ONXOSERKOZ (Onchocerca) qo’zg’atuvchilaridan - Onchocerca volvulus
va Onchocerca coecutiens odamlarda, Onchocerca lienalis va Onchocerca gutturoza
qoramollarda, Onchocerca cervicalis esa otlarda parazitlik qiladi.
Onxoserkalar oqish rangli nematodalar bo’lib, tanasi ipsimon, ikki tomonga
ingichkalashib ketgan. Uzunligi 2 sm dan 11 sm gacha boradi. Ularning rivojlanishi
ikkita xo’jayinda ketadi. Asosiy xo’jayinlari odam, qoramol, ot va eshaklar
hisoblansa, oraliq xo’jayinlari qon so’ruvchi chivinlar hisoblanadi.
Onxoserkalar asosiy xo’jayinlarining organizmida teri ostida, paylar, taloq
pardasi ostida va boshqa organlarda parazitlik qiladi. Parazitlar atrofida biriktiruvchi
to’qimali yo’llar xosil bo’ladi. Odamlarda bu yo’llar tanasining turli qismlarida,
ko’pincha
bo’g’imlar,
qo’l-oyoq va boshida to’planadi. Lichinkalar -
mikrofilyariyalar teri qatlamida yashab, terining ichida yara bo’lishi va pigment
ajralishini buzadi. Ba’zan parazit lichinkalari ko’zni ojizlantirib, xatto ko’r bo’lishiga
olib keladi.
Odam va hayvonlarda uchrovchi onxoserkoz kasalligini yuqtiruvchilar mayda
chivinlar bo’lib, parazit lichinkalarini qon so’rganda kasallangan hayvonlardan
sog’lom mollarga yuqtiradi. Odamlarda ham xuddi shu tarzda ketadi.
Odamlarda onxoserkoz kasalligi asosan, Afrika mamlakatlarida va Amerikada
tarqalgan. Odamlarda uchrovchi onxoserkalarning oraliq xo’jayinlari Simulium
avlodiga kiruvchi chivinlar hisoblanadi.
Hayvonlarda onxoserkozlar er yuzida jumladan, o’zbekistonda ham keng
tarqalgan. Ulardan ayniqsa, otlar va qoramollar ko’proq azob chekadi. Onxoserkalar
xalq xo’jaligiga juda katta zarar keltiradi. Onxoserkalar o’zbekistonda qoramol
terilarini zararlashi tufayli, teri sifatini pasaytirib yuboradi va natijada teri zavodlari
har yili bir necha yuz minglab so’mdan maxrum bo’ladi. Bundan tashqari kasallangan
hayvonlarning boshqa maxsuldorligi ham keskin kamayib ketadi.
Onxoserkozdan odam va hayvonlar kasallanishining oldini olish choralaridan
eng asosiysi parazit tashuvchilarini quritishdir. Buning uchun esa chivinlar
ko’payadigan joylarga insektisidlardan foydalanish kerak. Kasallangan odamlarni esa
dietilkarbamazin, ditrazin, suramin kabi dorilar bilan davolanadi.