2008 yil, 8 may, Nortgempton.
Devid va Janet bilan bo'lib o'tgan janjallaridan
keyin Ella o'zini suvi siqib olingan limonday
his etdi, bir muddatga «Shirin shakkoklik»ni
nari surdi. Nazarida qattiq biqirlab (jo'sh urib)
turgan qozonning qopqog'i biroz ochilgan-u,
undan bug' bilan birga janjal va ranju alamlar
erkinlikka yorib chiqayotganday edi. Baxtga
qarshi, qopqoqni uning o'zi surib qo'ygan -
Skottga telefon qilib, undan qizini o'z holiga
qo'yishini iltimos qilgan edi.
Ella keyinroq o'zining telefonda Skottga aytgan
gaplari uchun qattiq afsuslandi. Lekin may
oyining o'sha kunida Ella to'g'ri ish
qilayotganiga shunchalar amin ediki, hatto
o'zining bu aralashuvi qanday oqibatlarga olib
kelishi mumkinligini bir daqiqa bo'lsa ham
xayoliga keltirmagan edi.
- Salom, Skott. Men Ellaman, Janetning oyisi. -
Ella xuddi qizining do'stiga har kuni telefon
qilib yurganday quvnoq ohangda gapirishga
harakat qildi. - Sen bir daqiqaga bo'shmisan?
- Missis Rubinshteyn, bemalol, nima xizmat? -
sustgina ohangda, lekin odob saqlagan holda
dedi Skott.
Ella yana ham kuchliroq odob saqlagan holda
shaxsan unga qarshi hech nima yo'qligini, lekin
uylanish uchun u hali juda yoshligini va
hayotni juda kam bilishini aytdi; vaqti kelib
buni uning o'zi ham tushunishini va hatto o'z
vaqtida ogohlantirgani uchun undan minnatdor
bo'lishini aytdi. Keyin yana nikohni esdan
chiqarishini va bu suhbatni hech kimga
aytmasligini iltimos qildi.
Oraga sukunat cho'kdi.
- Missis Rubinshteyn, - dedi nihoyat Skott tilga
kirib. - Biz Janet bilar bir-birimizni sevamiz.
Buni tushunsangiz kerak.
Yana sevgi haqida gapiradi-ya! Nahotki
odamlar sevgi tufayli boshqa hamma narsaga
ko'z yumish mumkin, deb o'ylaydigan darajada
sodda bo'lishsa?!
Ella buni unga aytmadi.
- Men sening tuyg'ularingni tushunaman, - dedi
u.
- Menga ishon, tushunaman. Lekin sen hali
yoshsan, oldinda esa uzun hayot turibdi. Kim
bilsin, balki ertaga boshqa qizni sevib
qolarsan?
- Missis Rubinshteyn, men qo'pollik qilmoqchi
emasman, lekin sizningcha, bu hammaga ham,
jumladan, sizning o'zingizga ham taalluqli
emasmi? Kim bilsin? Balki ertaga siz ham
boshqa bir erkakni sevib qolishingiz
mumkindir.
Ella kinoyali kulib yubordi va bu kulgu
kutganidan balandroq chiqdi.
- Men turmushga chiqqan katta yoshli
ayolman. Men allaqachon o'z tanlovimni qilib
bo'lganman. Va erim ham shunday. Men ayni
shu haqida gapirayapman. Nikoh
- jiddiy ish va unga katta ehtiyotkorlik bilan
qadam qo'yiladi.
- Sizningcha, men bir kun kelib boshqa qizni
sevib qolishim mumkin bo'lgani uchun,
qizingizni sevsam ham, unga uylanmasligim
kerakmi? - so'radi Skott.
Suhbat hech qanday natija bermadi, ikkisining
ham ta'bi tirriq, hafsalasi pir bo'ldi. Gap
nihoyat tugagach, Ella oshxonaga kirdi va o'z
yumushlariga urindi, kayfiyati yomon
bo'lganda u hamisha shunday qilardi. Ovqat
pishirishga kirishar edi.
Yarim soatlardan keyin Ellaga eri telefon qildi:
- Sen Skottga telefon qilib, qizimizga uylanma,
debsanmi, men bunga sira ishona olmayapman.
Unday qilmadim, deb ayt.
Ella og'ir xo'rsindi:
- Gap-so'zlar buncha tez tarqalmasa! Azizim,
men sizga tushuntirib beraman.
- Tushuntirishga hojat yo'q. Sen noto'g'ri
qilgansan. Skott hammasini Janetga aytgan va
qizing qattiq xafa. U bir necha kun
dugonalarinikida yashamoqchi. Hozir esa seni
ko'rishni istamayapti, - Devid birpas jim qoldi.
- Va men buning uchun uni ayblay olmayman
ham.
Kechki ovqatga nafaqat Janet kelmadi. Devid
xam Ellaga xabar yuborib, shoshilinch ishi
chiqib qolganini aytdi. Qanaqa shoshilinch
ishligini esa aytmadi.
Tushuntirish uning odatida yo'q edi. U boshqa
ayollar bilan o'ynashishi, birga bo'lishi ham
mumkin edi va lekin kechqurun, albatta, qaytar
va uyda ovqatlanardi. Oralaridagi janjal qancha
chuqur bo'lmasin, Ella hamisha kechki ovqatni
tayyorlar va Devid uni xursandchilik va
minnatdorlik bilan er, likopchasiga nima solib
bersa, hammasini eb qo'yardi. U hech qachon
rahmat deyishni esidan chiqarmas edi va bu
chin yurakdan aytilgan minnatdorlikni Ella
xiyonat uchun uzr sifatida qabul qilar edi. Va
uni kechirardi. Hamisha kechirardi.
Bu safar eri chegaradan chiqdi, lekin buning
uchun Ella o'zini koyidi. Har doimgidek,
«aybdor» Ella Ru-binshteynning ikkinchi ismi
edi.
Egizaklari bilan stolga o'tirgach, undagi
aybdorlik hissining o'rnini g'amginlik egalladi.
Tashqaridan qaraganda Ella doimgiday
g'amxo'r ona bo'lib ko'rinayotgan esa-da, lekin
ichida tug'yon urayotgan tanglik to'lqinini his
etayotgan, og'ziga esa birdan safroning achchiq
ta'mi kelgan edi.
Kechki ovqatdan keyin u oshxonadagi stol
yonida boshlangan jimjitlik ichidagi qandaydir
og'irlikni his etgan holda yana uzoq o'tirdi.
Shunda unga birdan hamisha o'zi
tayyorlaydigan ovqatlar va umuman butun
bajaradigan uy yumushlari miyani
o'tmaslashtiradigan darajada zerikarli bo'lib
ko'rindi. Ella o'ziga achinib ketdi. U o'z umrini
to'g'ri sarflay olmaganidan o'ziga achinib ketdi,
axir u allaqachon qirq yoshga kirgan edi.
Yuragi mehr-muhabbatga to'la edi, lekin bu
kimga kerak?
Ella fikran «Shirin shakkoklik»ka qaytdi,
Shame Tabriziyning xarakteri uni hayratga
solgan edi.
«Shunday bir insonga ro'para kelsam yaxshi
bo'larmidi, - fikran hazil qildi u. - Bunday
inson bilan bir kun ham zerikish bo'lmas edi!»
Shu dam Ella xayolan o'z ro'parasida baland
bo'yli, charm shim kiygan, motosiklistlar
kurtkasida, qora sochlari elkasigacha tushgan,
yuz ifodalari jiddiy sirli erkakni ko'rdi; u rulida
qizil shokila osilgan qizil rangli «xarli-
devidson» (markali) motosiklda edi. Ella unga
tabassum qildi. Kelishgan norg'ul so'fiy cho'l
yo'li bo'ylab motosiklida tez yurardi. Shunday
yigit bilan avtostopda sayohat qilish yomon
bo'lmas edi!
Qiziq, Shams uning kaftini o'qiy olgan
bo'larmidi? Balki u Ellaning xayollari nima
uchun vaqti-vaqti bilan bunchalar
qorong'ulashib ketishini tushuntirib bera
olarmidi? Yoki shunday katta va mehr-
muhabbatli oilasi bo'la turib ham, u nima
uchun o'zini bunchalar yolg'iz his etishini
tushuntira olar? Va mening auramning rangi
qandayligini aytar? Bu ranglar qanchalar
yorqin? Va umuman keyingi paytlar hayotimda
biron yaraqlagan (nurli) narsa bo'ldimi o'zi?
Yoki keyingidan boshqa davrdachi?Ayni
o'shanda, oshxonadagi stol yonida o'tirganida,
Ella o'zi aytgan balandparvoz gaplariga, o'zini
ruhan tetik tutishga urinishlariga qaramasdan,
qalbining eng teran erida hamon sevgi orzusi
borligini anglagan edi.
Dostları ilə paylaş: |