A.Z. Zaxara
«ShIRIN ShAKKOKLIK»
Roman
So'fiylar Qur'onning birinchi - «Al Fotiha»
surasiga va uning birinchi «Bismi Allahi Ar-
Rahmoni Ar-Rahim» (Mehribon va rahmli
Alloh nomi bilan boshlayman) oyatiga jo
bo'lgan sir haqida gapiradilar. Va
Bismillohning mohiyati «ba» harfidir. Va «ba»
harfi ostida nuqta bordir. Butun koinot mana
shu «ba» harfi ostidagi nuqtadadir.
«Masnaviylar «B» harfidan boshlanadi.
Romanning har bir bobi ham shunday
boshlangan...
SO'ZBOShI
Diniy ziddiyatlar, siyosiy bahslar va hokimiyat
uchun olib borilgan tinimsiz kurashlar tufayli
o'n uchinchi asrda Anatoliyada ahvol juda
suronli edi. G'arbda salibchilar Ierusalimga
ketayotib, Konstantinopolni (Rimning sharqiy
imperiyasi - Vizantiyaning poytaxti bo'lgan
hozirgi Istanbulni) bosib olgan va talon-toroj
qilgan edilar, bu esa Vizantiya imperiyasining
inqirozga yuz tutishiga olib kelgan edi.
Sharqdan esa harbiy daho Chingizxon
boshchiligidagi qo'shin jadal olg'a siljib
kelayotgan edi. Markazda esa, Vizantiya
o'zining yo'qotgan kuch-qudratini qayta
tiklashga urinayotgan chog'ida, turk qabilalari
o'zaro jang qilishardi. Bu xristianlar xristianlar
bilan, xristianlar musulmonlar bilan,
musulmonlar musulmonlar bilan jang olib
borayotgan bemisl xaos (boshboshdoqlik,
tartibsizlik) davri edi. Qayoqqa qaramang,
hammayoqdan nafrat va azobu uqubat, boz
ustiga kelajak vahimasi ham ufurib turardi.
Mana shu xaosning markazida taniqli islom
ulamosi Jaloliddin Rumiy yashar edi. Uni
Mavlono - «Ustoz» deb atar edilar, chunki
Konyaning o'zida va undan tashqarida uning
minglab shogirdlari bor edi va barcha
musulmonlar uni o'zlarining yo'lchi yulduzlari
deb hisoblar edilar.
1244 yil Rumiy o'zining g'ayrioddiy xulqu
atvori va noshar'iy nutqlari bilan ajralib
turadigan, darbadar darvish - Shams bilan
uchrashadi. Bu uchrashuv har ikkisining ham
hayotini o'zgartirib yuboradi. Ayni paytda bu
uchrashuv, so'fiylar ikki ummonning
birlashuviga qiyos etgan, mustahkam va
hayratlanarli do'stlikning boshlanishiga ham
olib keladi. Bu g'alati inson bilan tanishgach,
Rumiy o'z ta'limotining bosh yo'nalishidan
chetlashib, ehtirosli sufiy shoirga, ishq
targ'ibotchisiga va darvishlar ekstatik holga
olib keluvchi raqs uslubining yaratuvchisiga
aylanadi. Omma ongiga fanatizm
(mutaassiblik) o'ta singdirilgan va shu bilan
bog'liq ziddiyatlar va to'qnashuvlar davrida
Rumiy barcha insonlarni bir-biridan (e'tiqodi
bo'yicha) ajratmaydigan yalpi umumiy
ma'naviyatni yoqlab chiqdi. O'sha vaqtda ham
hozirgi kunlardagiday, e'tiqodi boshqa
odamlarga qarshi tashqi jangni jihod deb
hisoblaydigan ko'pchilikning qarashlariga
qarshi o'laroq, Rumiy insonni o'z soxta
«men»iga, o'z nafsiga qarshi ichki jang olib
borishi va g'alabasiga olib keladigan jihodni
himoya qildi.
Bu g'oyalarni yoqlovchilar uncha ko'p emas
edi, shuningdek hamma ham o'z qalbini ishq
uchun ocha olmas edi. Shams bilan Rumiy
oralaridagi ma'naviy bog'lanish turli g'iybatlar,
egri qarashlar va hujumlar manbaiga aylandi.
Ularni tushunishmas, ularga hasad qilishar,
balchiqqa bular edilar va oxir-oqibat eng yaqin
kishilari ularga xiyonat qilishdi. Birinchi
uchrashuvlaridan keyin uch yil o'tgach, ular
fojiali tarzda bir-birlari bilan ajrashdilar.
Lekin bu tugallangan voqea emas.
Aslida bu tarixning nihoyasi yo'q. Va hozir,
sakkiz asrdan keyin ham, Shams va Rumiy
ruhlari hamon tirik va oralarimizda ufurib
turibdi.
Qotil
1252 yil, noyabr. Aleksandriya.
Bechora murda yotipti. Ustida qalin suv
qatlami. Lekin ko'rar ko'zlari charaqlab turipti,
bamisoli, qayoqqa bormayin, osmonlardan
turib meni dahshat bilan kuzatib yurgan ikki
qora yulduz kabi. Men endi
Aleksandriyadaman va yana sayohat qilsam
meni arralayotgan bu xotiralardan,
quloqlarimga eshitilib turgan bu ingrashdan,
so'yilgan odamning so'nggi nafasi chiqishidan
oldin aytgan, uning oxirgi kalimasi «kechir»
degan vidolashuv hayqirig'idan qutulaman, deb
umid qilaman.
Birovni o'ldirsang, u odamdan nimadir o'zingga
o'tadi - uning oxirgi nafasi, oxirgi qilgan
harakati. Men buni qurbon bo'lgan odamning
«tavqi la'nati» deyman. O'sha «narsa» senga
yopishib oladi, teringning ostiga, yuragingga
kiradi va ichingda yashaydi. Meni ko'chada
ko'rayotgan odamlar bu haqida bilishmaydi va
lekin men o'zim o'ldirgan barcha odamlardan
nimalarnidir o'z ichimda saqlab yuraman.
Ularni men xuddi ko'rinmas marjon kabi
bo'ynimga osib yuraman, ularning mening
vujudimga og'ir teginishlarini his etib turaman.
Garchi yoqimsiz esada, men bu yuk bilan
yashashga o'rganib qolganman va buni o'z
ishimning bir qismi deb hisoblayman. Qobil
Hobilni o'ldirganidan buyon har bitta qotilda
uning o'ldirgan odami nafas oladi. Men uchun
bu yangilik emas. Men bundan hatto xafa
bo'lmayman. Xafa bo'lmay qolganman. Lekin
nega men bu oxirgi qatldan keyin sira o'zimga
kela olmayapman?
Bu safar hammasi boshqacha bo'ldi,
avvalboshdan hammasi noto'g'ri ketdi.
Masalan, men bu ishni qanday olgan edim?
Yoki, to'g'rirog'i, bu ish meni qanday topgan
edi? 1248 yil erta bahorida men Konyadagi
ishratxonaning egasi bo'lgan, jahldor
erkakshoda ayolning xizmatida edim.
Fohishalarni itoatda saqlash va o'zini to'g'ri
tutishni istamaydigan tashrif buyuruvchilarni
tiyib qo'yish mening xizmat vazifamga kirar
edi.
O'sha kunni xuddi kechagina bo'lganday
eslayman. Menga Xudoni izlash istagida
ishratxonadan qochib ketgan fohishani topib
kelish buyurilgan edi. Bu kabi jononalar
mening yuragimni ko'p marta vayron qilishgan,
shuning uchun jahlim chiqib, uni tutib olib,
yuzini bironta erkak hatto qaragisi
kelmaydigan qilib, dabdalasini chiqarmoqchi
bo'lib turgan edim. Bu ahmoq xotinni endi
qo'lga kiritay deb turganimda birdan uyim
ostonasida sirli xat paydo bo'ldi. Savodsiz
bo'lganim uchun uni madrasada o'qiydigan
talabaga olib borib, unga pul berib o'qitdim.
Xat muallifi yashirin (anonim) edi, «Bir nechta
chin e'tiqod egalari» degan imzo qo'yilgan edi.
«Bizga sening qayerdan kelganing va avval
nima bilan shug'ullanganing ishonchli
manbadan ma'lum. Sen Qotillar jamoasining
a'zosi bo'lgansan! (Qotillar yoki Assasianlar
jamoasi (1096-1252) - salibchilarni o'ldirish
uchun diniy va siyosiy arbob Hasan Ibn
Sabboh tomonidan tuzilgan fanatik-
musulmonlar jamoasi). Bizga shuningdek,
Hasan Ibn Sabbohning o'limidan keyin va
jamoangiz rahbarlari turmaga qamalganidan
keyin jamoaning mavqei o'zgargani ham
ma'lum. Sen Konyaga jazodan qochib
kelgansan, shundan buyon yashirinib
yuribsan». Va xatdan ularga bir ish yuzasidan
mening xizmatim shoshilinch kerak bo'lib
qolganini bildim. Shuningdek, menga bu ish
uchun katta haq to'lanishi va’da qilingan va
agar men rozi bo'lsam, qorong'u tushganda
shahardagi ma'lum qovoqxonaga borishim
kerakligi aytilgan edi. U erga kirgach, men
derazaga eng yaqin stol yoniga, eshikka orqa
o'girib, faqat polni ko'rish mumkin bo'lgan
holda boshimni egib o'tirishim kerak edi.
Shundan keyin bir yoki bir necha odam mening
yonimga kelib o'tiradi va men bilan uzil-kesil
bitimga keladi. Men ulardan hamma kerakli
ma'lumotni olaman. Ular yonimga
kelayotganlarida ham, suhbat vaqtida ham,
ketayotganlarida ham men boshimni
ko'tarmasligim va ularning betlariga
qaramasligim kerak edi.
G'alati maktub edi u. Ammo men shu
paytgacha buyurtmachilarning injiqliklariga
o'rganib ketgan edim.
Ko'p yillar mobaynida turli odamlar meni ishga
yollagan va ko'pchiligi o'z ismlarining sir
saqlanishini istar edilar. O'z tajribamdan bilar
edimki, buyurtmachi o'z ismini qanchalik
qattiq yashirsa, u qurbon etiluvchiga shuncha
yaqin bo'lib chiqardi. Lekin mening bu bilan
ishim bo'lmagan. Mening ishim o'ldirish.
Alamut (Alamut - joyning nomi, ma'nosi:
burgut uyasi. Qotillar jamoasining qal'asi)dan
ketgach, men o'zim uchun shunday hayotni
tanlagan edim.
Dostları ilə paylaş: |