180-modda. Ekspertiza tayinlash to‘g‘risidagi qaror yoki ajrim Ekspertiza tayinlash to‘g‘risida tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi qaror, sud esa ajrim chiqaradi. Unda: ekspertiza tayinlash uchun asos bo‘lgan sabablar; ekspertizaga yuborilayotgan ashyoviy dalillar va boshqa obyektlar, ularning qachon, qayerda va qaysi holatda topilganligi va olinganligi; ish materiallari bo‘yicha ekspertiza o‘tkazishda esa ekspert xulosasi asoslanishi lozim bo‘lgan ma’lumotlar; ekspert oldiga qo‘yilgan savollar; ekspertiza muassasasining nomi yoki ekspertiza o‘tkazish topshirilgan shaxsning familiyasi ko‘rsatilishi lozim.
Zarur hollarda ekspertiza jinoyat ishi qo‘zg‘atilishidan oldin ham tayinlanishi mumkin.
Ekspertiza o‘tkazish to‘g‘risidagi qaror yoki ajrim unga taalluqli shaxslar uchun majburiydir.
181-modda. Ekspertiza o‘tkazishda majburlov chegarasi Murakkab tibbiy tekshiruv usullaridan, shuningdek kuchli og‘riq berish bilan bog‘liq usullardan majburiy foydalanishga faqat ekspertiza o‘tkazilayotgan shaxsning roziligi bilan, agar ushbu shaxs voyaga yetmagan yoki uning ruhiy holati buzilgan bo‘lsa, uning qonuniy vakilining, vasiysining yoki homiysining roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.
182-modda. Davlat sud-ekspertiza muassasasida yoki boshqa korxona, muassasa, tashkilotda ekspertiza o‘tkazish Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud ekspertiza tayinlash to‘g‘risida o‘zi chiqargan qarorni yoki ajrimni, tekshirish obyektlarini, zarur hollarda esa jinoyat ishini ham davlat sud-ekspertiza muassasasining yoki boshqa korxona, muassasa, tashkilotning rahbariga yuboradi. Agar qaror yoki ajrimda ekspert ko‘rsatilmagan bo‘lsa, tashkilotning rahbari mazkur tashkilot xodimlaridan qaysi biri ekspertiza o‘tkazishi to‘g‘risida farmoyish berishi kerak. Bu haqda u ekspertizani tayinlagan organga (shaxsga) xabar beradi.
Davlat sud-ekspertiza muassasasining yoki boshqa korxona, muassasa, tashkilotning rahbari ekspertiza o‘tkazishni tashkil qiladi, tekshirish obyektlarining saqlanishini ta’minlaydi, ekspertizani o‘tkazish muddatlarini aniqlaydi, ekspert tekshiruvi tugaganidan so‘ng xulosani, tekshirish obyektlari va ish materiallarini ekspertizani tayinlagan organga (shaxsga) yuboradi.
Davlat sud-ekspertiza muassasasining yoki boshqa korxona, muassasa, tashkilotning rahbari, agar mazkur tashkilotda ekspert tekshiruvlarini o‘tkazish uchun tegishli mutaxassislar yoxud zarur moddiy-texnik baza yoki maxsus sharoitlar bo‘lmasa, ekspertizani tayinlash to‘g‘risidagi qaror yoki ajrimni ijro etmasdan hamda ekspertizani o‘tkazish uchun taqdim etilgan tekshirish obyektlari va ish materiallarini uch kunlik muddatda qaytarish; ekspertizani tayinlagan organdan (shaxsdan) ekspertlar komissiyasi tarkibiga ushbu tashkilotda ishlamaydigan shaxslarni, shu jumladan boshqa davlatlardan mutaxassislarni, agar ekspertizani o‘tkazish uchun ularning maxsus bilimlari zarur bo‘lsa, kiritish to‘g‘risida iltimos qilish huquqiga ega.
Davlat sud-ekspertiza muassasasining yoki boshqa korxona, muassasa, tashkilotning rahbari ekspertizani tayinlagan organning (shaxsning) roziligisiz ekspertizani o‘tkazish uchun ushbu tashkilotda ishlamaydigan mutaxassislarni jalb etishga; ekspertizani o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan qo‘shimcha tekshirish obyektlarini ekspertizani tayinlagan organning (shaxsning) qarori yoki ajrimisiz talab qilib olishga haqli emas.