.
Shunday qilib, xalq og`zaki ijodi yuqorida qayd qilib o`tganimizdek, beshta
o`ziga xos xususiyatlarga ega. Bu xususiyatlar og`zaki ijod asarlarini yozma
adabiyotdan va ayni chog`da xalq ijodini san`atning boshqa turlaridan farqlab
turuvchi belgilar hisoblanadi.
Shuningdek,
folklorning
yozma
adabiyotdan
farqlanadigan
boshqa
xususiyatlari ham borligini ta`kidlashimiz zarur. Masalan, folklorda nisbatan
romantik va fantastik tasvir uslubi ustunlik qiladi. Aksariyat folklor asarlari ko`tarinki
ruh bilan nihoyasiga etadi. Aytaylik, o`zbek ertaklaridagi an`anaviy xotimalar: «Yetti
kecha, yetti kunduz to`y - tomosha qilib, murod-maqsadlariga yetibdilar», «Chol -
kampir murod - maqsadlariga yetib, uvali-juvali bo`lib, o`sha yurtda yashab yurgan
emishlar».
Savollar: 1. Folklorlarning o`ziga xos xususiyatlari qaysilar?
2. Og`zakilik nima? Badihago`ylik deganda nimani tushunasiz?
3. Jamoaviylik va ommaviylik deganda nimani tushunasiz?
4. An`anaviylik va anonimlik deganda nimani tushunasiz?
5. Variantlilik nima? Versiya nima?