183-modda. Ekspertiza muassasasidan tashqarida ekspertiza o‘tkazish Ekspertiza ekspertiza muassasasidan tashqarida o‘tkaziladigan bo‘lsa, tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud ekspertiza o‘tkazish to‘g‘risida qaror yoki ajrim chiqargandan keyin ekspertiza o‘tkazish topshirilayotgan shaxsni chaqirtiradi, uning shaxsi va malakasini, gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga, jabrlanuvchiga bo‘lgan munosabatini va uni rad etishga asoslar bor-yo‘qligini aniqlaydi.
Ekspertizani tayinlagan tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud ekspertga ekspertiza tayinlanganligi to‘g‘risidagi qarorni yoki ajrimni taqdim etadi, uni ushbu Kodeksning 68-moddasida ko‘rsatilgan huquq va majburiyatlari bilan tanishtiradi va bila turib noto‘g‘ri xulosa berganligi, surishtiruv yoki dastlabki tergov ma’lumotlarini surishtiruvchining, tergovchining yoxud prokurorning ruxsatisiz oshkor qilganligi, shuningdek xulosa berishni rad etganligi yoki bundan bo‘yin tovlaganligi uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risida ogohlantiradi. Ekspert bergan ariza va iltimosnomalar ham shu zaylda qayd etiladi. Ekspertning iltimosi rad etilgan taqdirda, ekspertiza tayinlagan tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud bu haqda qaror yoki ajrim chiqaradi.
Agar gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi, jabrlanuvchi yoki guvohning badanini yoxud ruhiy holatini tekshirish zarurati paydo bo‘lsa, ekspertiza tayinlagan tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organning mansabdor shaxsi, surishtiruvchi, tergovchi yoki sud ularning ekspertga olib kelinishini ta’minlashi shart.
184-modda. Ekspertning yoki ekspertlar komissiyasining xulosasi Ekspert yoki ekspertlar komissiyasi ekspert tekshiruvlarini o‘tkazib bo‘lganidan keyin tegishincha ekspert yoxud ekspertlar komissiyasi tarkibiga kiruvchi har bir ekspert imzosi bilan tasdiqlanadigan xulosa tuzadi.
Xulosada: ekspertiza o‘tkazilgan sana va joy; ekspertizani o‘tkazish asosi; ekspertizani tayinlagan organ (shaxs) to‘g‘risida ma’lumotlar; ekspert (familiyasi, ismi, otasining ismi, ma’lumoti, ixtisosligi, ish staji, ilmiy darajasi, ilmiy unvoni, egallab turgan lavozimi) va ekspertizani o‘tkazish topshirilgan tashkilot haqida ma’lumotlar; ekspertning bila turib noto‘g‘ri xulosa berganligi, surishtiruv yoki dastlabki tergov ma’lumotlarini surishtiruvchi, tergovchi yoxud prokurorning ruxsatisiz oshkor qilganligi, shuningdek xulosa berishni rad etganligi yoki bu ishdan bo‘yin tovlaganligi uchun jinoiy javobgarlik to‘g‘risida ogohlantirilganligi; ekspertning oldiga qo‘yilgan savollar; ekspertga taqdim etilgan tekshirish obyektlari va ish materiallari; ekspertiza o‘tkazilayotganda hozir bo‘lgan shaxslar haqida ma’lumotlar; qo‘llanilgan usullar ko‘rsatilgan holda ekspert tekshiruvlarining mazmuni va natijalari, shuningdek bu ekspert tekshiruvlari, agar ekspertlar komissiyasi ishlagan bo‘lsa, kim tomonidan o‘tkazilganligi; ekspert tekshiruvi natijalarining baholanishi, qo‘yilgan savollarga berilgan asosli javoblar; ish uchun ahamiyatga molik bo‘lgan va ekspertning tashabbusiga ko‘ra aniqlangan holatlar ko‘rsatilishi lozim.
Xulosada huquqbuzarlik sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar, shuningdek ularni bartaraf etishga doir tashkiliy-texnikaviy tavsiyalar ko‘rsatilgan bo‘lishi mumkin.
Xulosani va uning natijalarini tasvirlovchi materiallar ushbu xulosaga ilova qilinadi hamda uning tarkibiy qismi bo‘lib xizmat qiladi. Ekspert tekshiruvining olib borilishi, shart-sharoitlari va natijalarini hujjatlashtiradigan materiallar davlat sud-ekspertiza muassasasida yoki boshqa korxona, muassasa, tashkilotda qonunchilikda belgilangan muddatlarda saqlanadi. Ular ekspertizani tayinlagan organning (shaxsning) talabiga binoan ishga qo‘shib qo‘yish uchun taqdim etiladi.
Agar taqdim etilgan tekshirish obyektlarining, materiallarning yoki ekspertning maxsus bilimlari yetarli emasligi ekspert tekshiruvi davomida ma’lum bo‘lib qolsa, xulosa ayrim qo‘yilgan savollarga javob berishni rad etish asosini o‘z ichiga olgan bo‘lishi lozim.
Ekspert tekshiruvi tugaganidan so‘ng xulosa, tekshirish obyektlari va ish materiallari ekspertizani tayinlagan organga (shaxsga) yuboriladi.