50-BOB. NOREZIDENTLARNING DOIMIY
MUASSASA BILAN BOGʻLIQ BOʻLMAGAN
DAROMADLARIGA SOLIQ SOLISHNING
OʻZIGA XOS XUSUSIYATLARI
351-modda. Umumiy qoidalar
352-modda. Soliq agentlari deb eʼtirof etiladigan shaxslar
353-modda. Soliq stavkalari
354-modda. Soliq agentlari tomonidan soliqni
hisoblab chiqarish tartibi
355-modda. Soliq agentlari tomonidan soliq hisob-kitobini
taqdim etish va uni toʻlash tartibi
356-modda. Oʻzbekiston Respublikasi norezidentlarining
mol-mulkni realizatsiya qilishdan olingan daromadlariga
soliq solishning oʻziga xos xususiyatlari
357-modda. Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari
boʻyicha soliq solishdan ozod qilishning yoki pasaytirilgan
soliq stavkalarini qoʻllashning oʻziga xos xususiyatlari
358-modda. Soliq rezidentligini tasdiqlovchi
hujjatga qoʻyiladigan talablar
351-modda. Umumiy qoidalar
(1-q.)
Norezidentning Oʻzbekiston Respublikasidagi manbalardan olingan va doimiy
muassasa bilan bogʻliq boʻlmagan daromadlaridan olinadigan soliq norezidentga daromad
toʻlovchi soliq agenti tomonidan hisoblab chiqariladi va ushlab qolinadi. Soliqning ushlab
qolinishi soliq toʻlovchining daromadlaridan bunday daromadlarning har bir toʻlovi paytida
amalga oshiriladi.
(2-q.)
Bunday daromadlar jumlasiga, xususan, quyidagilar kiradi:
1) Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslaridan olingan dividendlar;
2) Oʻzbekiston Respublikasining qarz majburiyatlari boʻyicha foizlar, shu jumladan
chiqarish va muomalada boʻlish shartlarida foizlar koʻrinishidagi daromadlarni olish nazarda
tutilgan davlat qimmatli qogʻozlari. Bunda Oʻzbekiston Respublikasining davlat obligatsiyalari va
boshqa qimmatli qogʻozlari boʻyicha daromadlarga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi yuridik
shaxslarining xalqaro obligatsiyalari boʻyicha daromadlarga soliq solinmaydi;
3) Oʻzbekiston Respublikasining yuridik shaxslaridan va yakka tartibdagi tadbirkorlaridan
olingan har qanday turdagi qarz majburiyatlari (shuningdek foydada ishtirok etish huquqini
beruvchi obligatsiyalar va konvertatsiya qilinadigan obligatsiyalar) boʻyicha foizlar;
4) har qanday nomoddiy aktivdan Oʻzbekiston Respublikasida foydalanish yoki foydalanish
huquqini berish uchun royalti;
5) quyidagilar realizatsiya qilinganda olinadigan daromadlar:
a) aksiyalar (bundan fond birjasida realizatsiya qilinadigan aksiyalar mustasno), Oʻzbekiston
Respublikasining rezidenti boʻlgan yuridik shaxslarning ustav fondidagi (ustav kapitalidagi)
ulushi (paylar);
b) Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan koʻchmas mulk;
v) mulk majmuasi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan korxona;
g) Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga muvofiq tashkil etilgan investitsiya pay
fondlarining investitsiya paylari.
(OʻzR 21.04.2021-y. OʻRQ-683-son Qonuni tahriridagi kichik
band)
Bunday daromadlarga soliq solishning oʻziga xos xususiyatlari ushbu Kodeksning 356-
moddasida belgilanadi;
6) norezidentga tegishli boʻlgan va Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti orqali tashqi savdo
faoliyatini amalga oshirish doirasida topshiriq shartnomasi va boshqa aynan oʻxshash fuqarolik-
huquqiy shartnomalar asosida sotiladigan tovarlarni realizatsiya qilishdan olingan daromadlar.
Ushbu bandda koʻrsatilgan daromadlar hujjatlar bilan tasdiqlangan, norezident tomonidan
realizatsiya qilingan tovar uchun olinadigan summaning uni olishdan oshgan qismi sifatida
belgilanadi. Tovarlarni sotib olish qiymatini tasdiqlovchi hujjatlar boʻlmagan taqdirda, soliqni
ushlab qolish norezident tomonidan olinadigan barcha summadan amalga oshiriladi;
7) Oʻzbekiston Respublikasida yuzaga keladigan tavakkalchiliklarni sugʻurtalash, birgalikda
sugʻurtalash va qayta sugʻurtalash shartnomalari boʻyicha toʻlanadigan sugʻurta mukofotlari;
8) Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari tomonidan xalqaro aloqa uchun simli oʻtkazgich,
radio-optik yoki boshqa elektromagnit tizimlar orqali belgilar, signallar, matnlar, tasvirlar,
tovushlarni uzatish, qabul qilish va qayta ishlash uchun toʻlovni nazarda tutuvchi
telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatishdan olinadigan daromadlar;
9) xalqaro tashish, shu jumladan yuklarni yuklash, qayta yuklash, tushirish va joylash uchun
tashish shartnomasi shartlarida nazarda tutilgan toʻlov boʻyicha xizmatlar.
Xalqaro tashish deganda yoʻlovchilarni, yuklarni, tovarlarni, shu jumladan pochtani daryo
yoki havo kemalari, avtomobil yoki temir yoʻl transporti orqali, davlatlardan biri Oʻzbekiston
Respublikasi boʻlgan turli davlatlarda joylashgan punktlar oʻrtasida amalga oshiriladigan har
qanday tashish tushuniladi.
Ushbu bandning maqsadi uchun faqat Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan
punktlar oʻrtasida, shuningdek faqat Oʻzbekiston Respublikasi hududida joylashgan punktlar
oʻrtasida amalga oshiriladigan tashish xalqaro tashish deb eʼtirof etilmaydi;
10) Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalaniladigan mol-mulkni ijaraga va ikkilamchi
ijaraga berish, shu jumladan lizing operatsiyalaridan olingan daromadlar, daryo, havo kemalarini
va (yoki) boshqa transport vositalarini, shuningdek konteynerlarni ijaraga yoki qoʻshimcha ijaraga
berishdan olingan daromadlar;
11) xalqaro tashishlarda va Oʻzbekiston Respublikasi ichida tashishlarda transport-
ekspeditorlik xizmatlari.
Bunda yuk yuboruvchidan (yuk oluvchidan) olingan summa va yuk tashuvchining tegishli
birlamchi hujjatlari bilan tasdiqlangan, yuk tashuvchiga toʻlanishi lozim boʻlgan summa
oʻrtasidagi farq sifatida hisoblangan mukofot summasi soliq solinishi lozim boʻlgan daromaddir.
Yuk tashuvchining tegishli birlamchi hujjatlari boʻlmagan taqdirda, Oʻzbekiston Respublikasining
norezidentiga ushbu Kodeks 353-moddasining 3-bandida belgilangan soliq stavkalari boʻyicha
toʻlangan barcha summaga soliq solinishi lozim;
12) shartnoma majburiyatlarini buzganlik uchun jarimalar, penyalar va boshqa toʻlovlar;
13) begʻaraz olingan mol-mulk, xizmatlar. Begʻaraz olingan mol-mulkning (xizmatlarning)
qiymati ushbu Kodeksning 299-moddasida nazarda tutilgan tartibda belgilanadi;
14) Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidentiga yoki faoliyatini Oʻzbekiston
Respublikasida doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan norezident boʻlgan yuridik shaxsga
qarzni talab qilish huquqidan voz kechishdan olingan daromad.
Bunda shunday daromadning miqdori norezidentning birlamchi hujjatlariga muvofiq, qaysi
talab qilish huquqi boʻyicha voz kechish amalga oshirilgan boʻlsa, oʻsha talab qilish huquqining
qiymati va talab qilish huquqidan voz kechish sanasida qarzdordan olinishi lozim boʻlgan talab
qilish qiymati oʻrtasidagi ijobiy farq sifatida belgilanadi;
15) Oʻzbekiston Respublikasining soliq rezidentidan yoki Oʻzbekiston Respublikasida
faoliyatini doimiy muassasa orqali amalga oshirayotgan norezident boʻlgan yuridik shaxsdan
qarzni talab qilish huquqini olish chogʻida talab qilish huquqidan voz kechishdan olingan
daromad.
Bunda shunday daromadning miqdori asosiy qarzning talabiga koʻra qarzdordan olinishi
lozim boʻlgan summa, shu jumladan talab qilish huquqidan voz kechish sanasidagi asosiy qarzdan
ortiq boʻlgan summa va talab qilish huquqini olish qiymati oʻrtasidagi ijobiy farq sifatida
belgilanadi;
16) serverga axborot joylashtirish va unga texnik xizmat koʻrsatish uchun Oʻzbekiston
Respublikasi hududida disk maydoni va (yoki) aloqa kanalini taqdim etishdan olingan daromadlar;
17) boshqaruvga oid, texnik yoki maslahat xususiyatiga ega xizmatlar uchun toʻlov sifatida
belgilangan texnik xizmatlardan olingan daromadlar;
18) norezident tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida xizmatlar koʻrsatishdan
olingan boshqa daromadlar.
(3-q.)
Quyidagilar norezidentlarning Oʻzbekiston Respublikasidagi manbalaridan olingan
daromadlar jumlasiga kirmaydi:
1) faqat tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshiruvchi shaxs nomidan va uning
manfaatlarini koʻzlab amalga oshirilgan hamda faqat Oʻzbekiston Respublikasida tovar sotib olish
yoki Oʻzbekiston Respublikasi hududiga tovar olib kirish bilan bogʻliq tashqi savdo
operatsiyalaridan olingan daromadlar.
Oʻzbekiston Respublikasi hududiga tovarlar olib kirish bilan bogʻliq operatsiyalarga
nisbatan ushbu qoida quyidagi shartlarga rioya etgan holda import bojxona tartib-taomiliga
joylashtirilganda qoʻllaniladi:
a) tovarni yetkazib berish ushbu shaxs tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi hududida
joylashgan saqlash joylaridan (shu jumladan bojxona omborlaridan) amalga oshirilmasa;
b) tovar chet el yuridik shaxsining Oʻzbekiston Respublikasidagi doimiy muassasasi orqali
sotilmasa.
Agar ushbu bandning ikkinchi xatboshisida koʻrsatilgan shartlardan hech boʻlmaganda
bittasi bajarilmagan boʻlsa, ushbu shaxsning Oʻzbekiston Respublikasidagi faoliyatiga taalluqli
daromadlarining bir qismi tovarni realizatsiya qilish chogʻida Oʻzbekiston Respublikasidagi
manbalardan olingan daromad deb eʼtirof etiladi.
Agar norezident tomonidan montaj va (yoki) ishga tushirish-sozlash xizmatlari, xodimlarni
oʻqitish xizmatlari va boshqa shu kabi xizmatlar koʻrsatilishini nazarda tutuvchi asbob-uskunalar
(qurilmalar, mexanizmlar, butlovchi va ehtiyot qismlar) sotib olish (sotish) boʻyicha xalqaro
shartnomada (kontraktda) koʻrsatiladigan xizmatlar qiymati alohida koʻrsatilmagan boʻlsa,
norezidentning soliq solinadigan daromadi bunday xizmatlarning bozor qiymatidan kelib chiqqan
holda aniqlanadi. Xuddi shunday qoidalar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi hududida
norezident vakillarining tashqi savdo shartnomasi (kontrakti) boʻyicha asbob-uskunalarni montaj
qilish, oʻrnatish yoki ishga tushirish-sozlash paytida haqiqatdan mavjud boʻlgan taqdirda, hattoki
ushbu shartnomada (kontraktda) norezidentlar tomonidan montaj va (yoki) ishga tushirish- sozlash
ishlarini amalga oshirish, ular tomonidan xodimlarni oʻqitish xizmatlarini va boshqa shu kabi
xizmatlarni koʻrsatish nazarda tutilmagan boʻlsa ham, qoʻllaniladi;
(OʻzR 30.12.2022-y. OʻRQ-
812-son Qonuni tahriridagi xatboshi)
2) Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida xizmatlar koʻrsatishdan olingan daromadlar,
bundan mazkur moddaning ikkinchi qismida nazarda tutilgan xizmatlar koʻrsatishdan olingan
daromadlar mustasno.
(4-q.)
Xizmat koʻrsatish boʻyicha kontraktda norezident tomonidan Oʻzbekiston
Respublikasi hududida ham, uning tashqarisida ham xizmatlar koʻrsatilishini nazarda tutuvchi
qoidalar mavjud boʻlganda, ushbu moddada belgilangan soliqni hisoblab chiqarish va ushlab
qolish tartibi xizmatlarning har bir turi uchun alohida-alohida qoʻllaniladi. Norezident tomonidan
yagona ishlab chiqarish-texnologik sikl doirasida xizmat koʻrsatishning har bir bosqichi
norezidentning daromadlaridan toʻlov manbaida soliqni ushlab qolish maqsadida xizmatlarning
alohida turi sifatida koʻrib chiqiladi. Bunda kontrakt boʻyicha norezident daromadlarining umumiy
summasi Oʻzbekiston Respublikasida va uning tashqarisida xizmatlar koʻrsatishdan olingan
daromadlarga asoslangan tarzda taqsimlangan boʻlishi kerak.
(5-q.)
Ushbu moddaning toʻrtinchi qismi qoidalarini qoʻllash maqsadida norezident xizmat
oluvchiga norezidentning umumiy daromad summasi Oʻzbekiston Respublikasida xizmat
koʻrsatishdan olingan daromadlar va uning tashqarisida xizmat koʻrsatishdan olingan
daromadlarga taqsimlanganligini tasdiqlovchi, Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligiga va
(yoki) chet davlatning qonunchiligiga muvofiq tuzilgan, norezident tomonidan tasdiqlangan hisob-
kitob hujjatlarining koʻchirma nusxalarini taqdim etishi shart. Bunday taqsimlanish mavjud
boʻlmaganda, ham Oʻzbekiston Respublikasida, ham uning tashqarisida xizmat koʻrsatishdan
norezidentga toʻlanadigan daromadning butun summasiga soliq solinishi lozim.
(OʻzR
21.04.2021-y. OʻRQ-683-son Qonuni tahriridagi qism)
Dostları ilə paylaş: |