BIRINChI QISM
YER
Bundagi barcha narsalar qattiq, o'ziga
shimuvchi va quzg'almasdir.
Shams
1242 yilning mart oyi, Samarqandga yaqin
shaharchadagi karvonsaroy.
Oldimdagi usti yoriq yog'och xontaxta ustida
katta mum shamlar notekis yonib turipti.
Bugun kechqurun menga namoyon bo'lgan
manzara odatdagidan ravshanroq edi.
Men katta uyni va sariq atirgullar ochilib
turgan hovlini ko'rdim, hovli o'rtasida dunyoda
eng salqin suvli quduq bor edi. Sokin avgust
kechasi edi, osmonda to'lin oy nur sochardi.
Yaqin atrofda tungi yirtqichlar qichqirishar va
uvillardi.
Birozdan so'ng uydan o'rta yoshlardagi
xushsurat, elkalari keng va chuqurroq
joylashgan och qo'ng'irrang ko'zli kishi chiqdi.
U menga qaradi. Uning chehrasida vahima,
ko'zlarida qayg'u bor edi.
- Shams, Shams, sen qayerdasan ?! - qichqirdi
u goh o'ngga, goh chapga o'girilarkan.
Shu payt kuchli shamol turdi, oy ham, xuddi
keyin nima bo'lganini ko'rgisi kelmaganday,
bulutlar ortiga berkindi. Boyqushlar jim bo'lib
qolishdi, ko'rsichqonlar yashirinishdi, hatto uy
ichida o'choqlarda yonayotgan o'tinlar ham
chirsillamay qoldi. Yer yuziga qilt etmas og'ir
jimlik cho'kdi.
U kishi sekin-asta quduqqa yaqinlashdi,
engashdi, ichiga qaradi.
- Shams, azizim, Sen shu yerdamisan? –
shivirladi. Men javob bermoqchi bo'lib
og'zimni ochdim, lekin lablarimdan biron ovoz
ham chiqmadi.
Kishi quduq yonida tik turdi va yana unga
qaradi. Avvaliga u qop-qora suvdan boshqa
hech nimani ko'rmadi. Keyin suvning
jimirlashi ostida, eng chuqurda mening
qo'llarim qimirlayotganini ko'rdi. Keyin misoli
ikki qora tosh kabi yaltiragan, zalvorli qora
bulutlar ortidan chiqqan oyga qarab turgan
ko'zlarimni payqadi. Mening ko'zlarim
falaklardan tushuntirish kutayotganday oyga
tikilardi.
Kishi tiz cho'kdi, u ko'kraklariga urar va yig'lar
edi.
- Uni o'ldiribdilar! Mening Shamsimni
o'ldiribdilar! - bo'riday uvillab yubordi u.
Shu payt butalarning ortidan tezlik bilan o'tib
ketgan soya ko'rindi va u xuddi yovvoyi
mushuk kabi chaqqonlik bilan bog' devoridan
sakrab chiqib ketdi. Lekin u kishi qotilga
e'tibor bermadi. Nogahon yopirilgan bu
musibat ostida u bor ovozida, to sinib chil- chil
bo'lgan stakan ovoziday zirillab qolmagunicha
qichqirar va na'ra tortardi.
- Hoy, sen, jinniga o'xshab baqirishni bas qil.
- Jim bo'l, bo'lmasa men seni tashqariga sudrab
chiqib uloqtiraman!
- Ovozingni o'chir, dedim! Eshitdingmi?
O'chir!
Ovoz tahdidli edi. Shunga qaramay, men
o'zimga namoyon bo'lgan manzara ichida yana
biroz muddat qolishni istab, o'zimni
eshitmaganga soldim. O'z o'limim tafsilotini
ko'proq bilishni istardim. Shuningdek, o'sha
g'amgin nigohli erkakni tuzukroq ko'rib olishni
ham istardim. Kim o'zi u? Men bilan qanday
aloqasi bor? Va nima uchun u avgust tunida
meni bunchalar o'rtanib izlamoqda?
Ammo meni yana ko'rgunimcha boshqa
o'lchamdagi kimdir qo'limni tortqilayotgan va
katta kuch bilan shunday silkita boshlagan
ediki, hatto tishlarim qattiq taqillab ketdi. U
meni bu dunyoga tortib oldi.
Men istamasdan, sekin ko'zlarimni ochdim va
yonimda turgan kishini ko'rdim. Bu oqargan
soqolli va uchlari tepaga buralgan mo'ylabli,
gavdali, balandbo'y kishi edi. Bu
karvonsaroyning egasi edi. Va o'sha zahoti ikki
narsaga e'tibor berdim. Bu kishi odatda o'zaro
so'kishib ketadigan va janjalga moyil
odamlarni taftidan tushirib yurardi. Hozir u
juda darg'azab edi.
- Mendan nima istaysiz? - so'radim undan. -
Nima uchun qo'limni tortqilayapsiz?
- Nimani istaymanmi? - jahl bilan baqirdi u. -
Sen baqirishdan to'xtashingni istayman,
to'xtashingni. Sen barcha ijarachilarimni esidan
og'dirasan-ku bu turishda.
- Men baqirdimmi? - so'radim, uning kuchli
changalidan chiqishga urinar ekanman.
- Bo'lmasa-chi! Sen panjalari orasiga tikon
kirib ketgan ayiq kabi bo'kirding. Nima bo'ldi
senga? Ovqat ustida uxlab qolganmiding?
Bosinqiradingmi?
Bu izoh qabul qilsa bo'ladigan yagona izoh
ekanini va agar tasdiqlasam, karvonsaroy egasi
qoniqish hosil qilishi va meni o'z holimga
qo'yishini tushunib turardim. Lekin meni
yolg'on gapirgim kelmas edi.
- Yo'q, birodar, men noqulay uxlab qolib,
bosinqiraganim yo'q. Men sira uxlamayman.
- Bo'lmasa, nima uchun baqirding? - so'roq
qilishda davom etdi karvonsaroy egasi.
- Menga voqealar manzarasi ko'rindi. Bu sira
tush emas.
U menga hayron bo'lib qaradi-da, keyin
mo'ylovining uchlarini shima boshladi.
Shundan keyin dedi:
- Siz, darvishlar, xuddi hujradagi
kalamushlarga o'xshagan, telba odamlarsiz.
Kun bo'yi och yurasiz va duolar o'qiysiz, boz
ustiga qizib turgan quyosh tafti ostida yurasiz.
Nimalardir ko'ringan bo'lsa bordir, oftobda
miyangning jizg'anagi chiqqan bo'lsa kerak.
Men kulimsiradim. Balki u haqli hamdir.
Aytadilar-ku, aqldan ozish bilan o'zingdagi
Xudoni topish orasidagi masofa juda qisqa deb.
Shu payt qovurilgan echki go'shti, quritilgan
tuzlangan baliq, turli dorivorlar qo'shib
pishirilgan qo'y go'shti, kulcha nonlar, turk
no'xati va qo'y go'shtining dumbasida
pishirilgan no'xatli va yasmiqli sho'rvalar
solingan katta patnislarni ko'targan ikki
xizmatchi oldimizdan o'tib qolishdi. Ular
piyoz, sarimsoqpiyoz va dorivorlarning hidi
butun mehmonxonani tutib ketgan ovqatlarni
odamlarga tarqatib yurishardi.
Ular yonimda to'xtaganlarida men bug'i chiqib
turgan bir kosa yovg'on sho'rva va ozroq qora
non oldim.
- Ovqatga to'lash uchun puling bormi? - so'radi
karvonsaroy egasi homiylarcha ovoz bilan.
- Yo'q, - dedim men. - Lekin agar rozi bo'lsang,
evaziga bir narsa berishim mumkin. Sen menga
yemish va boshpana berasan, men esa sen
ko’rgan tushlar ta'birini aytib beraman.
U ikki qo'lini beliga qo'yib to'ng'illadi:
- O'zing men hech qachon tush ko'rmayman,
deding-ku.
- To'g'ri, o'zim tush ko'rmayman, lekin
boshqalar ko’rgan tushlar ta'birini ayta olaman.
- O'zi seni haydab chiqarishim kerak edi.
Hamma darvishlar jinni bo'ladi, degan edim-
ku, - dedi karvonsaroy xo'jayini har so'zini jahl
bilan chertib gapirar ekan. - Mening senga
maslahatim: yoshing nechadaligini
bilmaymanu, lekin sen butun umringga yetarli
duoyu fotihalar qilding. Endi o'zingga yaxshi
bir xotin topib uylan va dunyoda darbadar
kezishni bas qil. U senga bolalar tug'ib beradi.
Shunda sen bir yerda qo'nim topasan.
Hammayoq g'am-g'ussaga to'lib yotgan bu
dunyoni kezishda nima ma'no bor? Menga
ishonaver. Hech qayerdan biron yangilik topa
olmaysan. Menikiga turli tomonlardan turli
odamlar kelib ketishadi. Ozroq sharob ichib
olsalar, bas, o'sha bir xil narsalar haqida gapira
boshlaydilar. Odamlar hamma yoqda bir xil.
O'sha ovqat, o'sha suv, o'sha axlat.
- Men bulardan hech birini izlamayapman.
Men Xudo izlovchiman. Haqni izlayapman.
- U holda sen Uni noto'g'ri joydan izlayapsan, -
dedi kutilmaganda g'amgin bo'lib qolgan
xo'jayin. - Bizning yerlarga Xudo nazar
solmaydi! Bizga Uning qachon bo'lmasin bu
yerlarga qaytishi ham dargumon.
- Buni eshitar ekanman, mening yuragim
uvishib ketdi.
- Xudo haqida yomon gapirish, odamning o'zi
haqida yomon gapirishi bilan barobar, - dedim
men.
Karvonsaroy egasi masxaraomuz g'alati iljaydi.
Men uning yuzida alam isyon va bolalarga xos
arazga o'xshash nimadir borligini ko'rdim.
- Axir Xudo men sizlarga bo'yningizdagi qon
tomiringizdan ham yaqinroqman demaganmi? -
so'radim men.
- Xudo uzoq osmonlarda emas. U har
birimizning o'z ichimizda. Shuning uchun U
bizlarni hech qachon tark etmaydi.
- Lekin U bizni tashlab qo'yadi ham, - dedi
xo'jayin sovuq va kishining jig'iga tegadigan
nigoh bilan qararkan. - Biz azob
chekayotganimizni ko'rib turib ham pinagini
buzmasa, Uning borligi haqida nima deyish
mumkin?
- Birodar, eng birinchi qoida shudir, - dedim
men uning arzu e'tiroziga javoban. - Biz
Xudoni o'zimizning aynan akslanishimiz deb
bilamiz. Agar Xudo bizga haddan ziyod ko’p
qo'rquv va aybdorlik haqidagi fikrlarni
yuklayotgan ekan, bu bizning o'zimizda
qo'rquv va aybdorlik juda ko'pligini bildiradi.
Agar Xudo bizga mehr va yupanch berayapti,
deb o'ylasak, bu biz o'zimiz mehr va yupanch
ulashmoqqa tayyorligimizni bildiradi.
Xo'jayin shoshib e'tiroz bildirganiga qaramay,
u mening gaplarimdan hayron bo'lganini
tushundim.
- Bundan chiqadiki, Xudoning so'zlaridan
boshqa hammasi o'zimizning tasavvurimizda
tug'ilar ekan-da? Tushunmadim.
Lekin men unga javob berishga ulgurmadim,
chunki mehmonxonaning narigi tomonidan
qattiq janjal ovozlari kela boshladi...
Biz o'girilib qaraganimizda u tomonda
ko'rinishi uncha yaxshi bo'lmagan ikki kishini
ko'rdik. Ular g'irt mast edilar, so'kinishar va
mehmonxonadagilarning tinchini buzayotgan
edilar. Boshqalarning idishlaridagi go'sht
bo'laklarni olib yeyishar, qadaxlaridagi mayni
ichishar, unga qarshilik ko'rsatishga
uringanlarni esa masxara qilib bezbetlarcha
kular edilar.
- Bunga chek qo'yish payti keldi, shekilli, nima
deysan? - dedi karvonsaroy egasi lablarini qisib
gapirarkan.
U bir zumda narigi tomonda paydo bo'ldi,
piyonistalardan birini mahkam tutib, stoldan
turg'azdi va yuziga shapaloq tortdi. U buni
kutmagani uchun xuddi bo'sh qopday stoldan
polga ag'darilib tushdi.
Ikkinchi piyonista baquvvatroq chiqdi. Rosa
qarshilik ko'rsatdi, lekin ko'p o'tmay u ham
tinchidi. U bu mijozining ko'kragiga tushirdi,
keyin panjasini og'ir etigi bilan qattiq bostirib
turdi. Suyaklarning singan tovushi chiqdi.
- To'xta! - baqirdim men. – O’ldirib qo'yasan.
Shuni xohlaysanmi?
Men so'fiy sifatida inson hayotini himoya
qilishga ont ichganman. Bu dunyoda bo'lar-
bo'lmasga (besabab) ham mushtlashib ketishga
tayyor turadigan odamlar ko’p; boshqalari esa
bunga sabablari bor odamlar. Lekin so'fiy,
sababli bo'lsa hamki, mushtlasha olmaydi.
Mening ham zo'ravonlikka qarshi zo'ravonlik
bilan javob berishga haqqim yo'q. Lekin
xo'jayinga tashlanib, uni to'xtatishim mumkin.
- Nari tur, darvish, bo'lmasa, miyangni qoqib
olaman! - baqirdi xo'jayin; lekin ikkimiz ham
uning bunday qilmasligini bilardik.
Bir daqiqadan keyin xizmatchilar ikkala
piyonistani o'rnidan turg'azishdi, ulardan
birining barmoqlari singan, ikkinchisining esa
burni singan edi; yer ham, ikkalasining usti-
boshi ham rosa qon- ga belangan edi.
Mehmonxonaning bu katta xonasiga
qo'rqinchli jimlik cho'kdi. Shu tariqa
ijarachilarga qo'rqinch hissini singdirganidan
g'ururlangan xo'jayin menga ko'z qirini
tashladi. U yana gapira boshlaganida bu gaplar
butun mehmonxonadagilar uchun ham
mo'ljallab aytilayotganday edi va ovozida
g'urur jaranglar edi:
- Agar bilsang, darvish, menda har doim
bunday bo'lmaydi. Men mushtlashishni xush
ko'rmayman, lekin goho shunday qilishga
to'g'ri keladi. Xudo o'zining oddiy bandalarini
unutgan chog'da adolatni o'z qo'llarimiz bilan
himoya qilishimiz ham kerak bo'ladi. Sen
qachon U bilan gaplashsang, Unga shuni
shama qilgin: agar U o'zining qo'yday yuvosh
bandalarini himoyasiz qoldirsa, ular ham
kimdir kelib, so'yib ketishlarini kutib o'tirmas
ekanlar, deb ayt. Ular o'zlari bo'riga aylanar
ekanlar degin.
Men elkalarimni qisdim-da eshik tomonga
yo'naldim.
- Sen xato qilayapsan, - dedim unga.
- Nimasi xato buning? Qo'y bo'lib, endi bo'riga
aylanganimmi?
- Yo'q, gap bunda emas. Sen chindan ham
bo'riga aylangansan. Lekin qilayotgan ishingni
adolat deb atab xato qilayapsan.
- Shoshma, men hali sen bilan gaplashib
bo'lmadim! - baqirdi u ortimdan.
Sen mendan qarzdorsan. Ovqating va yotar
joying haqi uchun tushlarim ta'birini aytib
berishni va'da qilgan eding.
- Men bundan ortiqrog'ini qilaman, - taklif
qildim men. - Kaftingga qarab turib,
bilganlarimni aytib beraman.
Men ortga o'girildim va mehmonxona
egasining chaqnab turgan ko'zlariga tik
qaragancha, u tomonga tikka yurib keldim.
U ishonqiramay, beixtiyor o'zini chetga oldi.
Shunga qaramasdan o'ng qo'lidan tutdim va
kaftini tepaga qaratib ochdim, u meni itarib
tashlamadi. Kaftidagi
- chuqur, notekis, taqvosiz hayotdan darak
beruvchi chiziqlarni o'rgana boshladim. Sekin-
asta uning aurasidagi zangga yaqin jigarrangni
va deyarli kulrangga yaqin och havoranglarni
ilg'ay boshladim. Uning ruhiy quvvati ancha
kamaygan va zaiflashib qolgan, tashqi dunyo
bilan kurashishga boshqa kuchi yetmay
qolayotganday edi. Bu odam o'z ichki
dunyosida misoli qurib qolgan o'simlik kabi
notirik edi.
Ichki dunyosini boy bergach, u jismoniy
kuchini ikki barobar oshirgan, bundan ko'p
foydalana boshlagan edi.
Shu tobda mening yuragim tez-tez ura
boshladi, chuyki nimanidir ko'ra boshlagan
edim. Manzara tobora oydinlasha borar edi.
Qizg'ish-qo'ng'ir sochli va yalangoyoqlarining
terisi ostiga naqsh (tatuirovka) chizilgan,
yelkasiga guldor shol ro'mol tashlab olgan yosh
ayol.
- Sen sevgilingdan judo bo'lgansan, - dedim
men va uning chap qo'lini oldim.
Ko'kraklari sutga to'lgan, qorni esa shunday
tarangki, yana biroz kattalashsa - yorilib
ketguday. U yonayotgan kulba ichida bo'lgan.
Atrofda kumush yugur- tirilgan egarlar bilan
egarlangan otlarni mingan jangchilar.
Yonayotgan odam go'shti hidi kelayotgan og'ir
havo. Otliqlarning burunlari keng va yassi,
bo'yinlari kalta va yo'g'on, yuraklari esa
toshdan qattiq. Chingizxonning qudratli
qo'shini.
- Sen biryo'la ikki sevimli odamingdan judo
bo'libsan, - gapimni tuzatdim men. - Xotining
birinchi bolangga yukli bo'lgan ekan.
Karvonsaroy egasi o'zining charm etigidan
ko'zlarini uzmagan holda, qoshlarini
qansharida tutashtirdi, keyin lablarini qattiq
qimtidi, yuzi ma'nosiz tus oldi. Shu bir daqiqa
ichida u ko'p yillarga qarib qolganday edi.
- Hozir aytadigan gaplarim balki seni
yupatmasa ham kerak, lekin sen bularni
bilishing kerak deb o'ylayman, - dedim men. -
U olovdan ham, tutundan ham o'lmagan.
Shiftdagi taxta boshiga tushib ketgan. U shu
zahoti, og'riqni his etmayoq o'lgan. Sen
hamisha uni qattiq azob chekkan deb o'ylab
kelgansan, aslida esa bunday bo'lmagan.
Xo'jayin bamisoli ko'rinmas og'ir yuk ostida
qolganday bukchaydi.
- Sen qanday bilding? - g'ijirlab so'radi u.
Men uning bu savoliga javob berib o'tirmadim.
- Sen uni urf-odatga ko'ra dafn qila olmaganing
uchun o'zingni ayblab kelgansan. Sen hamon
tushlaringda uning ko'milgan chuqurdan
emaklab chiqayotgani ko'rasan. Bular
tafakkuring o'yinlari. Aslida esa xotining va
o'g'lingni ahvoli yomon emas, ular nur
parchalari kabi abadiyat bag'rida sayohat qilib
yurishipti
- Keyin har bir so'zimni chertib-chertib shuni
ham qo'shib ko'ydim. - Sen endi qaytadan
qo'yga aylanishing mumkin, chunki sening
qalbing o'zi shunday.
Mening gaplarimni eshitib bo'lgach, xo'jayin
qo'lini tovada kuydirib olgandek, shoshilinch
tortib oldi.
- Darvish, sen menga yoqmading. Buguncha bu
yerda qolasan, lekin ertaga men sening
qorangni ham ko'rmay. Seni ko'rarga ko'zim
yo'q.
Hamisha shunday bo'ladi. Haqiqatni aytsang,
seni yomon ko'rishadi. Ishq haqida qancha ko'p
gapirsang, sendan shuncha qattiq
nafratlanishadi...
Ella
Dostları ilə paylaş: |