5 mavzu gnoseologiya – bilish falsafasi bilishning mazmun va mohiyati bilish nazariyasining predmeti. «Gnoseologiya»


Gnoseologiyaning mohiyati va mazmuni



Yüklə 0,9 Mb.
Pdf görüntüsü
səhifə3/35
tarix21.05.2023
ölçüsü0,9 Mb.
#118930
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   35
5 mavzu gnoseologiya a007a4c8ca028358a58bf353c8ff4093

Gnoseologiyaning mohiyati va mazmuni. Optimizm. Skeptitsizm. Agnostitsizm. Bilish 
jarayoni rivojlanish qonuniyatlarining shakllari, haqiqatning tagiga yetish imkoniyatlari nuqtai 
nazaridan o’rganiladi. Uning har xil modellari, yondashuvlari mavjud. Materialistik modellar 
zamirida dunyoning inson ongida aks etish tamoyillari: Demokritda – obrazlar (eydoslar), YAngi 
davr faylasuflarida – sensor signallari, Berklida – sub’yektning sezgilari yotadi. Leybnits bilishni 
ilohiylashtirilgan g’oyaning inson tug’ma tushunchalariga ta’siri deb hisoblagan. Gegel’ taklif 
qilgan modelning zamirida mutlaq g’oyani anglash yotadi. Max, Avenarius va boshqa sub’yektiv 
idealistlarda (XIX asr oxiri – XX asr boshlari) bilish jarayoni – bu sezgilarning bo’sh va tejamli 
aloqasini amalga oshirishdir.
Inson aqli bilish pillapoyasidan yuqoriga ko’tarilar ekan, har bir yangi pog’onada qayta-
qayta quyidagi savolga javob topishga harakat qiladi: dunyoni bilish mumkinmi?, bilishning 
chegaralari bormi? Falsafada bu savollarga javob beruvchi uch asosiy yo’nalishni farqlash 
mumkin: optimizm, skeptitsizm va agnostitsizm (Kant va boshqalar). Optimistlar dunyoni bilish 
mumkinligini ta’kidlaydilar, agnostiklar, aksincha, buni rad etadilar (I.Kant – «narsa o’zida»). 
Skeptiklar esa, dunyoni bilish mumkinligini inkor etmaydilar (XVIII asrda D.YUm), biroq 
bilimning haqiqiyligiga shubha bildiradilar. Odatda, skeptitsizm paradigmalar, qadriyatlar, 
ijtimoiy tizimlar va hokazolar o’zgarayotgan davrda (yoki uning arafasida), ilgari haqiqiy deb 
hisoblangan xulosalar fan va amaliyot olgan yangi ma’lumotlar nuqtai nazaridan soxta, asossiz 
bo’lib chiqqan holda ravnaq topadi. Skeptitsizm psixologiyasiga xos xususiyat shundan iboratki, 
u darhol nafaqat eskirgan, balki yangi, shakllanayotgan fikrlar, g’oyalarni ham toptay boshlaydi. 
Bu psixologiya zamirida tadqiqotchining yangilikka tashnaligi va inson tafakkurining kuchiga 
bo’lgan ishonch emas, balki qachondir qabul qilingan «qulay» tamoyillarga tayanish yotadi. 


Skeptitsizm ta’limot sifatida, hech shubhasiz, zararlidir, chunki u insonning bilish borasidagi 
deyarli barcha imkoniyatlarini kamsitadi. 
Bilimga chanqoq bo’lgan, bilishga harakat qilayotgan odam optimist: «Men buning 
nimaligini bilmayman, biroq bilishga umid qilaman», deydi. Agnostik esa, «Men buning 
nimaligini bilmayman va hech qachon bila olmayman», deb ta’kidlaydi. YUzaki skeptitsizm, 
ko’r-ko’rona fanatizm kabi, dunyoqarashi tor odamlarda ko’p uchraydi. F.Laroshfuko ta’biri 
bilan aytganda, kaltabin odamlar odatda o’z dunyoqarashi doirasidan chetga chiqadigan hamma 
narsani qoralaydi. Biroq oqilona darajadagi skeptitsizm foydali va hatto zarur. Bilish usuli 
sifatida skeptitsizm shubha shaklida amal qiladi, bu esa haqiqatning tagiga yetish sari tashlangan 
qadamdir. SHubha eskirgan, qotib qolgan aqidalarning tagiga suv quyadi, ularga putur yetkazadi. 
U – rivojlanayotgan fanning muhim unsuri. Bilimsizlik qayd etadi va inkor qiladi, bilim – 
shubhalanadi.
Biroq bu uch yo’nalishni farqlash, bizningcha, masalani soddalashtirishdan boshqa narsa 
emas. To’g’ri, agnostiklar dunyoni bilish mumkinligini inkor etadilar, ammo bu ko’r-ko’rona, 
hech narsaga asoslanmagan inkor etish emas. Ular ko’rsatayotgan ko’pgina savollarga chindan 
ham hali javob topilmagan. Agnostitsizmga olib keluvchi asosiy muammo shundan iboratki, 
narsa yoki hodisani bilish jarayonida bu narsa yoki hodisa albatta bizning tafakkur va sezgi 
a’zolarimizda aks etadi. Bu narsa yoki hodisa bizning tafakkur va sezgi a’zolarimizda aks etish 
natijasida qanday ko’rinish kasb etgan bo’lsa, biz ular haqida shunday ma’lumotga ega bo’lamiz. 
Narsalar va hodisalar aslida qanday ekanligini biz bilmaymiz va bilishimiz mumkin ham emas. 
Qarshimizda bosh-adog’i yo’q dunyo yastanib yotadi, biz esa unga o’z formulalarimiz 
modellarimiz va tushunchalarimiz bilan yaqinlashib, cheksizlikni o’z tasavvurlarimiz bilan ilg’ab 
olishga harakat qilamiz. Tushunchalar, kategoriyalar va nazariyalar «tugunlari»ni qay darajada 
qattiq qilib tugmaylik, dunyoni tushunib yetishga shu yo’sinda da’vogar bo’lishimiz to’g’rimi? 
Bundan chiqdi, biz o’z bilish usullarimiz bilan chegaralangan dunyoda yashaymiz va olam 
haqida haqqoniy bir gap aytishga qodir emasmiz.
Biroq bilish fanining rivojlanishi agnostitsizmning bu amaliy xulosasini har qadamda rad 
etadi. Masalan, pozitivizm asoschisi O.Kont insoniyat Quyoshning kimyoviy tarkibini 
aniqlashga qodir emas, deb ta’kidlagan edi. Biroq keyinchalik spektral analiz yordamida Quyosh 
tarkibi aniqlandi. XIX asr fanining ba’zi bir namoyandalari atomlar amalda mavjud emas, ular 
faqat tafakkur mahsuli, deb hisoblar edi. Biroq E.Rezerford atomlar amalda mavjud ekanligini 
isbotlab berdi, oradan yarim asr o’tgach, genlarning keng kimyoviy tarkibi aniqlandi.
SHunga qaramay, bugungi kunda ham agnostik xulosalarni neopozitivizm, fenomenologiya, 
ekzistensializm, pragmatizm va hokazolarda kuzatish mumkin. Ularning agnostitsizmi nafaqat 
gnoseologik xususiyatga ega bo’lgan sabablar, ichki mantiq bilan, balki ma’lum darajada 
D.YUm va O.Kont falsafasi boshlab bergan an’ana bilan ham belgilanadi. Agnostsizm haqida 
so’z borar ekan biz beixtiyor I. Kantga murojaat qilamiz 
Kant agnostitsizmining qisqacha mazmuni quyidagicha: biz biladigan narsa (fenomen) va 
o’z holicha mavjud bo’lgan narsa (noumen) mutlaqo har xildir. Biz hodisalar mohiyatini qay 
darajada teran anglamaylik, bizning bilimimiz baribir o’zicha mavjud bo’lgan narsalardan farq 
qiladi. SHunday qilib, I. Kant fikricha, bizning ongimiz, hissiyotimiz, tafakkurimizga bog’liq 
bo’lmagan narsalar olami mavjud. Uni faylasuf «narsa o’zida» sifatida ta’riflaydi. I.Kantning 
fikricha, bilish jarayoni «narsa o’zida»ning sezgi a’zolarimizga bevosita ta’siri ostida his-
tuyg’uning uyg’onishidan boshlanadi. Vaholanki, his-tuyg’ular, tushuncha va hukmlar o’z 
holicha «narsa o’zida» haqida muayyan nazariy bilim berishga qodir emas. Lekin bundan 
ishonchli bilim yo’q ekan, degan xulosaga kelmaslik kerak. Matematika va tabiatshunoslik aynan 
shunday ishonchli bilim manbaidir. Ammo ular qay darajada ishonchli bo’lmasin, «narsa o’zida» 
haqidagi haqiqiy bilim bo’la olmaydi. Kant bizning tafakkurimizda shakllangan tushunchalar 
«narsa o’zida»ni qay darajada to’g’ri yoki noto’g’ri aks ettira oladi, degan savolga aniq javob 
mavjud emas, deb ta’kidlaydi.

Yüklə 0,9 Mb.

Dostları ilə paylaş:
1   2   3   4   5   6   7   8   9   ...   35




Verilənlər bazası müəlliflik hüququ ilə müdafiə olunur ©azkurs.org 2024
rəhbərliyinə müraciət

gir | qeydiyyatdan keç
    Ana səhifə


yükləyin