www.ziyouz.com kutubxonasi
148
davom etdi:
"Ummatning yaxshisi kim?"
"Allohga itoat bilan amal qiladiganlar".
"Unday kishi qanday bo‘ladi?"
"Yengini shimargan holda karvonni izlovchi kabi".
"U odam yerda (dunyoda) qancha vaqt turadi?"
"Karvondan orqada qolganchalik miqdorda".
"Dunyo bilan oxiratning orasi qancha?"
"Ko‘zni yumgancha".
Keyin u kishi qaytib ketdi. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam: "Bu kishi Jabroil
bo‘ladi. Sizlarni bu dunyodan yuz o‘girtirish va oxiratga rag‘batlantirish uchun keldi",
dedilar".
Zikr qilinadi: Allohning do‘sti Ibrohimdan (a.s.) so‘radilarki: "Qaysi narsa uchun sizni
Alloh do‘st (xalil) qilib oldi?" Aytdilar: "Uch narsa bilan: Ikki ishni xohlasam, Alloh uchun
bo‘lganini tanladim; Alloh taolo menga kafolatini bergan rizqdan boshqa rizqqa harakat
qilmadim; tushlik va kechki ovqatni har vaqt mehmon bilan yedim".
Ba’zi hakimlar aytadi: "Qalbning tirikligi to‘rt narsada: Ilm, rozilik, qanoat va zuhdda.
Ilm uni rozi qiladi. Rozilik bilan qanoatga erishadi, qanoat esa uni zuhdga yetkazadi.
Zuhd dunyoni past sanashlikdir".
Aytishlaricha, zuhd uch xil bo‘ladi:
1) dunyoni bilish va keyin uni tark qilish;
2) Mavloning xizmatida bo‘lish, xizmatda odoblilik;
3) oxiratga shavq qilish, keyin uni talab etish.
Yahyo ibn Maoz Roziydan zikr qilindi: "Hikmat osmondan qalblarga otilib tushadi. To‘rt
xislatga ega qalbga o‘rnashmaydi:
1) dunyoga ishonib qolgan;
2) ertaning g‘amida bo‘lgan;
3) birodariga hasadgo‘y;
4) ulug‘likni sevgan qalblarga".
Yana Yahyo aytadilar: "Muvaffaqiyatga erishgan oqil uch xislat uchun amal qiladi:
1) dunyo uni tark qilmasdan oldin u dunyoni tark etadi;
2) qabrga kirmasdan oldin qabrini bino qiladi;
3) yo‘liqishdan oldin Rabbini rozi qiladi".
Ali ibn Abu Tolib (r.a.) aytadilar: "Kim olti xislatni o‘zida jam qilsa, jannat talabini ham,
do‘zaxdan qochishni ham tark etmaydi. Allohni tanib, Unga itoat qilsa; shaytonni tanib,
unga itoat etmasa; haqni bilsa va unga ergashsa; botilni bilsa va undan qochsa; dunyoni
bilsa va bosh tortsa; oxiratni bilsa va uni talab qilsa".
311. Ja’far ibn Muhammad Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamdan rivoyat qiladi.
Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallam aytdilar: "Ey Ali, to‘rt xislat badbaxtlikdandir:
Ko‘zning quruqligi; qalbning qattiqligi; dunyoni sevish; orzuni uzun qilish".
Tanbehul g’ofilin. Al-Faqih Abu Lays as-Samarqandiy