Qadrli ser /madam!
Sizga Amsterdamdan salom yo'llayman. Men
Sizga yuborayotgan tarixiy voqea Kichik
Osiyodagi Konya shahrida sodir bo'lgan. Lekin
shaxsan men uning hozir uchun ham, barcha
mamlakatlar, madaniyatlar va asrlar uchun
ham dolzarb ekaniga ishonaman.
Umid qilamanki, o’z davrining juda buyuk
shoiri va islom ruhiyatining yo'lboshchisi
sifatida hurmatga sazovor bo'lgan Rumiyni
butun hayoti turli janjallar va mojarolar bilan
to'la tabrizlik darvish Shams bilan bog'lagan
hayratlanarli rishtalar haqidagi bu tarixiy va
mistik roman, «Shirin shakkoklik»ni o'qib
chiqishga vaqtingiz topiladi.
Hamisha muhabbat Sizga yor bo'lsin va Sizni
hamisha muhabbat qurshab tursin.
A.Z. Zaxara
Ella aynan mana shu satrlar adabiyot
agentligini qiziqtirib qo'yganini angladi. Lekin
havaskor yozuvchining qo'lyozmasini o'qishga
Stivning vaqti yo'q edi, shuning uchun uni o’z
o'rinbosari Mishelga bergan, Mishel esa o'z
navbatida uni yangi assistent (Ella)ga bergan
edi. «Shirin shakkoklik» shu zaylda Ellaning
qo'liga kelib tushgan edi.
Ella u vaqtda bu kitob uning nafaqat birinchi
ishi bo'lishini, balki o'zining butun hayotini
ag'dar-to'ntar qilib yuborishini xayoliga ham
keltirmagan edi. Zaxaraning qo'lyozmasi uning
taqdirini o'zgartirib yuborishini tasavvur
etmagan edi.
Ella birinchi betni ochdi. Muallif haqidagi
ma'lumotnomani o'qidi:
«A.Z. Zaxara olam bo'ylab sayohatga
chiqmagan vaqtlarida Amsterdamda o'z
kitoblari, mushuklari va toshbaqalari
qurshovida yashaydi». «Shirin shakkoklik»
- Zaxaraning birinchi romani va bu oxirgisi
bo'lishi ham mumkin. Zotan uning yozuvchi
kasbini egallash niyati yo'q va bu kitob uning
buyuk faylasuf, mutasavvif va shoir Rumiy va
uning quyoshi (Bunda «Shams» ismining
lug'aviy ma'nosi «quyosh» ekaniga ham,
Shams Tabriziyning Rumiy hayotida o'ynagan
roliga ham ishora jo bo'lgan) Shams Tabriziyga
bo'lgan favquloddagi maftunligi va muhabbati
hosilasidir.
Ellaning ko'zi quyiroqda turgan, unga
hayratomuz darajada juda tanish tuyulgan
quyidagi satrlarga tushdi: «Ba'zilarning fikrlari
aksi o'laroq, sevgi (ishq) faqat kutilmaganda
keladigan va tez ketadigan shirin tuyg'ugina
emas».
O’qigan narsasi shu bugun ertalab nonushta
vaqtida o'zining katta qiziga aytgan gapiga
shunchalar zid ediki, Ellaning hayratdan og'zi
ochilib qoldi. U bir zum qotib qoldi, keyin
g'alati mistik tuyg'udan seskanib ketdi:
qandaydir bir kuch yoki o'zi bog'lanib qolgan
bu muallif, u kim bo'lsa hamki, nazarida uni
kuzatayotganday edi. Balki kitobni u birinchi
bo'lib kim o'qishini oldindan bilib yozganday
edi. Romanni yozganida uni ko'zda tutganday
edi. Allaqanday tushunarsiz sababga ko'ra
Ellani bezovtalik va hayajon qamrab oldi.
«Juda ko'p ko'rsatkichlarga ko'ra, yigirma
birinchi asr o'n uchinchi asrdan uncha katta
farq qilmaydi. Har ikkisining ham tarixiga
dinlararo misli ko'rilmagan nifoqlar,
madaniyatlararo tushunmovchiliklar,
himoyalanmaganlik va narigi dunyodan
qo'rquv hislari birday xosdir. Bunday vaqtlarda
ishq tuyg'usi odamlarga har qachongidan
ko'proq kerak».
Birdan salqin va kuchli shamol turib, eshik
oldiga daraxtlarning to'kilgan yaproqlarini
sochdi. Quyosh gorizont ortiga o'tgan va
tevarak-atrof zerikarli va g'amnok bo'lib qoldi.
«Ishq hayotning mohiyati va maqsadidir.
Rumiy bizga eslatganiday, u hammani, hatto
undan o'zini saqlovchilarni ham, «romantik»
so'ziga salbiy ma'no beruv- chilarni ham zabt
etadi».
Ella bu satrlarni o'qir ekan: «Ertami yoki
kechmi ishq hammani, hatto Nortgemptondagi
Ella Rubinshteyn nomli o'rta yashar uy
bekasini ham zabt etadi» deya o'qiganday
bo'ldi.
Uning ichki tuyg'usi qo'lyozmani o'qishdan
to'xtashga, Mishelga qo'ng'iroq qilib, bu roman
haqida yozmasligi- ni aytishga undar edi.
Buning o'rniga Ella og'ir xo'rsinib qo'ydi,
keyingi sahifani ochdi va o'qiy boshladi.
|