Ota-onalar burchagi va ko‘rgazma tashkil etish . Ota-onalar burchagi ularni tarbiyaga
oid yangiliklar va pedagogik masalalar bilan tanishtirish maqsadida tashkil etiladi. Ularga
kitoblar, jurnallar, rasmlar, bolalarning ishlari, bolalar ovqatining xillari, bolaning uyidagi va
oiladagi kun tartibi, ota-onalar uchun eslatmalar, e’lonlar joylashtiriladi. Burchak vaqti-vaqti bilan
tarbiya vazifasiga qarab o‘zgartirib turiladi.
Pedagogik bilimlarni targ‘ib qilish bo‘yicha tashkil etiladigan ko‘rgazmalar ko‘pincha
ota-onalar konferensiyalari, majlislari, konsultatsiyalar oldidan tashkil etiladi. Unda
“Maktabgacha ta’lim va tarbiya to‘g‘risida”gi Qonun va qarorlar, MTT tarmoqlari va undagi
tarbiyalanuvchilar sonining o‘sishini ko‘rsatuvchi diagrammalar, bolalar bilan olib boriladigan
ta’lim-tarbiya jarayonlari, bolalar hayotini aks ettiruvchi tasvirlar, kitob va o‘yinchoqlar,
bolalarning ishlari o‘rin oladi. Ota-onalar burchagi oila bilan olib boriladigan ishning ko‘rgazmali
usuli, uning did bilan bezatilishiga alohida e’tibor berilishi kerak. Bundan tashqari, ota-onalarga
tarbiya to‘g‘risidagi filmlar namoyish etiladi, bular ko‘pincha ota-onalarni qiziqtiradigan baxslar
boshlanishiga sababchi bo‘ladi.
Ota-onalar uchun ochiq kunlar tashkil etilishi ham maktabgacha ta’lim muassasalari
ishida muhim o‘rin egallaydi. Bunday kunlarda ota-onalarga bolalarning mashg‘ulotlari,
mehnat, o‘yin faoliyatlari, sayrlar va bolalarning jamoada o‘larining qanday tutushlari va shunga
o‘xshashlar ko‘satiladi.
Ota-onalar qo‘mitasi. Ota-onalar qo‘mitasi “Maktabgacha ta’lim tashkilotining
Ustavi”ga binoan direktoriga yordam berish maqsadida tuziladi. U ota-onalarning umumiy
majlisida bir yil muddatga saylanadi. Bu qo‘mitaga har bir yosh guruh ota-onalaridan 1-2 vakil
saylanadi. Qo‘mitaning asosiy vazifasi direktoriga maktabgacha ta’lim tashkilotining xo‘jalik va
ta’lim-tarbiya ishlarida yordam berish, qo‘mita a’zolari, ota-onalar majlisi va kechalarni
tayyorlash, o‘tkazish va boshqa ishlarda tarbiyachilarga ko‘maklashishdir.
Ota-onalar qo‘mitasi bolalarning ota-onalar bilan tanishadi, bolalarni tayyorlash bo‘yicha
ular bilan ish olib boradi. Qo‘mita a’zolari har ikki oyda bir marta yig‘ilish o‘tkazadi. Ota-onalar
qo‘mitasi direktorining ish rejalari va ishning ahvoli to‘g‘risidagi ota-onalarni qiziqtiruvchi ba’zi
masalalar haqidagi ma’ruza va hisobotni eshitishga haqlidir.
Ota-onalar qo‘mitasining faoliyati haqidagi hujjatlar MTTda saqlanadi.