Antiijtimoiy (delinkvent) axloq
– bu qonun me`yorlariga qarshi chiquvchi,
ijtimoiy tartib va atrofdagi odamlar farovonligiga xavf soluvchi axloq. U
qonunchilik bilan taqiqlangan istalgan harakat yoki harakatsizlikni o`z ichiga oladi.
Katta odamlar (18 yoshdan kattalar)da delinkvent axloq, ayniqsa, o`z ortidan jinoiy
yoki fuqarolik javobgarligi va tegishli jazoni boshlab keluvchi qonunbuzarlik
shaklida namoyon bo`ladi. O`smirlarda (13 yoshdan boshlab) delinkvent axloqning
quyidagi turlari ustunlik qiladi: bezorilik, mayda o`g’rilik, o`g’rilik, vandalizm,
jismoniy zo`ravonlik, giyohvand moddalarni sotish. Bola yoshida (5 yoshdan 12
yoshgacha) o`zidan kichik yoshdagi bolalar va tengdoshlariga nisbatan zo`ravonlik,
hayvonlarga shafqatsiz munosabat, o`g’rilik, mayda bezorilik, mulkni buzish,
yondirish kabi shakllari bir muncha keng tarqalgan.
Asotsial axloq
– bu shaxslararo munosabatlarning tinchligiga bevosita xavf
soluvchi, axloqiy-ma'naviy me`yorlarni bajarishdan qochuvchi axloq. U tajovuzkor
axloq, jinsiy deviatsiya (tartibsiz jinsiy aloqalar, foxishabozlik, yomon yo`lga kirish,
vuayerizm, eksgibitsionlik va boshqalar), pulga azart o`yinlarga tortilish, daydilik,
boqimandalik sifatida namoyon bo`ladi. O`smir yoshida uydan chiqib ketish,
daydilik qilish, maktabga bormaslik yoki ta'lim olishdan bosh tortish, tajovuzkor
axloq, promiskuitet (tartibsiz jinsiy aloqa), graffiti (devorga uyatsiz xarakterdagi
rasmlar chizish va yozuvlar yozish), submadaniy deviatsiyalar (sleng, shramlash,
tatuirovkalar) bir muncha tarqalgan.
Bolalarda esa uydan qochib ketish, daydilik, maktabga bormaslik, tajovuzkor
axloq, g’iybat qilish, yolg’onchilik, o`g’rilik, ta'magirlik (tilanchilik) kabi
ko`rinishlarda uchraydi. Asotsial axloqning chegaralari, ayniqsa, o`zgaruvchan,
chunki u boshqa axloqiy deviatsiyalardan ko`ra madaniyat va vaqtning ta'siri
ostidadir.
Dostları ilə paylaş: |