ILMIY TADQIQOTLAR JURNALI 20.06.2022
286
Qubo (Quva), Koson kabi shaharlar o‘sha davrning ancha taraqqiy etgan
hunarmandchilik va savdo-sotiq markazlari hisoblangan. Buyuk ipak yo‘li bu
shaharlarning xalqaro savdoda faol ishtirok etishini ta’minlagan. O’rta Osiyolik qo‘li gul
hunarmandlar, to‘quvchilar, zargarlar, miskaru temirchilar, ko‘nchi-yu qurolsozlar
ishlab chiqargan nafis, xaridorgir buyumlar, asbob-anjomlar turli yurtlarga yuborilgan.
Mahalliy hunarmandlar ishlab chiqargan rangli shishalar, zotdor otlarga xalqaro
miqyosda talab katta bo‘lgan [5: 103].
Bu davrning o‘ziga xos muhim o‘zgarishlaridan yana biri – bu O‘rta Osiyo
kulolchiligi hunarining yuksak san’at darajasida rivojlanganligidir. Bu davrda ham
yurtimizda moddiy va ma’naviy madaniyatning yangiyangi betimsol namunalari
yaratildi. Turli olimlar mutaxassislar bahsiga sabab bo‘lgan Turkiy-run, O‘rxun-Enasoy
yozuvi, Kultegin bitiklari, Bilga xoqon yodnomasi va shu singari noyob topilmalar turk
yozma madaniyatning qadimiyligi va rang-barangligiga guvohlik beradi. 1970-yilda
Almati yaqinidagi «Issiq» degan joydan topilgan va fanga «Issiq yozuvi» nomi bilan
kirgan turkiy yozuv ham bizning yozuv tariximizga oid qarashlarimizni yanada
boyitadi. Endilikda topilgan noyob ashyo-dalillar asosida turkiy yozuvning tarixi
miloddan avvalgi II – I asrlarga borib tutashishi ma’lum bo‘ldi. Turonzaminda turkiy
yozuv bilan bir qatorda so‘g‘d va xorazm yozuvlari ham keng qo‘llanilgan. So‘g‘d yozuvi
22 ta belgidan iborat bo‘lib, chapdan o‘ngga qarab yozilgan. Shaharlarda so‘g‘d-turk
ikki tilliligi rasmiy odat bo‘lganligi haqida Mahmud Qoshg‘ariyning «Devoni lug‘atit
turk» (XI asr) asarida ham qayd etib o‘tilgan [3: 69]. Bu yozuvlarda ulug‘
ajdodlarimizning katta tarixi, boy madaniyatiga oid mislsiz ma’lumotlar aks etgan.
Yana shu narsa diqqatga sazovorki, o‘sha davrlarda ulug‘ ajdodlarimiz o‘z navqiron
nasllari to‘g‘risida ham muttasil qayg‘urganlar. Shu boisdan o‘smir 5 yoshga to‘lishi
bilan uni bilim olishga yo‘llab, dastavval, xat-savod va hisob-kitobni o‘rganishga jalb
etganlar. Bolalar o‘smir-balog‘at yoshiga etgach esa ularni dunyo tanish, savdo-tijorat
ishlarini o‘rganish uchun maxsus vakillar homiyligida xorijiy ellarga yuborganlar. Turk
xoqonligida yashagan xalqlarning diniy e’tiqodi, tasavvurlari ham turlicha bo‘lgan, ko‘p
xudolilik hukm surgan. Bu esa ularda turli xil osmoniy va yer jismlari – quyosh, oy, yer-
suv, hayvonlar va boshqa narsalarga sig‘inishlikni keltirib chiqargan. O‘rta Osiyo
xalqlari orasida zardushtiylik dini bilan bir qatorda joylarda buddizm, moniylik,
xristianlik dinlariga e’tiqod qilishlik ham keng rasm bo‘lgan. Bu narsa qadimgi
ajdodlarimizning tor, biqiq holda hayot kechirmasdan balki boshqa ko‘plab qavmlar,
elatlar bilan bog‘lanib, aralashib, ma’naviy jihatdan yaqinlashib hayot
kechirganliklaridan dalolat beradi [11: 165]. O‘rta Osiyo xalqlari orasida tasviriy san’at
o‘ziga xos uslubda rivojlangan. Jumladan, Varaxsha xarobalaridan topilgan saroy
binolari devorlari peshtoqlariga bitilgan rang-barang, bir-biridan nafis va jozibador
rasm-suratlarni (qurollangan yoxud ov qilayotgan jangchi askarlar, oq fillar, tuyalar,
otlar va boshqa xil hayvonlar, parranda-yu darrandalar va hokazo) ko‘zdan kechirar
ekanmiz, bunda ajdodlarimizning noyob iste’dodi va aql-zakovatiga tan beramiz va
bundan o‘zimizda g‘urur tuyamiz.