ILMIY TADQIQOTLAR JURNALI 20.06.2022
284
dovrug‘i ortib borgan. U ko‘p bor Xitoyga yurishlar qilib, uning bir qancha hududlarini
bosib olgan. Xitoy podsholigi Turk xoqonligiga har yili o‘lpon tariqasida yuz bo‘lakdan
iborat ipak mato berib turishga majbur bo‘lgan. 553-yilda Buminxon vafot etgach,
hokimiyatga uning katta o‘g‘li Mug‘anxon (553-572) o‘tiradi. Mug‘anxon 558-yilda
jo‘janlarga so‘nggi bor qaqshatqich zarba berib, o‘z davlati hukmronligini Tinch
okeangacha bo‘lgan hududlarda mustahkamlaydi. Uning amakisi Istami (unga
«Yabg‘u» – bahodir unvoni ham berilgan) bo‘lsa, bu davrda xoqonlik hududini g‘arbga
tomon kengaytirib, Yettisuv, Qashqar va boshqa hududlarni egallaydi.
ADABIYOTLAR TAHLILI VA METODLAR 563–567-yillar davomida Istami yabg‘u qo‘shinlari eftaliylar davlatiga ketma-ket
zarbalar berib, O‘rta Osiyo va Kaspiy dengizigacha bo‘lgan yerlarni egallashga
muvaffaq bo‘ladi. Buning oqibatida Eftaliylar davlati qulaydi. Turk xoqonligi O‘rta
Osiyo erlarini ishg‘ol etgach, uning hududlari bevosita Eron chegarasiga tutashadi.
Xoqonlik Eron bilan yaxshi qo‘shnichilik, savdo-sotiq aloqalarini o‘rnatishga intiladi.
Shu maqsadda Eron shohi Xusrav 1 Anushervonga turk malikasi uzatiladi, Eronga
elchilar yuboriladi. Biroq Turk xoqonining Eronga ikki bor yuborgan elchilari faoliyati
muvaffiyatsiz chiqqach, Eronning xoqonlik bilan murosaga bormasligi, uning qat’iy
dushmanligi ma’lum bo‘ladi. Buning boisi Eron shohining O‘rta Osiyo hududlariga
da’vogarligida edi. Bu esa, shubhasiz, bir necha bor xoqonlikning Eron bilan urushlar
olib borishiga sabab bo‘ladi. Istami qo‘shinlari Eron shohi Xisrav I ni yengadi. Eron
shohlari Turk xoqonligiga 400 ming Vizantiya tillosi hajmida tovon to‘lashga majbur
bo’ladi[7: 64].
Mug‘anxon va uning avlodlari g‘arbda Qora dengizga qadar hududlarni zabt etib
o‘zlariga bo‘ysundirganlar. Turk xoqonligi 568 – 569-yillarda o‘sha davrning qudratli
davlati – Vizantiya bilan iqtisodiy va savdo-sotiq aloqalarini o‘rnatishga intilib, so‘g‘d
savdogari Maniax boshchiligidagi
elchilarni
u
erga
yuboradi.
Elchilar
imperator Yustinian II qabulida bo‘ladi. Shundan so‘ng Vizantiyannig Zemarx boshliq
elchilari xoqonlik davlatiga keladi. Bu esa shu davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va
savdo-tijorat munosabatlarini o‘rnatishda muhim ahamiyat kasb etgan. Turk xoqonlari
O‘rta Osiyoda hukmronlik qilsa-da, biroq o‘zlari bu hududga ko‘chib kelmaganlar. Ular
Yettisuv va boshqa hududlardagi bosh qarorgohlarida qolib, bo‘ysungan hududlarni
mahalliy hukmdorlar orqali boshqarib, ulardan olinadigan soliq-o‘lponlar va to‘lovlar
bilan kifoyalanganlar. Bundan ko’rinadiki, Turk xoqonligi davrida bu hududdagi
mavjud mahalliy davlat tuzilmalari, ularning boshqaruv tizimlari saqlanib, ichki
siyosat bobidagi mustaqil faoliyatlari davom etgan. Xoqonlik istisno hollardagina
o‘lkaning ijtimoiy-siyosiy hayotiga aralashgan. Bu narsa ko‘proq tashqi siyosat, xalqaro
savdo-sotiq masalalariga daxl etardi.