Qadrli Aziz 3. Zaxara!
Mening ismim Ella va men adabiyot
agentligining topshirigi bilan Sizning «Shirin
shakkoklik» romaningizni o'qiyapman.
Hozircha uning faqatgina bir necha varagini
o'qishga ulgurgan esam-da, u menga juda
yoqqanini tan olaman. Bossning bu boradagi
qarashi qanday bo'lishidan qat'i nazar, mening
shaxsiy fikrim shu. Siz bilan bitim tuzish yo
tuzmaslik masalasida u buni nazarga oladi,
deya olmayman ham.
Nazarimda, Siz hayotning ma'nosi ishqda
ekaniga va boshqa hamma narsalar katta
ahamiyatga ega emasligiga ishonasiz. Afsuski,
men bu fikringizga uncha qo’shila olmayman.
Lekin Sizga yozayotganimning sababi bu emas.
Men Sizning «Shirin shakkoklik» romaningizni
o'qishim ajablanarli tarzda o'z hayotimda sodir
bo'lgan kutilmagan bir hodisa bilan bir vaqtga
to'g'ri kelib qolgani uchun yozmoqdaman.
Hozir men katta qizimni juda erta turmush
qurish kerak emasligiga ishontirishga
urinayotgan edim. Kuni kecha men uning
yigitidan ular bu rejalaridan qaytishlarini
iltimos qildim. Endi esa qizim mendan
nafratlanayapti va men bilan gaplashmayapti
ham. Menimcha, qizim Siz bilan hamfikr bo'lsa
kerak, chunki ikkingizning ham sevgiga bo'lgan
qarashlaringiz bir xil.
Sizga o'z muammolarim yukini ortganim uchun
uzr so'rayman. Men buni istamagan edim.
Blogingizda hozirda Siz Gvatemalada
ekaningiz aytilgan ekan. Dunyo bo'ylab
sayohat qilish ajoyib bo'lsa kerak. Agar Siz
mabodo Bostonga ham kelib qolsangiz, balki
uchrashib, bir finjon qahva ichish chog'ida
suhbatlasha olarmiz.
Sizga barcha ezguliklarni tilagan holda
Ella
Ella o'zining shinam sokin oshxonasida o'tirgan
holda, yaqin orada ham, olis kelajakda ham
uchratishi mumkinligi sira kutilmagan,
noma'lum bir insonga bu xatni qanday yozib
yuborganini o'zi ham anglamay qoldi.
Ustoz
1242 yil, aprel, Bag'dod.
Shame Tabriziyning kelgani Bag'dodda
bilinmadi, ammo men uning darbadar
darvishlarning nochorgina qo'nalg'asida
birinchi marta paydo bo'lgan kunni sira
esimdan chiqarmayman. O'sha kuni biz e'tiborli
mehmonlarni kutayotgandik. Qozikalon o'z
yaqinlari bilan biznikiga tashrif buyurgan edi;
men uning tashrifi oddiy do'stlik izhoridan
kattaroq bo'lsa kerak, degan fikrda edim.
So'fizmga salbiy munosabatda ekani ma'lum,
bu qozi bizni, shuningdek, o'ziga tegishli bu
mintaqadagi barcha so'fiylarni o'z nazorati
ostidan chetda emasligimizni menga
eslatmoqchi bo'lib kelgan edi.
U keng yuzli, qorni osilgan va kalta
barmoqlariga qo'sha-qo'sha uzuklar taqib olgan
edi. Qoziga ovqatdan parhez qilish joiz edi,
lekin hech kim, hatto o'z tabiblari ham bu
haqida unga og'iz ocha olmagan bo'lsalar
kerak, deb o'ylayman. Bizning tomonlarda
obro'si katta edi. Undagi izzattalablik va
hukmdorlik maylining kuchliligi elga doston
bo'lgan edi. Taniqli imomlar oilasiga mansub
bu kishi uchun bir qalam tortish bilan istagan
kishisini dor ostiga ravona qilish yoki xuddi
shu zaylda jinoyatchini kechirib, zindondan
chiqarib yuborish cho't emas edi. U hamisha
kimxobdan va boshqa qimmatbaho matolardan
tikilgan kiyimlar kiyib yurar va o'z
hukmdorligiga ishonchi katta edi. Menga uning
o'ziga bino qo'yganligi yoqmas edi, lekin
jamoamiz tinchini ko'zlab bu hokimiyat vakili
bilan yaxshi munosabatda bo'lishga urinar
edim.
- Biz dunyodagi eng badavlat shaharda
istiqomat qilmoqdamiz, - der edi qozi og'ziga
anjir solarkan
- Bugun Bag'dod mo'g'ullardan qochgan
qochoqlar bilan to'lib ketdi. Biz ularga
boshpana berayapmiz. Bugun Bag'dod
dunyoning markaziga aylandi, shundaymi,
Bobo Zamin?
- Bu shahar haqiqiy xazina, - ehtiyotkorlik
bilan dedim men. - Lekin shaharlar ham
bandalarga o'xshashini esimizdan
chiqarmasligimiz kerak. Ular ham tug'ilishadi,
bolalik va yoshlik davrlarini boshdan
kechirishadi, keyin keksayishadi va oxiri qazo
qilishadi.
Hozir Bag'dodning ayni yoshlik chog'i. Garchi
biz hozir xalifa Xorun ar-Rashid davridagidek
boy bo'lmasak-da, shahrimiz savdo-sotiq, san'at
va she'riyat markazi ekanidan faxrlansak
arziydi. Biroq ming yildan keyin Bag'dod
qanday bo'lishini hech kim bilmaydi. Hammasi
o'zgarib ketishi mumkin.
- Bu tushkunlik qayoqdan keldi? - Qozi bosh
chayqadi va boshqa idishdagi xurmoga qo'l
cho'zdi. - Abbosiylar hukmdorligi abadiy
qoladi va biz hamisha gullab-yashnaymiz.
Agar xoin va buzg'unchilar o'rnatilgan
tartibotni buzishga harakat qilishmasa, albatta.
O'zlarini musulmon deb ataydigan, ammo
kofirlardan ham badtar xavfli kimsalar bor.
Zero, dinimizni noto'g'ri talqin etishdan ko'ra
xavfliroq hech nima yo'q.
Men unga javob bermaslikni lozim topdim.
Qozi islomni so'fiyona va qisman
individualistik talqin etganlarni buzg'unchilar
deb hisoblashi ma'lum edi. U bizni din
Qonunlari (Aqidalar)ga va marosimlarga
bepisandlikda va shuning tufayli, o'zi kabi
hokimiyatning boshqa vakillarini ham hurmat
qilmaslikda ayblar edi. Goho menga u barcha
so'fiylarni Bag'doddan haydab chiqarishga
tayyor turganday tuyulardi.
- Sizning birodarlaringiz bezarardirlar va lekin
barcha so'fiylar Qonunga qat'iy bo'ysunadilar
deb bo'ladimi? - so'radi qozi soqolini silarkan.
Unga qanday javob berish mumkin? Xudoga
shukurki, ayni shu payt eshik taqillab qoldi.
Mallasoch xizmatchi yonimga kelib qulog'imga
bir darbadar darvish mehmon bo'lib kelganini,
u men bilan, albatta, bog'lanishi kerakligini va
boshqa hech kim bilan gaplashmoqchi
emasligini ta'kidlayotganini aytdi.
Bunday hollarda men odatda mehmon kutib
turishini va toki kelgan odamlarni
kuzatmagunimcha uni xoli bir xonaga olib
kirishlarini va ovqatlantirishlarini so'ragan
bo'lar edim. Lekin hozir qozi meni noqulay
ahvolga solib qo'ygani uchun, bu darbadar
darvishni yonimizga taklif etsam yomon
bo'lmasa kerak: balki u turli mamlakatlarda
ko'rgan-kechirganlarini hikoya qilib,
vaziyatdagi taranglikni yumshatar, deb o'ylab
qoldim. Shu o'y bilan mehmonni yonimizga
taklif etishlarini so'radim.
Bir necha daqiqadan so'ng eshik yana ochilib,
boshdan-oyoq qora kiyim kiygan odam kirib
keldi. Ozg'in, holdan toygan, yoshi
nechadaligini bilib bo'lmaydigan bu odam
darhol diqqatimni o'ziga tortdi. Qirra burunli,
ichkariroq botgan qora ko'zli va qora qoshli,
peshonasiga qalin jingalak sochlari tushib
turardi. Qaytarma yoqasiga qalpoq qo'shib
tikilgan uzun plash va qo'y terisidan tikilgan
etik kiygan edi. Bo'ynida bir necha tumor osilib
turardi. Qo'lida yog'och kosasini - darbadar
darvishlarning xayr-ehson solinadigan idishini
ushlab turardi - bu izzatparastlik va kibrning
yengib o'tilganligi majozi edi. Menga uning
qozi va uning hamrohlariga uncha e'tibor
bermagani darhol ravshan bo'ldi. Uning o'zini
daydi yoki gadoy sifatida qabul qilishlari
mumkinligining ham unga farqi yo'qday edi.
Men kirish va o'zini tanitish uchun ruxsat
berishlarini kutib, eshik oldida turganini
ko'rganimdayoq uning boshqa darvishlarga
o'xshamasligini darrov ilg'adim. Bu uning
ko'zlarida, xatti-harakatlarida, butun qiyofasida
ko'rinib turardi. U kichkina va zaif bir zarra
bo'lib ko'ringani bilan, bamisoli qudratli eman
daraxti urug'ini o'z ichiga olgan mevasi kabi
edi.
- Xush kelibsan, darvish, - dedim men va
qo'lim bilan ro'paramdagi ko'rpachadan joy
ko'rsatdim.
Darvish hamma bilan salomlashib, atrofdagi
barcha odamlarga e'tibor bilan va hech narsani
nazaridan chetda qoldirmagan holda o'tirdi.
Keyin uning nigohi qozida to'xtadi. Nazarimda,
ular bir daqiqadan kam bo'lmagan vaqt
mobaynida biron bir so'z aytmagan holda, bir-
birlaridan ko'z uzmay qolishdi. Ular ijtimoiy
pillapoyaning butkul qarama-qarshi
tomonlarida turgan bu kishilar - bir-birlari
haqlarida nimalarni o'ylayotganlari men uchun
juda qiziq edi.
Men darvishni iliq echki sutidan ichishga,
shirin anjir va xurmodan tanovul qilishga taklif
etdim, lekin u bularni odob bilan rad etdi.
Ismini so'raganimda ismi Shams Tabriziy
ekanini va u Xudo izlab kezgan darbadar
darvish ekanini aytdi.
- Xo'sh, topdingmi Uni? - so'radim men.
Darvishning yuziga soya tushganday bo'ldi; u
boshirg'itdi.
- Albatta, U hamisha va hamma yoqda men
bilan birga.
Qozi odob saqlashni xayoliga ham
keltirmasdan, hingillab kuldi:
- Nima uchun siz darvishlar o'z hayotingizni bu
qadar murakkablashtirib yuborasiz, shuni hech
qachon tushunmaganman. Hamon Xudo
xamisha va hamma yoqda sen bilan birga ekan,
nima uchun dunyo kezib Uni izlab yurasan?
Shams bir zum boshini quyi soldi va bir necha
daqiqa javob qilmadi. Keyin boshini ko'tardi.
Uning chehrasi sokin, ovozi bir tekis edi:
- Chunki Uni faqat izlaganlar topa oladilar.
- Bu so'z o'yini, - masxaraomuz kuldi qozi. -
Sen bizni bir umr bir yerda yashab
kelayotganimiz uchun Xudoni topa
olmaysizlar, demoqchimisan? Bo'lmagan gap.
Hamma senga o'xshab juldur kiyimlar kiyib,
darbadar yurishi shart ekanda.
Kulgu ovozlari keldi: odamlar shu zayl
o'zlarining qozi bilan hamfikr ekanliklarini
bildirardilar. Bu baxtsiz, zaif, xukmronlik
lavozimidagi odamlarga yoqishni istaydigan
kishilar kulgusi edi. Men allanechuk bo'lib
ketdim. Qozi bilan darvishni birga uchrashtirib,
xato qilib qo'yganim ravshan edi.
Shams qoziga deydi:
- Nazarimda, siz meni to'g'ri tushunmadingiz.
Men inson tug'ilgan shahrida Xudoni topa
olmaydi, deganim yo'q. Xudoni qayerda
bo'lmang, o'sha yerda topish mumkin, - davom
etdi darvish. - Biron marta ham o'z uyidan
ketmagan, shunga qaramay, Xudoni topgan
insonlar ham bor.
- To'g'ri! - quvonch bilan xitob qildi qozi, lekin
uning xursandligi uzoqqa bormadi.
Darvish gapida davom etdi:
- Men hozir siz kiyib yurganingizdek, kimxob
va ipak matolardan tikilgan liboslar kiyish va
qimmatbaho taqinchoqlar taqish bilan kishi
Xudoni topa olmasligini nazarda tutgan edim,
qozikalon.
Xonaga og'ir sukunat cho'kdi. Hammaning
nafasi ichida edi.
- Seni darvish desam, tiling haddan ziyod
o'tkir-ku,- dedi nihoyat qozi.
- Agar burch taqozo etsa, butun dunyo
hiqildog'imdan olib, jim bo'lishga majbur
etmoqchi bo'lsa ham, aytishim kerak bo'lgan
narsani aytaman.
Qozi qovog'ini uydi, keyin xuddi murosaga
kelgan kabi yelkalarini qisdi.
- Boringki, - shunday bo'la qolsin, - dedi u. -
Mayli, bizga sen kabilar ham kerak. Sen
kelishingdan salgina oldin biz aynan
shahrimizning naqadar go'zalligi haqida
gaplashayotgandik. Sen ko'p joylarni kurgan
bo'lsang kerak. Ayt-chi, dunyoda Bag'doddan
go'zalroq shahar bormi?
O'tirganlarga bir-bir qarab chiqarkan, Shams
ovozini balandlatmay dedi:
- So'zsiz, Bag'dod - buyuk shahar, lekin
dunyoviy go'zallikning umri qisqa bo'ladi.
Shaharlar unda yashovchi insonlarning qalblari
tufayli ravnaq topadi. Agar bu qalblarda Haqqa
ishonch yo'qolgan bo'lsa, shaharlar ham
tanazzulga uchraydi. Hamisha shunday bo'ladi.
Men o'zimni tuta olmay bosh irg'idim. Shams
Tabriziy menga o'girildi va men uning
ko'zlarida do'stona hamfikrlikni ko'rdim. U
menga qarab turarkan, nazarimda, quyoshning
iliq nurlari tekkanday bo'ldi. Shunda men
uning ismi jismiga monand ekanini angladim.
Bu insondan hayotiy quvvat taralib turardi. U
chindan ham Shams - «quyosh» edi.
Lekin qozi bunday fikrda emas edi:
- Siz, so'fiylar, hamma narsani haddan ziyod
murakkablashtirasiz. Xuddi shoirlar va
faylasuflar kabi. Shuncha gapning nima keragi
bor? Odamlarning ehtiyojlari juda oddiy.
Yo'lboshchilar ularning shu oddiy ehtiyojlari
qondirilishini va hech kim to'g'ri yo'ldan
og'masligini nazorat qilib tursalar bo'ldi.
Buning uchun esa ular qonunlar (shariat)ga
og'ishmay amal qilishlari yetarli.
- Qonun, misoli sham, - javob qildi Shame
Tabriziy, - u yoritadi. Lekin biz qorong'uda
sham yorug'ida faqat bir yerdan boshqa yerga
o'tishimiz mumkinligini ham unutmasligimiz
kerak. Agar biz bor e'tiborimizni faqat shamga
qaratib, aslida qayoqqa ketayotganimizni
(yo'lni) unutsak, yaxshi bo'ladimi?
Qozining basharasi burishib ketdi. Qiyofasi
tund edi. Men qo'rqib ketdim. Ishi odamlarni
so'roq qilish va jazolash bo'lgan qozi bilan
Aqoid borasida bunday gap talashish daryo
oqimining xavfli joyiga borib qolishiday gap
edi. Shams buni bilarmikin?
Darvishni bu yerdan olib chiqib ketish uchun
bahona izlar ekanman, uning ovozini eshitdim:
- Hamma uchun umumiy bo'lgan bir qonun
bor.
- Bu qanday qonun? - gumonsirab so'radi qozi.
Shams gavdasini tik qildi, nigohini ko'rinmas
bir kitobga qaratganday edi va dedi:
- Har bir inson Muqaddas Qur'onni o'z
layoqatida va mohiyatga kira olishi darajasida
tushuna oladi. Bunda to'rt daraja bor.
Birinchisi, tashqi daraja va ko'pchilik shu
daraja bilan qanoatlanadi. Ikkinchisi, ichki
daraja. Uchinchisi, ichkining ichkisi.
To'rtinchisi esa shuday chuqurki, uni so'zlar
vositasi ila ifodalab bo'lmaydi, shuning uchun
uni tafsirlab ham bo'lmaydi,
tafsirlanmaganicha qoladi. Butun e'tiborni
shariatga qaratgan ulamolar, - ko'zlari yaltirab
davom etdi Shams, - tashqi ma'nolarni
bilishadi. So'fiylar ichki ma'nolarini biladilar.
Avliyolar ichkining ichkisini biladilar.
To'rtinchisini esa, faqat Xudoga yaqin turuvchi
payg'ambarlar biladilar.
- Sen oddiy so'fiy Qur'onni ilohiyotchi olimdan
chuqurroq tushundi, demoqchimisan? - so'radi
qozi barmoqlari bilan piyolani chertar ekan.
Darvishning lablari bilinar-bilinmas kinoyali
jilmayishga burildi va javob qilmadi.
- Ehtiyot bo'l, birodar, - dedi qozi, - Sen aytgan
gap bilan yashirin shirk orasida masofa juda
yaqin.
Uning so'zlarida tahsid bor edi, darvish buni
ilg'amaganga soldi.
- Ochiq shirk nima o'zi? - savol berdi u. Javob
bo'lmagach, og'ir xo'rsindi. - Ruxsatingiz bilan
bir rivoyatni aytib beray.
Bir kuni Muso payg'ambar yolg'iz o'zi tog'u
toshlarda ketayotib bir cho'ponga duch kelipti.
Cho'pon qo'llarini osmonga ko'tarib, Xudoga
nola qilardi: «Ey Xudojon Sen qayerdasan, kel,
sochlaringni bitdan tozalay, quloqlaringni
tozalab qo'yay, senga choriq tikib beray va
nainki o'z jonim, balki qo'ylarim, farzandlarim
ham senga qurbon bo'lsin. Qaerdasan, borib,
dastyoring bo'lsam, sut, qaymoqlarim bilan
qorningni to'ydirsam, boshing og'risa, silab-
siypasam, yuz-ko'zingdan o'psam.
Oyoqlaringni uqalasam...»
Bularni eshitgan Muso cho'ponni koyib ketipti:
«Ey, gumroh, to'xta! Sen nimalar deyapsan
o'zi? Axir Xudo choriq ham, to'n ham
kiymaydi, yemaydi ham, ichmaydi ham, Uni
nega o'zingga o'xshatasan. U Quyosh misoli,
sen esa misoli bir chivinsan...» Cho'pon bu
gaplarni eshitib xijolatdan uyalib, qattiq xafa
bo'lgancha jim qolipti. Keyin Muso unga bir
nechta duoni o'rgatib, qaytib ketipti.
O'sha kuni kechasi Muso ovoz eshitipti. Bu
Parvardigori olamning ovozi edi.
«Ey Muso, sen nima qilib qo'yding? Sen
cho'ponni men uchun naqadar qadrli ekanini
bilmasdan uni koyiding. U balki qoidaga
muvofiq duo qila olmagandir ham, lekin u
otashin so'zlayotgan edi. Uning qalbi, niyatlari
toza edi. Balki uning so'zlari sening
quloqlaringga shakkoklik bo'lib eshitilgandir,
lekin Men uchun ular shirin shakkoklik edi».
Muso (a.s.) o'zi xato qilib qo'yganini darhol
tushundi. Ertasi erta bilan turib, toqqa, cho'pon
bilan uchrashgan yeriga bordi. Uni topdi. Bu
safar cho'pon u aytganday duo o'qirdi. U
ehtirossizgina qilib, tushunarsiz jumlalarni
valdirardi. Qilgan ishidan
afsuslangan Muso (a.s.) cho'ponni elkasidan
qoqibdi va debdi: «Do'stim, men senga
nohaqlik qilibman. Iltimos, meni kechir. Sen
o'zing bilganingday duo qil. Xudo uchun
asosiysi shu».
Buni eshitib, cho'pon yengil tortipti. Ammo u
avvalgi o'z duosiga qaytmapti. Lekin Muso
o'rgatgan duo ham unga ma'qul ko'rinmapti. U
Xudo bilan gaplashmoqning boshqa usulini
topibdi. Chunki Xudoga beg'ubor ishqi
yoqqanidan endi o'zining avvalgi shirin
shakkokligi darajasidan yuqoriroq pog'onaga
ko'tarilgan edi.
- Bundan ko'rinadiki, odamlar Xudo bilan
qanday gaplashishlariga qarab xukm chiqarish
kerak emas ekan, - rivoyatdan xulosa chiqardi
Shams. - Har bir insonning o'z yo'li va o'z
duosi bor. Xudo biz haqimizda aytgan
so'zlarimizga qarab xukm chiqarmaydi. U
bizning qalbimizga teran nazar soladi. Qonun-
qoidalar (aqidalar) asosiy emas, asosiysi,
bizning qanchalar sofligimiz.
Qoziga zimdan nazar solar ekanman, uning
sokin va o'ziga ishonch bilan o'tirishi niqob
ekanini, bu niqob ostiga g'azab yashiringanini
tushundim. Ayni chog'da, aqlli odam sifatida u
o'zining noqulay vaziyatga tushib qolganini
tushunar edi. Qoidaga ko'ra darvishni qo'polligi
uchun jazolash kerak edi, lekin u holda bu
oddiy darvishning qozikalonga qarshi
gapirishga jur'at qilgani hammaga ma'lum
bo'lib qolar edi. Shuning uchun o'zini go'yo bu
rivoyatga aloqasi yo'qday, beparvo tutishi
afzalroq edi.
Quyosh bota boshlagan edi. Qozi, uni muhim
ishlar kutib turganini aytib, o'rnidan turdi.
Menga bosh irg'itib va Shams Tabriziyga
sovuq qarash qilib, xonadan chiqdi. Uning
mulozimlari ketidan ergashdilar.
- Qozi seni yomon ko'rib qoldi, deb qo'rqaman,
- dedim men darvish bilan yolg'iz
qolganimizda.
Shams sochlarini yuzidan olib tashladi va
jilmayib qo'ydi:
- O, hechqisi yo'q. Men odamlarga kamdan-
kam yoqaman. Bunga o'rganib qolganman.
Meni qo'rquv bosdi. Bunday mehmonlar bizda
uncha ko'p uchramasligini anglab turardim.
- Seni Bag'dodga nima yetaklab keldi, darvish?
Men uning javobini juda bilgim kelardi, lekin,
shunisi qiziqki, uni eshitishdan qo'rqar edim
ham.
Ella
Dostları ilə paylaş: |