Vuxereriya yoki bankroft ipchasi (Wuchereria bancrofti) asosan tropik va
subtropik iqlimli mamlakatlarda keng tarqalgan. Odamlarda vuxererioz (elifantiazis),
ya’ni fil kasalligini paydo qiladi. Bu uzun ipsimon nematoda urg’ochisining uzunligi
10 sm, erkaginiki esa 4 sm keladi. Voyaga etgan chuvalchanglar limfa bezlarida,
ichki a’zolarning qon tomirlarida parazitlik qiladi. Limfa yo’li bekilib qolishi tufayli
limfa to’xtab qoladi, zararlangan joy esa juda yo’g’onlashib ketadi.
Bu nematodaning rivojlanishi ikkita xo’jayinda boradi. Asosiy xo’jayini odam,
oraliq xo’jayinlari esa Anopheles, Culex va Aedes avlodlariga kiradigan chivinlar
hisoblanadi.
Urg’ochi vuxereriyalar limfa tomirlarida juda ko’p tirik lichinkalar tug’adi. Bu
lichinkalar (mikrofilyariyalar) qon tomirlari tizimida aylanib yuradi. Kunduzi (odam
faolligi oshgan paytda) lichinkalar ichki a’zolar qon tomirlarida yashasa, kechalari
ular periferik tomirlarga o’tadi. Kechqurun yoki tunda chivinlar kasallangan
odamlarning qonini so’rganida parazit lichinkalari chivin oshqozoniga va undan tana
bo’shlig’iga o’tadi. Bu erda biroz o’sadi va so’ngra xartumi asosida to’planadi.
Chivinlar qon so’rish uchun sog’lom odamning terisini teshganida lichinkalar dastlab
xartumdan teri ustiga chiqadi. So’ngra bu lichinkalar o’zlari faol harakat qilib,
xo’jayin tanasiga kiradi. Umuman, voyaga etgan parazitlar odam organizmida 17
yilgacha, lichinkalari esa 70 kun atrofida hayot kechiradi.
Kasallikning yashirin (inkubasion) davri 3-18 oy davom etishi mumkin.
Kasallikning belgilari: avvalo allergik xolatlar yuzaga keladi, keyin tana harorati
ko’tariladi, to’qimalarda shishlar paydo bo’ladi. Voyaga etgan parazitlar limfa
tomirlarida tiqilib qolishi natijasida limfa yo’li bekilib, limfa to’xtab qoladi, bunda
zararlangan joylar, ya’ni tana qismlari, shu jumladan oyoqlar juda yo’g’onlashib
ketadi va bu kasallik fil oyog’i deb ataladi. MDXda bu kasallik deyarli uchramaydi.
Vuxererioz bilan kasallangan odamlarni dietilkarbamazin, ditrazin kabi dorilar bilan
davolanadi. Profilaktik chora-tadbirlar odamlarni vuxererioz tashuvchisi bo’lmish
qon so’ruvchi chivinlar chaqishidan ximoya qilishdir.